Samarqandda diniy-ma'naviy xizmat qilgan zotlarga hurmat va e'tirof tadbiri o‘tkazildi
Samarqand viloyatida Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy ruhda, ibrat va hurmat asosida katta tadbir tashkil etildi. Ushbu xayrli tashabbusga Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov boshchilik qildi.
Tadbir Samarqand viloyatida uzoq yillar davomida diniy-ma'rifiy sohada sidqidildan xizmat qilib, bugungi kunda oramizda yo‘q marhum ulamolarning xotirasini yod etish, hamda hozirda hayot bo‘lgan faxriy ustozlarga ehtirom ko‘rsatish maqsadida uyushtirildi.
Dastlab, viloyatning turli tumanlaridan tashrif buyurgan faxriy imom-xatiblar, ustozlar va jamoat vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, unda marhum ulamolarning xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirishdagi ulug‘ xizmatlari haqida fikrlar bildirildi. Xotiralar tinglandi va samimiy duolar ila ular ruhi shod etildi.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan Qur'on tilovati va maxsus duolar qilindi. Tadbir so‘ngida osh dasturxoni yozilib, marhumlarning ruhiga bag‘ishlandi.
Faxriy ustozlar e'tibordan chetda qolmadi. Ularga minnatdorlik ramzi sifatida esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu ezgu ish ustoz va ulamolarga bo‘lgan ehtirom va sadoqatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov o‘z nutqida bunday tadbirlarning ahamiyati haqida to‘xtalib, yangi avlodni milliy va diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda, o‘tganlarni eslash va borlarga qadr bilan munosabatda bo‘lishning muhim ekanini ta'kidladi.
Bu kabi tadbirlar kelajak avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib, islom ma'naviyatining insonparvarlik va hurmatga asoslangan tamoyillarini amalda namoyon etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 07/05/2025 16:10; Ko‘rilganligi: 204
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:49