O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Oncha borki Ka'ba vayron bo‘lsa obod aylagay

 
 

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borki Ka'ba vayron bo‘lsa obod aylagay.

Alisher Navoiy

Ko‘ngli siniq, mehrga muhtojlarga yaxshilik qilishda xayri baraka bor. Ko‘makka ehtiyojlilarga yaxshi qarash har bir jamiyatdagi ijtimoiy tenglikning muhim omillaridan biridir. Shuning uchun ham Islomda bu masalaga alohida e'tibor berilgan. Qur'oni Karimda ushbu masala bo‘yicha bir qancha oyatlar kelgan, jumladan, Baqara surasida: “Sendan yetimlar haqida so‘rarlar. Sen: Ularga isloh qilish yaxshidir”, – deb ayt...”, An'om surasida: “Yetimlarning moliga yaqin kelmang...”; deyilgan bo‘lsa, boshqa bir surada: “Albatta, yetimlarning molini zulm ila yeyuvchilar qorinlariga olovdan boshqani yemaydilar va tezda do‘zaxga kiradilar”, deyilgan.

Yetimlarga yordam berish nihoyatda savobli amal. Ularga taom, kiyim-kechak, ta'lim va tarbiya berish o‘ziga to‘qlarning zimmasidagi burchdir. Shunday qilinsa, yetim jamiyat uchun foydali shaxs bo‘lib yetishadi.

Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Men va yetimning kafili jannatda mana bundoqmiz”, deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini birlashtirib ko‘rsatdilar”. To‘rtovlari rivoyat qilgan.

Agar yetimlarga beparvo qaralsa, kamsitilsa, razolat va jinoyat ko‘chasiga kirib, o‘zi yashayotgan jamiyatga faqat zarar keltiruvchi shaxsga aylanadi.

Mana shunday fazilatli kunlarda ko‘ngli o‘ksik bolajonlarga quvonch ulashish maqsadida Samarqand shahar “Xo‘ja abdu Darun” jome masjidi imom xatibi Z. Mahmudov masjid jamoasi va ehsonparvar kishilar hamkorligida Samarqand shahridagi 1-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari holidan xabar oldi. Ularni muborak ayyom – Ramazoni sharif bilan qutlab, haqlariga duoi xayrlar qildi. Shundan so‘ng mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga har xil shirinlik va yeguliklar ulashildi hamda ularning kelajakda muvaffaqiyat va saodat eshiklarini ochilishiga, madaniy va axloqiy saviyasini yuqoriga ko‘tarilishiga xizmat qiluvchi ikki yuzdan ziyod o‘n turdagi ilmiy-badiiy kitoblar mehribonlik uyi kutubxonasiga sovg‘a qilindi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 10/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1244
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/oncha-borki-kaba-vayron-bolsa-obod-aylagay
Chop etilgan vaqti: 25/09/2021 17:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing