JOMBOY TUMANIDA XAYRLI TADBIRLAR TASHKIL QILINDI!
Bugun, 07 may kuni Jomboy tumanida navbatdagi sayyor uchrashuv tashkil qilindi. Tadbir oldidan viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov soha xodimlari bilan uchrashib, kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Zayniddin domla tumandagi “Islomobod” jome masjidi hududidagi “Zarafshon” MFYda yashovchi, dinimiz yo‘lida uzoq yillar xizmat qilgan ustoz Tursunqul domla Abdurahmonov, ushbu mahallada yashovchi, front ortida xizmat qilgan urush faxriysi Malonova Bozoroy ona hamda “Quduqli” MFYda yashovchi, front ortida xizmat qilgan urush faxriysi Ahmedova Hanifa onalarning holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.
Viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Yoqubjon domla Mansurov “Islomobod” jomesida tumandagi rasmiy otinoyilar va mahalla mullolari bilan yig‘ilish o‘tkazib, faoliyatlarini yanada jadallashtirish yuzasidan o‘zining kerakli ko‘rsatma va tavsiyalarini berib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Yoqubjon domla “Islomobod” jome masjidida Peshin namozini jamoat bilan birga ado qildi. Namozdan so‘ng, jamoatga “Ilmga muhabbat” mavzusida mazmunli ma'ruza qildi.
Taqsimot asosida barcha tuman va shahar bosh imom-xatiblari tumandagi 7 ta masjid imom-xatiblari va mas'ul xodimlar hamrohligida tumandagi 20 ta mahallalarga hamda 7 ta masjidlarga tarqalib, hududlardagi turli muammoli va kam ta'minlangan oilalar, keksa nuroniylar bilan suhbatlar o‘tkazdilar hamda ularga moddiy ko‘mak ko‘rsatdilar.
Qolaversa, taqsimot asosida tumandagi barcha masjidlarga safarbar qilingan diniy soha xodimlari ushbu masjidlarning hujjat yuritish ishlari ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklar ijroga yo‘naltirildi. Shuningdek, mazkur masjidlarda ishchi guruh a'zolari bo‘lgan imom-xatiblar jamoat bilan birga Peshin namozini ado qilib, namozdan so‘ng jamoatga bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan mazmunli ma'ruzalar qilib berdilar.
Ushbu tadbirlardan so‘ng, 9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tadbir tashkil qilindi. Tadbirga viloyatimizda diniy sohada uzoq yillar xizmat qilib o‘tgan ustozlarning oila a'zolari va hozirda faxriy imom sifatida xizmat qilib turgan ustozlar hamda tuman hokimi va hokimlik xodimlari ishtirok etdilar. Yig‘ilish Qur'on tilovati bilan boshlandi. Shundan so‘ng, so‘z navbati viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulovga berildi. Zayniddin domla ushbu tadbirga tashrif buyurgan barcha ustoz domlalarga beqiyos xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirib, buning belgisi sifatida maxsus tashakkurnomalarni topshirdilar. Tadbir so‘ngida yana Qur'on tilovati qilinib, o‘tgan barcha ustozlar haqqiga hamda Yurtboshimizning oqilona siyosatlarida kuch-quvvat so‘rab xayrli duolar qilindi.
Tadbir yakunida Jomboy tumani hokimi A.Sobirov viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov va o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarovlarga Din rivoji yo‘lida qilayotgan tinimsiz mehnatlarini qadrlagan holda maxsus Tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shuning bilan Jomboy tumanida tashkil qilingan mazkur xayrli tadbirlar o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 07/05/2024 22:41; Ko‘rilganligi: 180
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 12:37