O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Kattaqo‘rg‘on shahrida sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

 
 

Bugun, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan navbatdagi sayyor yig‘ilish Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazildi. Tadbirlar oldidan viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o‘zining kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi.

Mazkur tadbirlardan so‘ng, Xayrullo domla Kattaqo‘rg‘on shahar bosh imom-xatibi A.Nazarov hamrohligida shahar markazidagi “Muhammad Naqibbek” jome masjidi hududidagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.

Qolgan bosh imom-xatiblar ham taqsimot asosida tumandagi 5 ta masjid imom-xatiblari hamda 2024-2025 yillarda Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida 16 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining 85 dan ziyod nogironligi bor, IHM, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Kattaqo‘rg‘on shahridagi 5 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Qo‘shnichilik odoblari va haqlari”, “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”, “Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va boshqa bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar.

Shundan so‘ng, Xayrullo domla “Muhammad Naqibbek” jome masjidida jamoat bilan birga Peshin namozini ado etdi. hamda jamoatga “Mehnat va ixlos bilan masjid obodligi” mavzusida mazmunli ma'ruza qilib berdi.

Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Kattaqo‘rg‘on shahridagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov va vakilligi xodimi X.Temirov bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.

Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 29/07/2025 18:13;   Ko‘rilganligi: 85
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/kattaqorgon-shahrida-sayyor-yigilishi-bolib-otdi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing