Navbatdagi sayyor yig‘ilish Tayloq tumanida o‘tkazildi.
Bugun, 2024 yil 3 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan navbatdagi sayyor yig‘ilish Tayloq tumanida o‘tkazildi. Tadbirlar oldidan viloyat vakilligi xodimi X.Temirov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o‘zining kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi. Shundan so‘ng, tumandagi “Sadaqayrag‘och” jome masjidi hududidagi bo‘sh yer maydonida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tadbir tashkil qilinib, 100 dan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng, Xasan domla Temirov Tayloq tumani bosh imom-xatibi B.Narzullayev hamrohligida tuman markazidagi “Tayloq ota” jome masjidi hududidagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi. Qolgan bosh imom-xatiblar ham taqsimot asosida tumandagi 20 ta masjid imom-xatiblari hamda 2023-2024 yillarda Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida 20 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining nogironligi bor, IHM, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Tayloq tumanidagi 20 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Qo‘shnichilik odoblari va haqlari”, “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”, “Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va boshqa bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar.
Viloyat vakilligi xodimi Hasan domla Temirov Tayloq tumani bosh imom-xatibi B.Narzullayev bilan birgalikda Tayloq tumanidagi “Tayloq ota” jome masjidida tumanda rasmiy faoliyat olib borayotgan mahalla mullolari va otinoyilar bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, aholi orasida keng tarqalayotgan bid'at xurofotlarni to‘xtatishda qilinishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar, aholi bilan yaqindan ishlash, faoliyatlariga mas'uliyat bilan yondashish va shu kabi masalalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi. Shundan so‘ng, Hasan domla “Tayloq ota” jome masjidida jamoat bilan birga Peshin namozini ado etdi. Namozdan so‘ng, Urgut tumani bosh imom-xatibi Abdug‘ani domla Hasanov jamoatga “Allohning ne'matlariga shukronalik” mavzusida mazmunli ma'ruza qilib berdi.
Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Tayloq tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat vakilligi mutaxassisi Hasan domla Temirov va Tayloq tumani bosh imom-xatibi B.Narzullayevlar bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, Qish mavsumiga barcha masjidldarni tayyorlash va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 03/12/2024 20:24; Ko‘rilganligi: 193
Chop etilgan vaqti: 27/03/2025 06:26