XO‘JA IS'HOQ VALIY JOME MASJIDI TOMONIDAN BAYRAM SOVG‘ALARI TARQATILDI
Muborak Ramazoni sharif oyi va Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan Samarqand shahar “Xo‘ja Is'hoq Valiy” jome masjidi imom xatibi Yoqubjon Mansurov hamda masjid jamoasi ehsonparvar kishilar ko‘magida bayram sovg‘alari ulashdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Shu munosabat bilan harakat-tayanch a'zolarida nuqsoni bor, nutq, eshitish va ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlar bilan diniy ma'rifiy uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda. Ular bilan o‘tkazilgan muloqotlar davomida so‘nggi yillarda eshitish va so‘zlashishda nuqsoni bor fuqarolar orasida missionerlik holatlari kuzatilayotgani, mazkur shaxslar islom dinining sof ta'limotlari bilan tanishishga katta ehtiyoj sezayotgani ma'lum bo‘lmoqda.
Imkoniyati cheklangan insonlar orasida kuzatilayotgan missionerlik kabi salbiy holatlarning oldini olish, ularga ma'rifiy islom ta'limoti haqida to‘g‘ri ma'lumot berish hamda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ezgu tashabbuslarni yetkazish maqsadida, ular bilan diniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazilib, kam ta'minlangan, ehtiyojmandlariga moddiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Samarqand shahar va tumanlarda yashovchi eshitish va so‘zlashishda nuqsoni bor va kam ta'minlangan fuqarolarga 16 dona jami 20 800 000 so‘mlik muzlatgichlar sovg‘a qilindi.
Har haftaning dushanba kunlari eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan insonlar bilan Samarqand shahar “Xo‘ja Is'hoq Valiy” jome masjidida ma'rifiy islom ta'limoti haqida suhbat o‘tkazilib kelmoqda. Ana shunday uchrashuvlarning navbatdagisida har bir ishtirokchiga “Iymon kalimalari” plakati hadya etildi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 04/06/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1731
Chop etilgan vaqti: 11/12/2024 23:03