O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Navbatdagi sayyor uchrashuv Kattaqo‘rg‘on shahrida tashkil etildi!

 
 

Bugun, 2023 yil 13 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan va albatta viloyat hokimligining jamoat hamda diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘limi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyatdagi hamda uning joylardagi bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil qilingan navbatdagi sayyor yig‘ilish Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazildi.

Shahardagi mavjud 5 ta masjid imom-xatiblari va noiblari, mahalla mullalari hamda hamkor tashkilot mas'ullarining hamrohligida viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom xatiblari shahardagi 20 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, IHM va shu kabi toifadagi oilalarga tashrif buyurdi. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar va ularning oila a'zolari bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Kattaqo‘rg‘on shahridagi 5 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Sabrning ajri ulug‘”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborli bo‘laylik”, “Shukr qilish fazilati”, “Yoshlikni g‘animat biling”, “Fitnalarga berilmaylik”, “Tinchlikning qadriga yeting”, “Silai rahmning fazilatlari”, “Bid'atlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ota-onaga yaxshilik qilish ulug‘ savob”, “Internetdan foydalanish odoblari”, “Yot g‘oyalarga aldanmang”, “Ilm olishning fazilatlari” va boshqa bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.

Ushbu tadbirlar davomida umumiy o‘rganilgan xonadonlar va o‘tkazilgan uchrashuvlar soni quyidagilarni tashkil qildi:

  • Imom-xatiblar tashrif buyurgan mahallalar soni: 20 ta. Shundan 10 tasida muammolar borligi aniqlandi va barchasi ijroga yo‘naltirildi;
  • Kam ta'minlangan oilalarga tashrif: 100 ta. Barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi.
  • Nogironligi bor va kasalmand 3 nafar fuqarolar holidan xabar olindi. Shundan barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi.
  • Notinch oilalarga tashrif: 2 ta. Bu oila o‘tkazilgan tushuntirishlardan o‘zlariga tegishli xulosalar chiqardi;
  • Uyushmagan yoshlar bilan 11 ta MFYda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 100 ga yaqin uyushmagan yoshlarning ishtiroki ta'minlandi.
  • Shahardagi 5 ta masjidda Peshin namozi o‘qilib, yig‘ilgan namozxonlarga dolzarb mavzularda ma'ruzalar qilindi. Unda 1000 nafardan ziyod namozxonlar ishtirok etishdi.
  • Viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Yoqubjon domla Mansurov shahardagi “Qori Muhammadrasul” jome masjidi holatini va hujjat yuritish ishlarini o‘rgandi. Shuningdek, mazkur masjid hududidagi 3 ta kam ta'minlangan va bemorligi bor oilalar holidan xabar oldi hamda ularga oziq-ovqat mahsulotlarini ehson qildi. Shundan so‘ng, mazkur masjidda Peshin namozini jamoat bilan birga ado etdi namozdan so‘ng jamoatga “Sabrning ajri ulug‘” mavzusida mazmunli ma'ruza qilib berdi.
  • Shundan so‘ng, Yoqubjon domla Mansurov mazkur jomeda shaharda rasmiy faoliyat olib borayotgan mahalla mullalari va otinoyilar bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, aholi orasida keng tarqalayotgan bid'at xurofot va ajrimlarning oldini olish yo‘lida qilinishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar, aholi bilan yaqindan ishlash, faoliyatlariga mas'uliyat bilan yondashish va shu kabi masalalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi.
  • Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Kattaqo‘rg‘on shahridagi mahallalarda va masjidlarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Yoqubjon domla Mansurov va din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning shahardagi mutaxassisi bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning obodonchiligi hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan masjidlarni doim ozoda saqlash, ta'mirlash ishlariga e'tiborli bo‘lish, aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.

   

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 13/12/2023 15:37;   Ko‘rilganligi: 315
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/navbatdagi-sayyor-uchrashuv-kattaqorgon-shahrida-tashkil-etildi
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 18:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing