O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Samarqand viloyatidagi 288 nafar imom-xatiblar bilan ma'rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

 
 

Shu yil 14 sentyabr kuni Hadis oliy maktabi zalida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 288 nafar imom-xatiblar bilan ma'rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda viloyat hokimi o‘rinbosari B.Qodirov, DIQ ning viloyat bosh mutaxassisi S.Boymurodov, viloyat bosh imom-xatibi v.v.b Yo.Mansurov, Imom buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Sh.Ziyodov viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari X.Sattarov va Hadis oliy maktabi rektori O.Yusupovlar ishtirok etdilar.

Tadbirda imom-xatibning fazilatlarini bayon etish barobarida imom-xatib ilmli, taqvoli va odobli bo‘lishi, nasihatga avvalo o‘zi amal qilishi, voqelikdan xabardor bo‘lishi, doimo maslahat bilan ish tutishi, yurish-turishda ommaga ibrat bo‘lishi, minbar va mehrob omonatini chuqur his etishi, o‘ziga doimo tanqidiy baho berishi va fitnalarning oldini olishi hamda yoshi ulug‘lar, ahli ilmlarni hurmat qilishi kabi sifatlar haqida Qur'on, sunnat va hikmatlarda kelgan muhim tavsiyalarni berib o‘tdilar.

Shuningdek, imom-xatib din xizmatchisi bo‘lish bilan birga, jamiyatdagi islohotlarning faol targ‘ibotchisi sifatida ham zamon bilan hamnafas bo‘lishi, shu bois ham, imom-xatib muntazam o‘z ustida ishlashi, bilim va malakalarini sayqallab borishini alohida qayd etdilar.

Muloqotda so‘zga chiqqan notiqlar imom-xatiblar yon-atrofdagi voqea-hodisalardan boxabar bo‘lishi, media makon odoblari, nutq madaniyatiga rioya etishi, yoshlar ta'lim-tarbiyasiga katta e'tibor qaratishi, ularni zararli ta'sirlardan asrashi, ne'matlarga shukrona hissini o‘rgatishi, oilaviy ajrimlarning oldini olishga katta urg‘u qaratishi kabi muhim jihatlarga alohida e'tibor qaratdilar.

Shuningdek, mo‘min-musulmonlarga berilayotgan imkoniyatlar kun sayin yaxshilanib borayotgani, masjidlardagi sharoitlar havas qiladigan darajada bo‘layotgani hamda Qur'on va tajvid kurslari faoliyati kengayayotgani to‘g‘risida muloqotda qayd etib o‘tildi.

Hududlardagi imom-xatiblar muloqotda aytilgan tavsiyalar, nasihatlar va topshiriqlar manfaatli bo‘lganini bildirish barobarida tashkil etilgan mazkur kasb-mahoratni oshirish mashg‘ulotlari juda ham foydali bo‘lgani, ish faoliyatda dasturil amal bo‘lishini e'tirof qilishdi.

Uchrashuv samimiy va ishchan ruhda o‘tdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi

Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 14/09/2023 16:17;   Ko‘rilganligi: 189
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/samarqand-viloyatidagi-288-nafar-imom-xatiblar-bilan-marifiy-uchrashuv-bolib-otdi
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 10:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing