O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xalqaro hamkorlik

Diniy idora ulamolari ishtirok etayotgan «Deklaratsiyalar muloqoti» forumi boshlandi

 
 

Bugun, 16 may kuni «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumi o‘z ishini boshladi. 20 mayga qadar davom etadigan forumda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mudarrislar hamda soha ekspertlari ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida deklatsiyalararo samarali muloqot o‘rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg‘or xorijiy tajriba namoyish etilmoqda.

O‘zA xabariga ko‘ra, poytaxtimizda boshlangan “Deklaratsiyalar muloqoti” forumining ochilish marosimida mamlakatimiz va xorijiy davlatlardan mutaxassislar mazkur anjumanning dolzarbligi xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev bugungi kunda xalqaro miqyosda turli xavf-xatar, tahdidlar avj olgan davrda mazkur forum o‘ta muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.

AQSH Global jalb qilish instituti vitse-prezidenti Jeyms Chen tadbir ishtirokchilarini qutlarkan, o‘z navbatida jahon hamjamiyatining din, e'tiqod yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan ilg‘or fikrli ekspertlarining Toshkentda to‘planishi, yuzaga chiqayotgan muammolarni bartaraf etishda mavjud kuch, imkoniyatlarni birlashtirishga xizmat qilishini qayd etdi. Shu bilan birga keyingi yillarda O‘zbekistonning ayni yo‘nalishda olib borayotgan amaliy sa'y-harakatlari dunyo miqyosida e'tirof etilayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Forum kun tartibi bir necha bosqichdan iborat. Dasturning birinchi qismiga ko‘ra, 16-17 may kunlari Toshkentda ko‘p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini ta'minlash, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkaziladi.

18 may kuni Samarqand shahriga tanishuv sayohatini tashkil etish ko‘zda tutilgan ikkinchi qismda xorijiy delegatsiyalar mamlakatimizdagi eng qadimiy shaharlardan birining madaniy merosi bilan tanishadilar, turli konfessiyalar diniy maskanlariga tashrif buyurib, yurtimizning tarixiy poytaxti bo‘lmish Samarqanddagi diniy hamjamiyat vakillari bilan uchrashadilar.

Forum 19 may kuni Buxoro shahrida “Deklaratsiyalar muloqoti” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan o‘z ishini yakunlaydi. Tadbirda ilmiy-amaliy seminarlar sarhisob qilinadi, e'tiqod erkinligi va dinlararo muloqotni ta'minlash masalasi bo‘yicha fikr almashiladi, kelgusi hamkorlik istiqboli belgilanadi.

Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinadi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni to‘ldiradigan ushbu hujjat O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qo‘shadigan muhim hissasi bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 17/05/2022 09:51;   Ko‘rilganligi: 591
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/international-cooperation/diniy-idora-ulamolari-ishtirok-etayotgan-deklaratsiyalar-muloqoti-forumi-boshlandi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 13:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing