“Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘sha yaxshiligi o‘n barobar qilib qaytariladi”
Arab tilidagi “ehson” so‘zining ma'nolari ko‘p. “Ehson” deganda odatda birovga biror ne'matni berish va fazlu karam ko‘rsatish tushuniladi. Lekin “ehson” so‘zi lug‘atda “yaxshilik qilish, ezgulik ko‘rsatish” ma'nolarini ham anglatadi.
Haqiqatan, biror kishiga bir narsani ehson qilsangiz yoki unga biror yaxshilik ko‘rsatsangiz, bundan dilingiz ravshan tortadi, ruhiy xotirjamlik yuzaga keladi, o‘zgalarga manfaat yetkazganingizdan xursand bo‘lasiz.
Ehson qilingan kishi ham o‘ziga ko‘rsatilgan yaxshilikdan sevinadi, dilida sizga muhabbat paydo bo‘ladi, agar sizga keki bo‘lsa, unutadi. Shu tariqa jamiyatda kishilar o‘rtasida totuvlik, hurmat-ehtirom paydo bo‘ladi, adovatlar barham topadi, osoyishtalik va farog‘at barqaror bo‘ladi. Eng asosiysi, kimga bir yaxshilik qilsangiz, Alloh taolo uni o‘zingizga o‘n barobar qilib qaytaradi. Chunki Parvardigorning bunday va'dasi bor:
ya'ni, “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘sha yaxshiligi o‘n barobar qilib qaytariladi” (An'om surasi, 160-oyat).
Ayni kunlarda yurtimizda davom etayotgan qishning qirovli kunlari xalqimizning mehr-oqibatlilik fazilatlarini yana bir karra sinovdan o‘tkazmoqda. Shunday damlarda muhtoj kishilarga yordam ko‘rsatish juda zarurdir. Shu munosabat ila Urgut tumani bosh imom-xatibi H.Ibragimov va "G‘uzni" masjidi imom-xatibi A.Nurmuhammedovlar boshchiligida tumandagi "MURUVVAT UYI"da yashovchi fuqarolarimizga 50 kg osh damlanib, ehson dasturxoni tashkil qilindi. Shu jumladan, "Qozi Olloyorbek" jome masjidi imom-xatibi B.To‘rayev tamonidan Uzunsoy MFYda yashovchi 50 nafar yurtdoshlarimizga esa 50 kgdan un maxsulotlari tarqatildi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 18/01/2023 10:48; Ko‘rilganligi: 1000
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:42