O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

BO‘LAJAK HOJILAR BILAN UCHRASHUV

 
 

Albatta, guruh rahbarligi mas'uliyatli vazifa hisoblanadi. Shu bois ular bilan Samarqand viloyatda viloyat bosh imom-xatibi, o‘rinbosarlari hamda shu soha mas'ullari ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish odat tusiga kirgan. Ana shunday mashg‘ulotlarning navbatdagisi bugun, 22 iyun kuni Samarqand shahridagi katta majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Uni viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov olib bordi.

Tadbirda DIQ Samarqand shahri bo‘yicha bosh mutaxassis R.Sultanov, ziyoratchilarga rahbarlik qiluvchi 14 nafar guruh rahbarlari, va Samarqand viloyatidan Haj ibodatiga yo‘l olgan 700 dan ziyod fuqarolar qatnashdilar. Tadbir davomida viloyat bosh imom-xatibi ularning burch va mas'uliyatlari, Haj ibodati ruknlari, safarga jo‘nab ketish hamda Saudiya Arabistonidagi tashkiliy ishlarning ularga taalluqli jihatlari atroflicha yoritildi.

Albatta, Haj safarini ixtiyor etgan har bir kishi qalbiga pok ezgu niyatlarni jo etib, bu dunyoning rohat-farog‘ati, mol-mulki, g‘am-qayg‘usidan voz kechib, chin qullik libosida Alloh taologa ixlos bilan ibodat etishga chog‘lansin. Ana shundagina qilgan ibodati Alloh ta'oloning huzurida maqbul bo‘lg‘usidur, inshaalloh.

Hajga ketayotgan inson qaysidir bir oilaning a'zosi, qaysidir bir qishloq yoki shaharning ahli, ma'lum bir mamlakatning fuqarosi sifatida boradi. Shunday ekan, har bir yurtdoshimiz haj amallarini qanday bajarishi, ibodatlari, kundalik yurish-turishi, o‘zini tutishi, haj arkonlarini to‘liq ado etishi bilan Vatanining obro‘-e'tibori ziyoda bo‘lishiga hissa qo‘shgan bo‘ladi. Haj ibodatini ado etib, Vatanga qaytgach esa, qolgan hayotini hoji degan ulug‘, muborak nomga munosib holda, iymon-e'tiqod bilan, mehr-muruvvat bilan, silai rahm, xayru saxovat bilan, bor-yo‘g‘ini xayrli va savobli ishlarga baxshida etib yashashi lozim bo‘ladi

Binobarin, haj amallarini bajarishga niyat qilgan kishi Islom dinining barcha ko‘rsatmalariga amal qiladigan, sanoqli haj kunlarini oxirati uchun zaxira bo‘ladigan amallar bilan o‘tkazishga oshiqadigan, atrofidagilarga o‘zining go‘zal xulqu odobi bilan namuna bo‘ladigan inson bo‘lishi lozim. Shunga ko‘ra, hajni niyat qilib ehromga kirgan kishi katta-yu kichik gunohlarni qilishdan, biror jonzotga ozor berishdan, xususan, odamlar bilan janjallashishdan doimo o‘zini saqlashi lozim.

Alloh taolo barchamizga O‘zining so‘nggi dini bo‘lmish Islomning beshinchi farzi – haj ibodatini bekamu ko‘st ado etishni nasib aylasin, bu xayrli ishga bosh-qosh bo‘layotgan barcha azizlarimizni ulkan ajru savoblar bilan mukofotlasin, omin.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 22/06/2022 15:46;   Ko‘rilganligi: 321
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/bolajak-hojilar-bilan-uchrashuv
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 00:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing