O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

03.09.2021 y. Tinchlik va xotirjamlik – ulug‘ ne'mat!

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحمد لله رب العالمين، والصلاة والسلام على خاتم النبيين، وعلى آله وصحبه أجمعين، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram azizlar! Yurtimizda istiqlol bayrami tantanalari davom etmoqda. Alhamdulilloh, bayramni oilalarimiz davrasida, yor-do‘stlar bilan tinchlik va xotirjamlikda nishonlayapmiz. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne'mat ekanini ta'kidlab shunday deganlar: “Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Qur'onning 50 dan ziyod surasidagi yuzlab oyatlarda musulmonlar sulh-murosa, tinchlik va bag‘rikenglikka chaqirilgan. Musulmonlar uchun eng afzal amal haqida kelgan hadisda shunday deyiladi: “Rasululloh alayhissalomdan so‘radilar: “Ey, Allohning Rasuli! Musulmonlarning afzali qaysi kishi?”. U zot alayhissalom: “Qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonlar ozor topmagan kishidir”, – deb javob berdilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning katta ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.

Xalqimizda “Qo‘shning tinch – sen tinch” degan maqol bor. Xalqimizning orzusi, maqsadi bitta – jahondagi barcha mamlakatlarda, ellarda tinchlik va barqarorlik hukm sursin, odamlar baxtli va farovon hayot kechirsin. Shuning uchun ham xalqimiz Yurtboshimiz boshchiligida doimo qo‘shni yurtlarda tinchlik bo‘lishini istab keladi. Bu ayni dinimizning ham g‘oyasidir. Alloh taolo insonni yer yuzini obod qilish uchun yaratdi va O‘ziga yerdagi o‘rinbosar qildi. Yerni kufru isyon bilan, buzg‘unchilik bilan vayron qilish, mavjudotlarning nasl-urug‘ini quritishdan qattiq qaytardi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo‘rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A'rof surasi 56-oyat).

Muhtaram jamoat! Mana yurtimiz istiqloliga 30 yil bo‘ldi. Albatta yurtimizning istiqloli va taraqqiyotining negizida tinchlik-totuvlik hamda o‘zaro hamjihatlik yotadi. Ushbu yutuqlarga erishish o‘ziga yarasha mashaqqat, qiyinchilik, sabr va matonat talab etadi. Umid qilamizki, xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo‘lib boraveradi. Chunki,  Alloh taolo Qur'oni karimda bandalariga bir qiyinchilik ortidan albatta, yengillik kelishini bayon qilib, shunday degan:

فَإِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا. إِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا

ya'ni: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).

Bu oyatni tafsir qilgan ulamolarimiz albatta, bir qiyinchilikdan keyin ikki yengillik bor, deydilar. Tafsiri Tabariyda shunday deyiladi: “Bu oyati karima nozil bo‘lganda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

أبْشِرُوا أتاكُمُ اليُسْرُ، لَنْ يَغْلِبَ عُسْرٌ يُسْرَيْنِ

ya'ni: “Xursand bo‘linglar! Sizlarga yengillik keladi. Hargiz bir qiyinchilik ikki yengillikdan ustun kelmaydi” (“Tafsiri Tabariy”).

Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash lozimki, dinimizning tinchlikka bo‘lgan e'tibori nechog‘lik katta hamda bag‘ri kenglik uning negizidir. Inson o‘zidagi ne'matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne'matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne'matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga bog‘liqdir. Ne'matning salmog‘iga qarab shukr ham har xil bo‘ladi. Ba'zi ne'matlarning shukri tilda “alhamdu lillah” deyish bilan ado bo‘lsa, boshqa xil ne'matlar ham borki, ularning shukrini amaliy tarzdagina ado etish mumkin.

Tinchlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matdir. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasidagi farzdir. Keksalar tinchlikning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari, o‘rta yoshlilar o‘zlarining halol mehnatlari, yoshlar esa uni asrash va qadriga yetish borasida astoydil ilm olishga harakat qilmoqliklari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo‘ladilar.

Haq taolo barchamizni Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlarimizga rivoj bersin, farzandlarimiz ulug‘ ajdodlarga loyiq farzandlar bo‘lishini nasib aylasin, dunyo va oxiratimiz saodatiga yetaklaydigan amallar qilishimizni nasibu ro‘zi aylasin! Omin! 

 

"Tinchlik va xotirjamlik – ulug‘ ne'mat!" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 01/09/2021 18:36;   Ko‘rilganligi: 962
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/juma/03092021-y-yoshlarni-ijtimoiy-illatlardan-saqlaylik
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 17:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing