O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Shukronalik – ne'matni ziyoda qiladi

 
 

Alloh taologa hamdu sanolarimiz bo‘lsinki, islomning besh ruknidan biri bo‘lgan haj ibodatini ado etdik. Bu yilgi haj mavsumi va unga tayyorgarlik yuqori darajada amalga oshirildi.

Samarqand viloyatidan jami 950 nafar ziyoratchilar Samarqand shahrida ko‘tarinki kayfiyatda kuzatildi. Bo‘lajak hojilarimiz Samarqand shahridan to‘g‘ri Madinaga parvoz qildilar. Bu ham safar qiluvchilar uchun ancha yengillik edi. Madina shahridagi Masjidi nabaviyga yaqin barcha sharoitlarga ega mehmonxonalarga joylashgan ziyoratchilarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida ibodat qilib, ravzai muborakni ziyorat qildilar. Madina va uning atrofidagi tabarruk maskanlarda bo‘ldilar. Hajning asosiy arkonlari bajariladigan Makka shahriga ko‘chib o‘tgan ziyoratchilar uchun bu joyda ham har tomonlama qulay mehmonxonalar hozirlangan edi. Madinadan ehrom bog‘lab yo‘lga chiqqan hojilar talbiya aytgan holda Makkaga kirib keldilar va dastlab umra ibodatini amalga oshirdilar. Haj kunlari boshlanganga qadar muftiy hazratlari boshchiligida ulamolar va guruh rahbarlari bo‘lg‘usi hojilarga haj va uning arkonlari haqida batafsil tushunchalar berib bordi. Yurtimizdan borgan ziyoratchilar o‘zlari uchun hozirlangan sharoitlar, mutasaddilarning xizmatlaridan mamnun bo‘ldilar. Ayniqsa, yurtboshimizning muftiy hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarning ahvollari, kayfiyatlari va sharoitlari bilan qiziqqani barchani birdek xursand qildi. Ushbu suhbat jarayonida oldinga surilgan masala va takliflardan xabardor bo‘lgan hojilar o‘zlarining oldilariga yuksak maqsad va vazifalarni belgilab olishdi. Vatanga qaytganlaridan so‘ng mahalla ahlini shukronalik tuyg‘ulari bilan yashashlikka, yoshlarni adashmaslikka, ilm va kasb egallashlarida da'vatchi bo‘lishga ahd qildilar. Shuningdek, Prezidentimizning butun O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Qurbon hayiti tabrigi yana ham ko‘ngillarga shodlik ulashdi.

Ushbu safardan ko‘zlangan asosiy maqsad bo‘lmish haj ibodati bekamuko‘st ado etildi. Yurtimiz, xossatan viloyatimizdan borgan har bir hoji haj amallarini to‘liq va mukammal ado etdi. Chunki, hukumatlararo kelishuv va ikki mamlakatning haj ishlari bo‘yicha mas'ullarining kelishuvi asosida haj amallari bajariladigan Mino, Arofot, Muzdalifa mavzelarida yaratilgan sharoitlar a'lo darajada edi.  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, rahbarlar, ishchi guruh, malakali guruh rahbarlari va boshqa xizmatchilar ko‘magi bilan qiynchiliksiz amallar o‘z vaqtida bajarilganidan har bir hojimiz rozi bo‘lmoqda. Shu o‘rinda bir misol keltirmoqchiman. Biz bilan birga qariyib to‘qson yoshni qoralagan nuroniy Ahtam bobo ham o‘z ibodatlarini bajardi. Yoshlari ulug‘ bo‘lishiga qaramay qiyinchiliklarga duch kelmagan otaxon ota bobolari orzu qilib o‘tgan haj amalini bajargani uchun Alloh taologa shukrlar izhor qildilar. Shu bilan birga barcha shroitlarni muhayyo qilgan davlat rahbari va mutsaddilarga rahmatlar aytdilar.

Mana haj amallari ham ado etildi. Men o‘z nomimdan va barcha samarqandlik hojilar nomidan haj ishlarini tashkillashtirishdagi imkoniyatlar uchun mutsaddilarga minnatdorchiligimini izhor qilaman.

Shu o‘rinda hojilarimizni kutib turgan yaqinlariga ularni kutib olishda dabdabozlik va riyo amallardan saqlanishga chaqirib qolaman. Ular uchun katta ziyofatlar uyushtirib, manmanlik va xo‘jamko‘rsinlikka qo‘l urib qo‘yishlaridan ehtiyot bo‘lishlarini eslatib o‘tmoqchiman. Haj bu Alloh taolo buyurgan farz amaldir. U Allohning rozilig uchun amalga oshiriladi. Bir farzni bajargach uchun uni e'lon qilish shartemas. Uning o‘rniga ushbu marakalar uchun ketadigan xarajatlarni muhtojlarga hadya qilinsa bu katta savobdir.

Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh uchun Haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi”, dedilar”.

Ilohim, Alloh taolo barcha hojilardan amallarini qabul aylasin. Hajlarini qabul hajlardan qilsin.

Yoqubjon domla Mansurov

Samarqand viloyat bosh imom xatibi v.v.b.

Makka shahri


Kiritilgan vaqti: 20/06/2024 13:31;   Ko‘rilganligi: 115
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/shukronalik-nematni-ziyoda-qiladi
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 19:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing