O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Navbatdagi sayyor yig‘ilish Samarqand shahrida o‘tkazildi

 
 

Bugun, 2024 yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan navbatdagi sayyor yig‘ilish Samarqand shahrida o‘tkazildi. Tadbirlar oldidan viloyat vakilligi xodimi X.Temirov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o‘zining kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi.

Mazkur tadbirlardan so‘ng, Xasan domla Temirov Samarqand shahar bosh imom-xatibi Z.Mahmudov hamrohligida shahar markazidagi “Xo‘ja Abdu Darun” jome masjidi hududidagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.

Shundan so‘ng, Samarqand shahrida joylashgan 59-son ko‘zi ojizlar maktab internatiga borib, u joyda tarbiyalanayotgan o‘quvchi yoshlar bilan suhbat o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida Z.Mahmudov inson qadr-qimmatining Alloh taoloning nazdida naqadar ulug‘ ekanligi, yoshlik davrining qadri to‘g‘risida oyati karima va hadisi shariflardan namunalar keltirib ma'ruza qilib berdi. Shuningdek, “Samarqand viloyat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi”da ham tadbir tashkil qilindi. Mazkur maskandagi 45 nafar ko‘ngli o‘ksik nuroniy otaxon va onaxonlar  bilan dildan syhbatlashildi.

Suhbatdan ko‘ngillari shodlikka to‘lgan nuroniylar avvalo bunday suhbatlarga sababchi va bosh bo‘lib turgan hurmatli Yurtboshimizga hamda diniy soha xodimlari xususan Samarqand viloyati imom-xatibligiga chin dildan minnatdorchiligini izhor qildilar hamda xalqimiz va rahbarlarimiz haqqiga doim duoda ekanliklarini ko‘zlarida yosh bilan tilga oldilar.

Qolgan bosh imom-xatiblar ham taqsimot asosida shahardagi 23 ta masjid imom-xatiblari hamda 2023-2024 yillarda Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida 30 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining 150 dan ziyod nogironligi bor, IHM, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Samarqand shahridagi 23 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Qo‘shnichilik odoblari va haqlari”, “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”“Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va boshqa bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar.

Shundan so‘ng, Hasan domla “Xo‘ja Abdu Darun” jome masjidida jamoat bilan birga Peshin namozini ado etdi. Namozdan so‘ng, Pastdarg‘om tumani “Beshnayman” jome masjidi imom-xatibi A'zamxon domla Rasulov jamoatga “Allohning ne'matlariga shukronalik” mavzusida mazmunli ma'ruza qilib berdi.

Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Samarqand shahridagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov va Samarqand shahar bosh imom-xatibi Z.Mahmudovlar bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, muborak Ramazon oyiga barcha masjidlarni tayyorlash va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.

Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 28/01/2025 19:30;   Ko‘rilganligi: 189
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/navbatdagi-sayyor-yigilish-samarqand-shahrida-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 27/03/2025 05:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing