2016 YIL YAKUNLARIGA BAG‘ISHLANGAN YIG‘ILISH
2017 yil 18 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligida 2016 yil yakunlari hamda 2017 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga oid yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda shahar va tuman bosh imom xatiblari hamda Samarqand shahar va Samarqand tuman masjid imom xatiblari ishtirok etdilar.
Dastlab viloyat bosh imom xatibi Nuriddinxon domla Islamov so‘zga chiqib, o‘tgan 2016 yil davomida viloyatda imom xatiblar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar xususida so‘z yuritdi. Namuna ko‘rsatib, samarali faoliyat yuritgan, masjid obodligi yo‘lida mehnat qilgan, yurt tinchligi, xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shgan imom xatiblarga alohida tashakkurlar bildirdi. Yangi yilda oldinda turgan vazifalar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida gapirib, imom xatiblarga bu borada ko‘rsatmalar, topshiriqlar berib o‘tdi. 2017 yilda oldingi yillardan ko‘ra ko‘proq ijobiy natijalarga, muvaffaqiyatlarga erishish kerakligini aytib, ushbu maqsad yo‘lida tinimsiz mehnat qilish lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Movarounnahr” nashriyoti direktori Abdul Jalil Xo‘jam ishtirok etib, 2016 yilda “Hidoyat” jo‘rnali va “Islom Nuri” gazetasiga obuna tashkil etishda namuna ko‘rsatgan imom xatiblarni maxsus tashakkurnoma bilan taqdirlab, esdalik sovg‘alarini ulashdi.
Tadbir so‘ngida imom xatiblarga 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida kerakli ko‘rsatmalar berildi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 19/01/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3739
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 17:47