O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

ALLOHNING BAYTLARIDAN YANA BIRI OBOD ETILDI!

 
 

Allohga hamdlar bo‘lsinki, bugungi kunda yurtimizda mo‘min-musulmonlar talabidan kelib chiqib, ko‘plab masjidlar barpo etilmoqda va eski binolar o‘rniga zamonaviy, shaharsozlik talablari asosida yangi binolari qad ko‘tarmoqda.

Bugun 2021 yil 11 may kuni Tayloq tumanidagi “Yastepa” jome masjidining yangi binosini ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur masjidning eski binosi ancha yillar oldin qurilgan bo‘lib, yaroqsiz holatga kelib qolgan edi.

So‘ngi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan xayrli ishlar samarasi o‘laroq Ramazon hayiti bayrami arafasida bu masjidning yangi binosi qurib bitkazildi.

Yangidan bunyod etilgan masjidning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlar idorasi Masjidlar bo‘limi mas'ul xodimi Iskandar domla Halilov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov va  o‘rinbosari Yoqubjon domla Mansurovlar ishtirok etdilar.

So‘ngi paytda jome binosi yaroqsiz holatga kelib qolganini, jamoat sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotganini aytib namozxonlar va mahalla faollarining xoxish-istagi ila tuman imom-xatibligi 2018 yilning ikkinchi choragida masjidni qayta qurish bo‘yicha taklif bilan chiqqan edi. Bu taklifni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Samarqand viloyati vakilligi qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng qurilish jarayonlari boshlab yuborilgan edi. Allohga behisob shukronalar bo‘lsinki, bugun mazkur masjidning yangi, zamonaviy va namozxonlar uchun barcha qulayliklarga ega binosi qurib bitkazildi - deydi viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov.

Shundan so‘ng, so‘zga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mas'ul xodimi Iskandar domla Halilov chiqib, avvalo bu muqaddas Allohning baytining ochilish marosimi bilan tuman aholisini va barcha jamoatni muborakbod etdi. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining Samarqand ahliga xususan Tayloq tumani “Yastepa” jome masjidi jamoatiga yo‘llagan salomlarini yetkazdi.

Shuning bilan bir qatorda bu xayrli ishlar Muftiy hazratlarining yo‘lovchilar, qolaversa ziyorat turizmi doirasida mahalliy va xorijiy sayyohlarning ibodatlarini ado etib olishlari  uchun yo‘l bo‘yidagi masjidlarda barcha qulayliklar yaratish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlariga asosan mazkur masjidda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilganini va bugun mana shunday sharoitlarga ega masjid binosi qad roslaganini aytib, bunday xayrli tadbir munosabati bilan muftiy hazratlarining tabriklarini tadbir ishtirokchilariga yetkazdi.

Tadbir so‘ngida avvalo masjidni bunyod etilishida o‘z hissasini qo‘shganlar va xususan bunday xayrli ishlarning boshida turgan yurtboshimiz Sh.Mirziyoev va mutasaddilar haqiga duolar qilindi. Bu o‘z navbatida Ramazon hayiti oldidan tuman aholisiga bayramona tuxfa bo‘ldi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 11/05/2021 16:04;   Ko‘rilganligi: 939
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/events/allohning-baytlaridan-yana-biri-obod-etildi
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 01:24
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing