O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xalqaro hamkorlik

Ulamolarimiz dunyoda o‘z mavqelarini namoyon qilmoqdalar

 
 

Ulamolarimiz dunyoda o‘z mavqelarini namoyon qilmoqdalar Ma'lumki, xalqimiz ko‘p asrlardan buyon islom ta'limoti rivojiga beqiyos hissa qo‘shib keladi. Bu haqiqatni butun musulmon dunyosi va jahon jamoatchiligi yaxshi biladi va tan oladi. Ko‘plab allomalar yetishib chiqqan zamindan shukrlar bo‘lsinkim, din olimlari davomiy bo‘lib kelmoqda. Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida Musulmon donishmandlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yurtimiz xalqi uchun ushbu yig‘ilishda yana bir tarixiy voqea sodir bo‘ldi. U ham bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu Kengashga qabul qilinganlari e'lon qilinganidir

Musulmon donishmandlari kengashi raisi, Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib janoblari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini ushbu nufuzli kengash a'zoligiga qabul qilish haqidagi qarorni o‘qib eshittirar ekan, o‘z so‘zida Markaziy Osiyo mintaqasida hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan ko‘plab ulamolar orasidan faqatgina O‘zbekiston muftiysi a'zo qilinganiga alohida urg‘u qaratgani e'tiborga molikdir. Yig‘ilishda ishtirok etayotgan dunyoning yetakchi va taniqli ulamolari ham Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarini Musulmon donishmandlar kengashiga qabul qilinganlari tarixiy voqea bo‘lganini ta'kidlab, yurtimizdagi diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlarni yuksak e'tirof etdilar. Muftiy hazratlarining ushbu kengashga qabul qilinishi yurtimiz musulmonlari hamda dinimiz manfaati yo‘lida olib borayotgan barcha mehnatlariga munosib e'tirof bo‘ldi. Bu ham o‘tgan davrda mamlkatimizda diniy-ma'rifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning xalqaro e'tirofi, xalqimizning Islom dini rivojiga qo‘shgan hissasi hamda Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Alloh taoloning fazli hamda yordami bilan 35 yildan ziyod vaqt mobaynida Islom dini ma'rifatini keng yoyish va mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta'minlashdagi sermahsul mehnatlari samarasidir. Yurtimizning jami aholisi qatori biz Samarqand ahli va viloyatdagi barcha diniy soha vakillarini ushbu xabar mamnun etdi. Alloh taologa shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz ulamolari yana dunyoda o‘z mavqelarini namoyon qilmoqdalar. Samarqandlik ulamo va ustozlar hamda barcha diniy soha vakillari nomidan ushbu mo‘tabar vazifa bilan muftiy hazratlarini qutlab, Alloh taolodan u kishiga Musulmon donishmandlar kengashi hamda dinimiz va musulmonlar xizmatidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar so‘raymiz.

Zayniddin domla Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili


Kiritilgan vaqti: 12/02/2024 10:12;   Ko‘rilganligi: 187
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/international-cooperation/ulamolarimiz-dunyoda-oz-mavqelarini-namoyon-qilmoqdalar
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 21:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing