O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

13.09.2019 y. O‘z joniga qasd qilish – og‘ir gunoh

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي خَلَقَ الْإِنْسَانَ وَكرَّمَهُ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي سنَّ الدِّينَ وَعَظَّمَهُ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Hurmatli jamoat! Alloh taolo odam bolasiga juda ko‘p ne'matlar bergan, ularni sanab adog‘iga yeta olmaymiz. Shubhasiz, ular ichida eng qimmatli va muhimlaridan biri – hayot, tiriklik ne'matidir. Chunki bu ne'mat inson qolgan ne'matlarni qabul qilib olishiga sababchi bo‘ladi. Qur'oni karimning 200 dan ortiq oyati karimalarida arab tilidagi “xalq”, ya'ni “yaratish” ma'nosidagi o‘zakdan yasalgan so‘zlar keladi. Bu esa bizga inson bo‘lib yaralish Alloh taolo tomonidan berilgan katta ne'mat ekanini bildiradi. Alloh taolo bandalariga ato qilgan ne'matlari haqida shunday deydi:

﴿أَلَمْ تَرَوْا أَنَّ اللَّهَ سَخَّرَ لَكُمْ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ وَأَسْبَغَ عَلَيْكُمْ نِعَمَهُ ظَاهِرَةً وَبَاطِنَةً وَمِنَ النَّاسِ مَنْ يُجَادِلُ فِي اللَّهِ بِغَيْرِ عِلْمٍ وَلَا هُدًى وَلَا كِتَابٍ مُنِيرٍ

ya'ni: “(Ey, insonlar!) Alloh osmonlar va Yerdagi barcha narsalarni sizlarga bo‘yin sundirib qo‘yganini va sizlarga barcha zohiriy va botiniy (moddiy va ma'naviy) ne'matlarini komil berganini ko‘rmadingizmi?! Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular o‘zlari bilmagan, hidoyat topmagan va aniq kitob (hujjat)ga ega bo‘lmagan hollarida Alloh xususida (Payg‘ambar bilan) munozara qilurlar” (Luqmon surasi, 20-oyat).

Shunisi ham aniqki, inson hayoti doim bir xil ne'matlar ichida kechmaydi – gohida yengil, gohida og‘ir, ba'zida xursandchilik, ba'zida musibat. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

﴿لَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنْسَانَ فِي كَبَدٍ

ya'ni: “Haqiqatan, insonni (din va dunyo ishlarida mehnat va) mashaqqatda (bo‘lish uchun) yaratdik” (Balad surasi, 4-oyat).

Mashhur bobomiz Alisher Navoiy o‘z hikmatlarida: “Sakson yil yashash uchun sakson yillik sabr kerak”, – deganlar. Demak, inson balo va musibatlarga qarshi sabrni qalqon qilib olishi kerak. Chunki dinimizning ta'limoti bo‘yicha dunyoda yuz beradigan barcha ishlar Alloh taoloning xohish irodasi bilan bo‘ladi. Mo‘min-musulmon kishi hayot qiyinchiliklarini dunyoning sinovi ekani, har bir musibat, hatto tikanning kirishi ham ajrsiz qolmasligini biladi. U qiyinchiliklarga sabr-bardoshli bo‘ladi va savob umid qiladi. Musibat yetganda biz Allohning bandasi va unga qaytib borishimizni eslashimiz darkor. Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ أُولَئِكَ عَلَيْهِمْ صَلَوَاتٌ مِنْ رَبِّهِمْ وَرَحْمَةٌ وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُهْتَدُونَ

ya'ni: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: «Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz», – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” (Baqara surasi, 155-oyat).

Demak, imonli kishilar hayotda hech qachon tushkunlikka tushmasligi kerak, balki yaxshilikdan umidvor bo‘lib, doim harakatda bo‘lishi lozim. Afsuski, ahyon-ahyonda o‘z joniga qasd qilgan kishilar haqidagi so‘zlar qulog‘imizga chalinadi. Ayniqsa bu kabi fojealar ayollar ichida ko‘p uchrab turishi achinarli holatdir. Bu gunohni oqlab bo‘lmaydi, lekin ma'lum bir qism ayollar o‘zlariga bo‘lgan zulm-zo‘ravonlik sababli bu ishga qo‘l urayotgani sir emas. Joriy yilning 3 sentyabrdan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirdi. Bu qonun dinimizdagi ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik man qilinishi haqidagi ko‘rsatmalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuni bilish kerakki, biror qiyinchilikdan qutilish yoki kimdandir norozi bo‘lib o‘z joniga qasd qilish – masalaning yechimi emas. Masalan, qarz yoki moliyaviy qiyinchilik sababli o‘z joniga qasd qilgan odam qarzidan qutilib qolmaydi. Balki yanada qiyinroq bo‘lgan oxiratda qarzdor odamga aylanadi. Qaytanga bu hayotda qolib, maqsadi uchun kurashib, ikki dunyoda yuzi yorug‘ bo‘lishi – haqiqiy bandalik maqomidir. Kimdir o‘z joniga qasd qilib gunohkor bo‘ladi, orqasida ota-onasi va yaqinlarini qattiq qayg‘uda qoldiradi. Aslida farzand ularni xizmatlarini qilib, rozi va xursand qilishi kerak edi.

O‘z joniga qasd qilishning oxiratdagi oqibatlari yana ham yomonroqdir. Dinimiz ta'limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi katta gunoh hisoblanadi. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

﴿"لَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا"﴾ 

ya'ni: “...O‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).

Alloh taolo bandasiga omonat o‘laroq ato qilgan jon-tiriklikni faqat O‘zi xohlagan paytda qaytarib oladi. Jonni bandaning o‘zi olishga harakat qilishi – shoshilish va Alloh taoloning taqdiriga norozilikdir. Toki ajal vaqti kelgunicha banda jonni to‘g‘ri yo‘lda asrab-avaylab ishlatishi kerak. Bu mavzuda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

الَّذِي يَخْنُقُ نَفْسَهُ يَخْنُقُها فيِ النَّارِ وَالَّذِي يَطْعَنُ نَفْسَهُ يَطْعَنُها فيِ النَّارِ (ﺭَﻭﺍﻩ الامَامُ ﺍﻟﺒُﺨَﺎﺭِﻱ عن ابي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim o‘zini-o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirsa, do‘zaxda ham shu xil azobga qoladi va kim o‘zini tig‘ bilan o‘ldirsa, do‘zax olovida ham xuddi shunday azobga qoladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu gunohning yomonligini bildirish uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘tgan qavmlar hayotidan ham misol keltirdilar:

"كَانَ مِمَّنْ كَانَ قَبْلَكُمْ رَجُلٌ بِهِ جُرْحٌ فَجَزَعَ، فَأَخَذَ سِكِّيْنًا فَحَزَّ بِهَا يَدَهُ، فَمَا رَقَأَ الدَّمُ حَتَّى مَاتَ، قَالَ اللهُ تَعَالَى: "بادَرَني ابْنُ آدَمَ بنَفْسِهِ فَقَتَلَها، فَقَدْ حَرَّمْتُ عَلَيْهِ الجَنَّةَ" (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ عَنْ جُنْدَبُ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ رضي الله عنه(

ya'ni: “Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Natijada u qon yo‘qotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni harom qildim”, – dedi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Aslini olganda dinimiz o‘z joniga qasd qilishga olib boradigan yo‘llarni ham berkitgan. Masalan, musulmon kishi o‘ziga o‘lim tilashi mumkin emas. Chunki amallar solih bo‘lib, umrning uzun bo‘lishi biz uchun katta mukofot hisoblanadi.

Bu mavzuda eng katta muammo – ruhiy iztirobning mavjudligi,  qalb xotirjamligi va imonga suyanadigan irodaning yo‘qligi, deb hisoblaymiz. Buning ustiga o‘smirlik davrida yigit-qizlarning qarovsiz qolishi, turli nobop yo‘llarga kirishi, yomonlar bilan do‘st tutinishi, mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalarga berilib qolishi ham o‘z joniga qasd qilishning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Albatta, yoshlar tarbiyasiga uyda ota-ona, o‘quv muassasalarida esa ustozlar mas'uldir. Vaqti-vaqti bilan internetda o‘z joniga qasd qilishni o‘rgatuvchi videolar, qiziqtiruvchi o‘yinlar tarqalib turadi. Afsuski, bekorchilik va ota-onalarning e'tiborsizligi sababli ba'zi yoshlarimiz bu “to‘r”larga tushib qolmoqdalar.

 Yuqoridagi muammolarning yechimi – Alloh taoloning rahmatidan umidvorlik, qalb xotirjamligi va sabr toqatdir. Alloh taolo Zumar surasida shunday marhamat qiladi:

﴿قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنْفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِنْ رَحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ

ya'ni:(Ey, Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir(Zumar surasi, 53-oyat).

Yana bir oyati karimada shunday deyiladi:

﴿الَّذِينَ آَمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَئِنُّ الْقُلُوبُ

ya'ni: “Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)(Ra'd surasi, 28-oyat).

Banda Alloh taoloning ne'matlarini tafakkur qilsa, o‘zidanda yomon ahvolda bo‘lgan minglab odamlar borligi va ularning aksariyati shukr qilib yashayotganini tushinib yetsa, tiliga beixtiyor “shukr” keladi, kamchiliklari uchun istig‘for aytadi.  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

انْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ أسْفَلَ مِنْكُمْ وَلاَ تَنْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ فَوْقَكُمْ فَهُوَ أجْدَرُ أنْ لاَ تَزْدَرُوا نِعْمَةَ الله عَلَيْكُمْ

(رواه الامام مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “O‘zingizdan ustun kishilarga emas, o‘zingizdan past odamlarga qarang. Mana shu (ish) Allohning ne'matlarini past sanamasligingiz uchun yaxshiroq bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadisga amal qilgan kishi Alloh unga juda ko‘p ne'matlar berganini mulohaza qiladi. Shukrli inson bu dunyo qiyinchiliklarini oson yengadi. Mo‘min kishining ishi ajoyib, u hech qachon yutqazmaydi. Yaxshilik kelsa – shukr qiladi, savob oladi. Boshiga sinov kelsa – sabr qiladi, yana savob oladi. Banda Alloh taoloning zikridan va shukridan g‘ofil qolsa, shayton uning qalbiga vasvasa qila boshlaydi. Qachon Allohning zikrini qilsa, ortga chekinadi. Alloh taolo bizga bu dunyo qiyinchiliklarini qanday yengib o‘tish yo‘lini ko‘rsatdi:

﴿وَاسْتَعِينُوا بِالصَّبْرِ وَالصَّلَاةِ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى الْخَاشِعِينَ

ya'ni:(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangiz. Darhaqiqat, u (namoz) og‘ir ishdir. Illo, itoatli (xokisor) kishilarga (og‘ir) emas(Baqara surasi, 45-oyat).

Qiyinchiliklarga duch kelinganda Qur'oni karimda va hadisi shariflarda kelgan duolarni lozim tutish kerak. Duo haqida Qur'oni karimda shunday deyiladi:

﴿وَذَا النُّونِ إِذْ ذَهَبَ مُغَاضِبًا فَظَنَّ أَنْ لَنْ نَقْدِرَ عَلَيْهِ فَنَادَى فِي الظُّلُمَاتِ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ سُبْحَانَكَ إِنِّي كُنْتُ مِنَ الظَّالِمِينَ

ya'ni: “Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘i zulmatlar ichra: «Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim», – deb nido qilgan (paytini eslang!)(Anbiyo surasi, 87-oyat).

Keyingi oyati karimada esa yuqoridagi duoni qabul qilgani aytiladi:

﴿فَاسْتَجَبْنَا لَهُ وَنَجَّيْنَاهُ مِنَ الْغَمِّ وَكَذَلِكَ نُنْجِي الْمُؤْمِنِينَ

ya'ni: “Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz” (Anbiyo surasi, 88-oyat).

Ulamolarimiz mana shu oyatga muvofiq kimning boshiga ish tushsa, «Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim» (Anbiyo surasi, 87-oyat) duosini ko‘p aytsin, deyishadi. Yana istig‘for (“astag‘firulloh” kalimasi)ni ko‘p aytish ham kambag‘allik, befarzandlik va qurg‘oqchilik kabi muammolarni ketkazishiga Qur'oni karimda ishoralar bor.

Albatta, bu masalada diniy tarbiyaning o‘rni muhim. Farzandlarga dinimiz asoslari, ibodatning ma'nosi, gunoh-savob, halol-haromni oiladan o‘rgatib borishimiz kerak. Ularning oldiga yuksak marralar va maqsadlar qo‘yib, o‘sha tomonga yetaklashimiz, kerakli yordamni berishimiz kerak. Yana ularni turli zararli odatlardan saqlasak, bo‘sh vaqtlarini bilim o‘rganish, sport bilan shug‘ullanishga sarflasak, natija yaxshi bo‘ladi.

Xulosa shuki, mo‘min-musulmon kishi doimo Allohning rahmatidan umidvor bo‘lib, azobidan qo‘rqishi kerak. Ana shunda uning imoni salomat bo‘ladi, shayton vasvasalaridan omonda bo‘ladi. Yana bir muhim jihati – doimo olim kishilardan pand-nasihatlar eshitish va solih kishilar, sog‘lom tabiatli odamlar bilan do‘stlashish, ular bilan birga bo‘lishdir.  Bu ishlar kishining ruhiyatini tetik va yashovchan qiladi.

Muhtaram jamoat! Mav'izamizning fiqhiy masalalar qismida sajdada oyoqning yerdan uzilishi haqida bayon qilamiz. Sajdada ikki oyoq barmoqlarini yerga tekkizib turishni ko‘pchilik hanafiy ulamolarimiz vojib amal deydilar. Bunga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlari dalil bo‘ladi:

"أُمِرْتُ أَنْ أَسْجُدَ عَلَى سَبْعَةِ أَعْظُمٍ: الْجَبْهَةِ - وَأَشَارَ بِيَدِهِ عَلَى أَنْفِهِ - وَالْيَدَيْنِ وَالرِّجْلَيْنِ وَأَطْرَافِ الْقَدَمَيْنِ"

(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم عن عبدالله بن عباس رضي الله عنهما)

ya'ni: “Yetti a'zo bilan sajda qilishga  buyurildim. Ular: peshona (deya qo‘llari bilan burunga ishora qildilar), ikki qo‘l, ikki tizza va ikki oyoqning barmoqlari” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Boshqa rivoyatda esa Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

"إِذَا سَجَدَ الْعَبْدُ سَجَدَ مَعَهُ سَبْعَةُ أَطْرَافٍ: وَجْهُهُ وَكَفّاهُ وَرُكْبَتَاهُ وَقَدَمَاهُ"

(رواه الإمام مسلم عن عباس ابن عبد المطلب رضي الله عنهما)

ya'ni: “Banda sajda qilganda u bilan yettita a'zo sajda qiladi: yuzi, ikki kafti, ikki tizzasi va ikki qadami”, – deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimizdan Imom Quduriy va Imom Faxriddin Qozixon: “Sajdada oyoqlarni yerga qo‘yish farz amal sanaladi. Agar sajda asnosida har ikki oyoq yerdan uzilsa, namoz buziladi”, – deyishgan. Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan yana biri “Fatavoi hindiyya”da ham ushbu ma'no quyidagicha ta'kidlangan:

وَلَوْ سَجَدَ وَلَمْ يَضَعْ قَدَمَيْهِ عَلَى الْأَرْضِ لَا يَجُوزُ وَلَوْ وَضَعَ إحْدَاهُمَا جَازَ مَعَ الْكَرَاهَةِ إنْ كَانَ بِغَيْرِ عُذْرٍ

ya'ni: “Namozxon sajda qilsayu, oyoqlarini yerga qo‘ymasa, joiz bo‘lmaydi. Agar sababsiz ikki oyog‘idan birini qo‘ysa, makruhlik bilan namozi durust bo‘ladi”.

Sajda qilganda oyoq barmoqlari Qibla tarafga imkon qadar yo‘naltirilishi – sunnat. Chunki Payg‘ambar alayhissalom sajda qilganlarida muborak oyoqlarining muborak barmoqlari Qiblaga qaratilgan bo‘lar edi. Bu haqida Abu Humayd raziyallohu anhu shunday deganlar:

أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا سَجَدَ وَضَعَ يَدَيْهِ غَيْرَ مُفْتَرِشٍ وَلاَ قَابِضِهُمَا وَاسْتَقْبَل بِأَطْرَافِ أَصَابِعِ رِجْلَيْهِ الْقِبْلَةَ (رواه الإمام البخاري).

ya'ni: “Nabiy alayhissalom sajda qilganlarida ikki qo‘llarini yoymasdan va yig‘masdan (o‘z holicha) yerga qo‘yardilar. Oyoq barmoqlarini Qibla tomonga qaratardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, namozxon sajda qilganda oyolarini yerdan uzmaslikka e'tiborli bo‘lishi lozim. Aks holda namoziga putur yetishi mumkin.

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilsin va xayrli ishlarga yo‘llasin! Omin!

 

"O‘z joniga qasd qilish – og‘ir gunoh" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 10/09/2019 14:16;   Ko‘rilganligi: 2486
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/13092019-y-oz-joniga-qasd-qilish-ogir-gunoh
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 15:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing