O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Bayramga haqiqiy tuhfa

 
 

Bugungi sana mamlakatimiz aholisi uchun katta shodiyonalik kuni hisoblanadi. Avvalo, mustaqillik kuni bayrami bo‘lsa, o‘quvchilar uchun tahsilning boshlanishi – bilimlar kuni hamdir. Yurtimizda mana shunday bayram kunlariga tuhfa hozirlash an'anaga aylangan. Bulung‘ur tumanining eng chekka manzillaridan biri Chorbog‘ mahallasida maktab yo‘q edi. Yoshlar o‘zlari yashaydigan mahalladan ancha olisda bo‘lgan maktabga qatnar edi. 

Bu esa qishning sovug‘i va issiq kunlarning taftida bolajonlarga qiyinchilik keltirayotgan edi. Bu mashaqqatlarni aritish maqsadida, samarqandlik tadbirkor Ilhom Aslam hoji o‘g‘li o‘z mablag‘i hisobidan Chorbog‘ mahallasida 240 nafar o‘quvchini bir vaqtning o‘zida bag‘riga sig‘dira oladigan, yangi, ikki qavatli, zamonaviy maktab binosini qurib, ichki jihozlar bilan to‘liq ta'minlagan holda shu o‘quv yilidan ushbu maskanda darslarni boshlash uchun barcha sharoitlarni tayyorlab berdi. Har bir kishi imkoniyatidan kelib chiqib, vafot etgan ota onalarinining haqlariga savob yetib turishi uchun sadaqai joriya qilishlari mumkinligi hadisi shariflarda bayon qilingan. Ilhom hoji bu xayrli ishlarni marhum padarbuzrikvori Rustamov Aslam hoji Ismoilzoda va mehribon onalari Rustamova Gulsara Yodgorzoda xotiralariga bag‘ishlab, to qiyomat kuniga qadar ularga savob yetib turishini maqsad qilgan.

Bugun viloyat bosh imom xatibi vazifasini bajaruvchi Yoqubjon domla Mansurov ushbu ilm maskanining ochilishida ishtirok etdi. Unda so‘z olib, Alloh taolo tomonidan insonlarga berilgan boylik ne'matini yaxshilik ishlariga, aynan, mana shu kabi ilm yo‘liga sarflashlari eng katta savob ekanligi, bu amal ham oxirat, ham dinimiz va dunyomiz uchun ham najot yo‘li ekanligini ta'kidlab, xalqimizni shu singari xayrli ishlarga da'vat etib, chorlab qolaman, dedi. Tadbirda barcha qatnashchilar bilan birga ehson sohiblarining va hayoti dunyodan o‘tgan ota onalarining haqlariga duoi xayrlar qildi. Mahalla aholisi, ayniqsa o‘quvchi yoshlarning xursandchiligi yuzlaridan balqib turar edi. Ular uchun unutilmas hodisa va bayramga haqiqiy tuhfa bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Alloh taolo ehsonlarini qabul qilsin. Marhumlarning oxiratlarini obod etib, qiyomat kuniga qadar nomai a'mollariga savob yetib turishini nasib etsin. Bu maskanda ilm o‘rgangan yoshlar elu yurt ravnaqi, dinimiz manfaatiga xizmat qiladigan yetuk insonlar bo‘lishini Alloh taolo muyassar qilsin!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 01/09/2023 19:36;   Ko‘rilganligi: 180
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/bayramga-haqiqiy-tuhfa
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 11:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing