Talabalar Diniy idora faoliyati bilan tanishdi
Butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarida ham zamonaviy ta'lim-tarbiya usullari tobora rivojlanib bormoqda, xususan, nazariya bilan amaliyotni uyg‘un holda olib borish vaqt sinovidan o‘tgan uslub sanaladi.
Ayni maqsadda bugun, 6 iyun kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining birinchi kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasiga kelib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab Diniy idora raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov talaba-yoshlar bilan samimiy suhbat qurdi. Unda “Hazrati Imom” majmuasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati haqida ma'lumot berildi.
Zayniddin domla o‘z so‘zi davomida Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti – AYSESKO (ISESCO) tomonidan Toshkent shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb e'lon qilingani munosabati bilan "Hazrati Imom" majmuasi zamonaviy qilib yangidan barpo etilgani, yaqinda mamlakatimizda bo‘lgan ICESCO bosh direktori Salim al-Malik O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrifi chog‘ida 2025 yilda Samarqand shahri Islom madaniyati poytaxti degan yuksak maqomga ega bo‘lgani haqidagi xushxabarni yetkazdi.
Shuningdek, “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” degan hikmatli so‘zni aytib, talaba-yoshlar haqqiga doimo o‘qib-o‘rganishdan tolmasliklarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Tanishuv asnosida Diniy idora mutaxassislari tomonidan talaba-yoshlarga har bir bo‘lim faoliyati haqida batafsil ma'lumot berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 06/06/2024 15:41; Ko‘rilganligi: 371
Chop etilgan vaqti: 25/04/2025 22:57