O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Narpay tumanida sayyor uchrashuv o‘tkazildi

 
 

Bugun, 2024 yil 22 oktyabr kuni navbatdagi sayyor yig‘ilish Narpay tumanida tashkil qilindi. Tumandagi mavjud 18 ta masjid imom-xatiblari hamrohligida viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom xatiblari hamda iqtidorli imom-xatiblar tumandagi 18 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining kam ta'minlangan va notinch oilalarga tashrif buyurdi.

Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Narpay tumanidagi 18 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Tinchlik-eng oliy nemat”, “Qo‘shnichilik haqlari”, “Ne'matlarga shukronalik”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborli bo‘laylik”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va shu kabi bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.

Viloyat vakilligi mutaxassisi X.Temirov Narpay tumanidagi “Naqshbandiy” jome masjidida tumanda rasmiy faoliyat olib borayotgan mahalla mullolari va otinoyilari bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, mahalla mullolarining nikohlarni o‘qimasligi, mahalla mullolari uchun xaftaning har dushanba kuni, otinoyilar uchun esa xaftaning har shanba kunini MFY raislari hamda faollari bilan hamkorlikda aholi bilan ishlash kuni etib belgilash, ularning aholi bilan “Sabr toqat”, “Iymon e'tiqod”, “Ibo hayo”, “Ayollar o‘rtasida ichkilikning oldini olish”, “Ta'lim tarbiya”, “Bid'at-xurofot”, “Ajrimlarning oldini olish”, “Ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik” va “Jinoyatchilikning oldini olish” kabi ko‘proq ma'rifiy suhbatlar tashkil qilish hamda soha xodimlarining avvalo o‘zlari xalqqa namuna bo‘la olishlari borasida davra suhbati o‘tkazdi. Shundan so‘ng, H.Temirov mazkur masjidda jamoat bilan Peshin namozini ado qildilar va namozdan so‘ng jamoatga “Ne'matlarga shukronalik” mavzusida mazmunli ma'ruza qilib berdilar.

Mazkur tadbirlardan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Narpay tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, tumanda diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar va namozxonlar tomonidan qilinayotgan shikoyatlar muhokama qilindi. Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi v.v.b. Yo.Mansurov hamda tuman bosh imom-xatibi I.Amirillayev bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuningdek, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholining muammolarini yanada chuqurroq o‘rganib, ularni bartaraf etish, ular bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 22/10/2024 21:36;   Ko‘rilganligi: 240
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/narpay-tumanida-sayyor-uchrashuv-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 27/03/2025 05:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing