O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

18.03.2022 y. Yoshlik – umr bahori

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لله وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, o‘spirinlik vaqti insonning fe'l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo‘lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat qaratmoq lozim. Albatta bunda avvalo ota-onaning, ustozning va jamiyatning mas'uliyati katta. Alloh taolo Qur'oni karimning “Tahrim” surasi 6-oyatida shunday buyuradi: 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

ya'ni: Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)”.

Hazrati Umar raziyallohu anhu ushbu oyat nozil bo‘lgandan so‘ng suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamdan: “Ey Rasululloh, o‘z nafsimizni-ku saqlaymiz ahlimizni qanday saqlaymiz?”, – deb so‘ragan ekanlar. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar. Ana o‘sha ularni o‘tdan saqlash bo‘ladi”,  deb javob berganlar.

Yoshlarni, farzandlarimizni go‘daklik chog‘idan, avvalo ularga Yaratgan Zotni tanitish va ularni imonli, e'tiqodli, diniga, Vataniga xizmat qiladigan komil inson bo‘lib yetishishlariga jiddiy ahamiyat berish lozim.

Inson yoshligidan imon-e'tiqodli hamda taqvoli bo‘lsa, uning bu dunyosini ham, oxiratini ham Alloh taolo barakotli qilib qo‘yadi. Alloh taolo o‘zining muborak Kalomida shunday marhamat qilgan:

وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا * وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ (سورة الطلاق/2-3)

ya'ni: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur” (Taloq surasi, 2-3 oyatlar).

Hadislarda kelishicha, Qiyomat kunida odamlar o‘zlarini himoya qiladigan yoki quyosh issig‘idan pana qilib turadigan joy axtarib qoladilar. U kunda Alloh taoloning Arshining soyasidan boshqa soya bo‘lmaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam yetti toifa kishi Arshning soyasida bo‘lishini aytib, shular jumlasida:

وَشَابٌّ نَشَأَ فِى عِبَادَةِ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ ...">(رَوَاهُ الإمام الْبُخَارِىُّ)

ya'ni: “Allohning ibodati-toatida ulg‘aygan yigit (Arshning soyasidan boshqa hech qanday soya bo‘lmaydigan kunda soyalantiriladi)” deya marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).  

Odatda, keksa odamda o‘lim xavotiri bo‘ladi. Ulardagi shahvoniy istaklar yoshlarnikidek bo‘lmaydi. Ammo yoshlarda shahvoniy istaklar kuchli, orzu havaslar ko‘p, kuch-quvvat yetarli, yumushlari bisyor bo‘lishi barobarida, ularni yo‘ldan uruvchi narsalar ham ko‘p bo‘ladi. Ular o‘zlaridagi gunoh, shahvoniy hoyu havaslar istagini yengib, ibodatga uringanlari, namozlarini o‘z vaqtida ado etishga bel bog‘laganlari uchun Qiyomat kuni Allohning Arshi soyasidan joy oladilar.

Muhtaram jamoat! Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlariga uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma'rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, – deb bejizga aytmagan.

Ibn Abbos raziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib shunday deganlar:

"ما آتى الله عزّ وجلّ عبدًا علمًا إلاّ شابًّا، والخيرُ كلُّه في الشّباب"، ثمّ تلا قوله عزّ وجلّ: "قَالُوا سَمِعْنَا فَتًى يَذْكُرُهُمْ يُقَالُ لَهُ إِبْرَاهِيمُ"، وقوله تعالى: "إِنَّهُمْ فِتْيَةٌ آمَنُوا بِرَبِّهِمْ وَزِدْنَاهُمْ هُدًى" وقوله تعالى: "وَآَتَيْنَاهُ الْحُكْمَ صَبِيًّا"

 ya'ni: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo‘lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo‘ladi”, – dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi, 60-oyat).

Boshqa oyatda shunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi, 13-oyat).

 Boshqa oyatda shunday deydi: “Unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat). 

Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuter o‘yingohlarida o‘tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, – deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.

So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur'oni karimni to‘liq yod olishgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilgan.

Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo‘naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki:

مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا

ya'ni: “Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi.

Tarxidan bizga ma'lumki, qanchadan-qancha ulug‘larimiz, buyuk ajdodlarimiz yosh yigitlik davrida butun bir qo‘shinni yoki katta bir saltanatni boshqara olgan. Masalan, Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu Rim imperiyasiga qarshi bo‘lgan jangda Payg‘ambarimiz alayhissalom tomonlaridan qo‘shinga boshliq etib ta'yinlanganlar. O‘shanda u zotning yoshlari 18 ga ham to‘lmagan edi. Ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur 12 yoshida otasi o‘rniga Farg‘ona ulusining hokimi bo‘lgan va yosh bo‘lishiga qaramay ko‘plab siyosiy islohotlar qila olgan. Amir Temurning 3-farzandi Mironshoh Mirzo esa 14 yoshida Xuroson hokimi bo‘lgan. Yoki 1453 yili may oyida Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh Qustantiniyaning fath qilganda 23 yoshda edi...

Ajdodlarimizning ilm-fan, kashfiyotlar, she'riyat va adabiyotda erishgan yutuqlariga to‘xtalsak, bu mavzuda alohida kitob yozish mumkin. Birgina ajdodimiz Mir Alisher Navoiy hazratlarini olsak, U zot 7 yoshida Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yoddan bilganlar va buyuk muhaddisimiz Imom Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod olganlar. 7-8 yoshlaridan boshlab g‘azallar yoza boshlab, o‘n besh-o‘n olti yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilganlar. Alisher Navoiy o‘smirlik yillarida o‘zlari sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq she'rlarini yod bilganlar. Tarixdan bu kabi misollarni juda ko‘p keltirishimiz mumkin. Hozirda yoshlarimiz ham yoshlik davrlarida o‘z ustilarida ishlamasa, o‘zlarining vaqt va iqidorlarini foydali ilm va mashug‘lotlarga sarflashmasa, ertaga kech bo‘ladi. Zero, millatimizning kelajagi yoshlar hisoblanadi.

Hozirda yurtimizda ilm olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yoshlarga, ayniqsa, ularning zamonaviy bilim olishiga e'tibor kuchaydi. O‘tgan so‘ngi to‘rt yil vaqt mobaynida yosh avlod kamolotiga qaratilgan ellikdan ortiq huquqiy hujjat, jumladan, to‘rtta qonun, o‘ttizdan ortiq Prezident farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining qirqdan ziyod qarori qabul qilindi. Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Muhtaram jamoat! Hozirgi yoshlarimizni imkon qadar chet tillarini, ayniqsa, g‘arb va sharq tillarini mukammal bilishlariga ahamiyat berishimiz darkor. Zayd ibn Sobitdan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam menga: “Suryoniy tilini (yahudiy tili) bilasanmi? Menga ulardan maktublar keladi” – dedilar. Men “Yo‘q”, degan edim, “o‘rgan”, deb buyurdilar. Men o‘sha tilni o‘n yetti kunda o‘rgandim. Yahudiylardan maktublar kelsa, uni o‘qib berar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga maktub yubormoqchi bo‘lsalar, men yozib jo‘natar edim”.

Boshqa rivoyatlarda kelishicha, o‘shanda Zayd ibn Sobit raziyallohu anhuning yoshlari 16 da bo‘lgan. Ulkan himmat bilan qisqa muddatda o‘zga tilni mukammal o‘rganishga muvaffaq bo‘lganlar. 

Bizlar uchun namuna hisoblangan saodat asri kishilari o‘z davrlarining har sohada peshqadami bo‘lganlar. Biz ham farzandlarimizni iqtidoriga qarab o‘zining zamonasidagi ilmlarni o‘rgatishimiz lozim va yoshlarimizni zamonasining oldi yoshlari qilib tarbiyalashimiz zarur.

Muhtaram jamoat! Yoshlar tarbiyasida ilm bilan Husni xulq insondagi barcha fazilatlarning eng oliy va afzalidur. Chunki husni xulq egasidan doimo yaxshilik  kutiladi: o‘ziga, oilasiga, jamiyatga balki, butun atrof muhitga undan faqat manfaat yetadi. Shuning uchun farzandlarimizni  yomon xulq, buzuq g‘oyalardan fikrini toza, musaffo qilmog‘imiz darkor. Hadislardan birida:

"مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ" (رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Ota farzandiga go‘zal odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deyilgan (Imom Termiziy rivoyatlari).

Muhtaram azizlar! Umrning qadriga yetishlik, xususan yoshlik davrini g‘animat bilish nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham insonni ulkan mas'uliyatdan xalos qiladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘zlarining hadisi shariflarida shunday deganlar:

لا تَزُولُ قَدِمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعِ خِصَالٍ: عَنْ عُمُرُهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ شَبَابِهِ فِيمَا أَبْلاهُ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ وَعَنْ عَلِمهِ مَاذَا عَمِلَ فِيهِ

ya'ni: “Banda Qiyomat kuni to‘rt narsadan so‘ralmagunicha qadamlari siljimaydi: umridan – uni nima bilan o‘tkazgani; yoshlik davridan – uni nima bilan mashg‘ul qilgani; mol-dunyosidan – uni qay yo‘sinda topgani va qaysi yo‘ldi sarflagani; ilmidan – unga qanday amal qilgani”.

Demak, Qiyomat kuni eng birinchi so‘ralishi kerak bo‘lgan to‘rt narsadan ikkitasi vaqt xususida ekan. Shuning uchun ham sahoba va tobeinlar vaqtlarining qadriga yetishgan. Hasan Basriy rahimahulloh: “Shunday zotlar bor ediki, ular o‘z vaqtlariga sizlar dirham-dinorlaringizga haris bo‘lganingizdan ham ko‘ra qattiqroq haris edilar”, deganlar.

Muhtaram azizlar! Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo‘linishi ko‘paygan paytda yoshlar o‘z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo‘ladi. Tobeinlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga shunday nasihat qilar ekanlar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasulullohning hadislarini kimdan ta'lim olayotganlarizga e'tiborli bo‘linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”

Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o‘rganaman, ilm olaman yoki hadis o‘rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar'iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo‘lgan, zamonasining ulamolari e'tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit  bo‘lgan ulamolardan olinadi. 

Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o‘spirin yigitning sunnat sohibi bo‘lgan kishini do‘st tutib, undan ilm olishi Allohning ne'matidir”, – deganlar.

Ayniqsa, internetda, ijtimoiy tarmoqlarida yoki xorijga borganda, bemazhablik yoki Islom ulamolari qoralaydigan “Hizbut-tahrir” kabi adashgan oqimlar ta'siriga tushib qolishdan saqlanishlari lozim. Xorijdan turib feysbuk yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizni dinsizlikda ayblaydigan soxta da'vatchilar, turli bid'atchi firqalarning makridan ehtiyot bo‘lishlari darkor. Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o‘sayotganini ko‘rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni  bida't ahli bilan o‘sib voyaga yetayotganini ko‘rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o‘spirin bola birinchi ta'lim olgan narsasida bo‘ladi”.

Alloh taolo millatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg‘ayishlarini, ilm-ma'rifatda ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlarini nasib etsin! Omin! 

 


Kiritilgan vaqti: 17/03/2022 10:40;   Ko‘rilganligi: 885
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/18032022-y-yoshlik-umr-bahori
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 06:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing