O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Yana bir xayrli tadbir o‘tkazildi

 
 

O‘zbek xalqi azaldan ehtiyojmand oilalar, boquvchisini yo‘qotgan bolalarning boshini silab, ularga bag‘ridan joy bergani tarixdan ma'lum. Urush yillari front maydonlaridan ko‘chirib keltirilgan qariyb 1 million kishi yurtimizdan qo‘nim topdi. Ularning 200 mingi bolalar bo‘lib, o‘zbek oilalari quchoq ochib ularni o‘z tarbiyasiga oldi.

Ana shu ezgu amallarning uzviy davomi sifatida 2000 yilda SOS bolalar mahallalari O‘zbekiston uyushmasi tashkil etildi. Tuzilma ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va ana shu xavf ostida qolgan bolalarning ijtimoiy himoyasi bilan shug‘ullanadi. Hozir Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlarida shunday mahallalar mavjud.

SOS bolalar mahallasi Samarqand filialida boquvchisini yo‘qotgan, chin yetim o‘g‘il-qizlar tarbiyalanadi. Ular uchun bu yerda haqiqiy oila sharoiti yaratilib, bola o‘zini barcha tengqurlari qatori baxtli his etadi. 16 yoshgacha bolalar SOS oilada tarbiyalanganidan so‘ng, yoshlar uyida 20 yoshgacha istiqomat qilishi mumkin.

Tarbiyalanuvchilarga tez-tez homiylik yordami ko‘rsatiladi. Ana shunday xayrli ishlardan yana biri Samarqand shahar “Murod Avliyo” jome masjidi imom xatibi Faxriddin Xusenov tashabbusi bilan amalga oshirildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat filiali hamda homiylar ko‘magida SOS bolalar mahallasida istiqomat qilayotgan bolalar uchun televizor, gaz plitasi, 6 dona futbol to‘plari, shirinlik va har xil yaxna ichimliklar kabi jami 4 000 000 so‘mlik sovg‘alar ehson qilindi. Imom xatib F.Xusenov bolalarni muborak Ramazon oyi bilan qutlab, ilm saboqlarini puxta egallash, yuksak odob va axloq sohibilari bo‘lish, kelajakda yetuk kishilar bo‘lib, xalqmimizga manfaatli insonlar bo‘lishlariga tilak bildirdi.

Bundan tashqari “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali hamda filial tasarrufidagi “Murod Avliyo” masjid ziyoratgohi tomonidan aholining kam ta'minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalariga moddiy ko‘mak berib kelinmoqda. Ularning xonadonlarida bo‘lib, hollaridan xabar olinmoqda

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 21/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1769
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/yana-bir-xayrli-tadbir-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 06:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing