O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Hadislar

Turli ofatlar vaqtida kishi o‘zini qanday tutmog‘i lozim?

 
 

Hadislardan misollar

Insoniyat o‘z tarixi davomida turli sinovlarni boshdan kechirgan. Hosildorlik va qurg‘oqchilik, urush va tinchlik, boylik va kambag‘allik va hokazo. Sog‘lik va bemorlik ham shular jumlasidan bo‘lib, insonga yetgan kasallik Yaratgan zotning eng katta sinovlaridan biridir.

Tarixda vabo kasalligi o‘zining turli ko‘rinishlari bilan butun mamlakatlarga tahdid solganini yaxshi bilamiz. Hozirda ham biz ana shunga o‘xshash holatning guvohi bo‘lib turibmiz. Bugun koronavirus deb nomlangan ommaviy kasallikning dunyohamjamiyatini tashvish va havotirga solmoqda.

Muqaddas dinimizda har bir muammoning  echimi bayon qilingandek, insoniyat boshiga kelgan ommaviy kasalliklarning ham shifosi yoki undan saqlanishning usullari yoritib berilgan. Bu usullar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislarida o‘z ifodasini topgan:

عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ الأَنْصَارِيِّ ، قَالَ : سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ، يَقُولُ : غَطُّوا الإِنَاءَ وَأَوْكُوا السِّقَاءَ فَإِنَّ فِي السَّنَةِ لَيْلَةً يَنْزِلُ فِيهَا وَبَاءٌ لا يَمُرُّ بِإِنَاءٍ لَمْ يُغَطَّ وَلا سِقَاءٍ لَمْ يُوكَأْ إِلاَّ وَقَعَ فِيهِ مِنْ ذَلِكَ الْوَبَاءِ

Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan shunday deyayotganini eshitdim: “Idishlarni ustini yopib qo‘yinglar, suv meshlarni og‘zini mahkamlanglar, chunki yilning bir kechasida vabo tushadi. U usti yopilmagan idishlar va og‘zi ochiq meshlarga albatta tushadi”. Imom Muslim va imom Bayhaqiy  rivoyati.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning ushbu so‘zlariga ko‘ra mo‘min kishi har doim kutilmagan kasallikni u kelmasidan oldin uning kelishiga tayyor holatda bo‘lishi, o‘zini va oilasini himoyasi choralarini ko‘rib yurmog‘i lozim ekan. Ayniqsa, ro‘zg‘orda istifoda etiladigan buyumlarning pokizaligiga, ularni gigiyenik saqlanish holatiga, tashqi salbiy ta'sirlardan himoyalanganiga qattiq e'tibor berish kerakligi ushbu hadisda uqtirilmoqda. Hadis matnida yilda bir marotaba kechasi vabo – ommaviy tarqaluvchi kasallik – nozil bo‘lishi ham ta'kidlangan. Demak, har bir mo‘min kishi doimo o‘z oilasi salomatligi haqida qayg‘urishi, ehtiyot choralarini ko‘rmog‘i kerak. Chunki bu kasallik bir joyga tushdimi albatta u atrofga tarqaluvchi xususiyatga ega. Shu sababli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va salam vaboni tarqalishiga sabab bo‘lib xizmat qiladigan vositalardan saqlanishga buyurdilar.

عَنْ عِكْرِمَةَ بْنِ خَالِدٍ عَنْ أَبِيهِ أَوْ عَنْ عَمِّهِ عَنْ جَدِّهِ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ فِي غَزْوَةِ تَبُوكَ إِذَا كَانَ الطَّاعُونُ بِأَرْضٍ وَأَنْتُمْ بِهَا فَلَا تَخْرُجُوا عَنْهَا وَإِذَا كَانَ بِأَرْضٍ وَلَسْتُمْ بِهَا فَلَا تَقْرَبُوهَا

Ikrima ibn Xolid otasi Xoliddan, u esa Ikrimaning bobosi (o‘zini otasi) Salama ibn Oss ibn Hishomdan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Tabuk g‘azotida shunday dedilar: “Agar biror joyga to'un (vaboning bir turi) tushsa-yu sizlar u joyda bo‘lsalaringiz, u yerdan chiqmangizlar. Agar vabo sizlar bo‘lmagan boshqa biror joyda tarqalgan bo‘lsa, u yerga yaqinlashmangizlar!” Imom Ahmad rivoyati. Ushbu hadisni Imom Buxoriy, imom Muslim, imom Tahoviylar ham rivoyat qilishganlar.

Shuningdek, imom Termiziy “Sunan”ida ham ushbu hadis quyidagicha rivoyat qilingan:

عن أسامة بن زيد أن النبي صلى الله عليه وسلم ذكر الطاعون فقال بقية رجز أو عذاب أرسل على طائفة من بني إسرائيل فإذا وقع بأرض وأنتم بها فلا تخرجوا منها وإذا وقع بأرض ولستم بها فلا تهبطوا عليها

Usoma ibn Zayddan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallamga to'un haqida so‘rashdilar. U zot: “To'un – Bani Isroilning bir toifasiga yuborilgan kasallik yoki azobdir. Agar biror joyga to'un (vabo) tarqalgan bo‘lsa-yu sizlar u joyda bo‘lsalaringiz, u yerdan chiqmangizlar. Agar vabo sizlar bo‘lmagan boshqa biror joyda tarqalgan bo‘lsa, u yerga yaqinlashmangizlar!” Imom Termiziy va imom Nasoiy rivoyati.

Yuqorida zikr qilingan har ikkala hadisda ham ommaviy pandemiya – vabo tarqalgan hududni tark etish va u joyda bo‘lmaganlarni esa vabo tarqalgan joyga kirishi taqiqlanmoqda. Bugungi kunda hukumatimiz rahbarlari, salomatlik posbonlari, diniy ulamolar ham ushbu so‘zni ko‘p ta'kidlashmoqda. Alloh taolo kalomi sharifida Allohga, Payg‘ambarga va o‘zimizdan bo‘lgan rahbarlarga itoat etishni amr  qildi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ فَإِنْ تَنَازَعْتُمْ فِي شَيْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى اللَّهِ وَالرَّسُولِ إِنْ كُنْتُمْ تُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ ذَلِكَ خَيْرٌ وَأَحْسَنُ تَأْوِيلًا 

Ya'ni, “Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz! Bordi-yu, biror narsada (din ishida) kelisha olmay qolsangiz – Allohga va oxirat kuniga ishonadigan bo‘lsangiz – uni Allohga va Payg‘ambariga havola qilingiz. Mana shu yaxshiroq va yechimi chiroyliroq (ish)dir”. Niso, 4/59.

Mazkur oyatdan Alloh va Rasuliga hamda musulmonlarni o‘zlaridan bo‘lgan din va davlat ishidagi rahbarlariga itoat etishi vojibligi kelib chiqadi. Hozirda bu kasallikning tarqalishini olish uchun fuqarolarga uyda o‘tirish buyurilib, karantin choralari ko‘rilmoqda. Bu buyruqqa bo‘ysunmaslik shaxsni Alloh taolo oldida gunohkor bo‘lishiga olib keladi. Xossatan mazkur holatda rahbarga itoat etmasdan, karantin talablarini buzish yanada og‘irroq gunohdir. Muqaddas dinimizda unday kishini gunohi mamlakat ustiga dushman bostirib kelganda Vatanni tashlab qochib ketgan kishining gunohi bilan tenglashtirilgan.

  عمرو بن جابر قال سمعت جابر بن عبد الله الأنصاري يقول قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: الفار من الطاعون كالفار من الزحف والصابر فيه كالصابر في الزحف. حسن لغيره

Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:  “To'un tarqalgan vaqtda undan qochib boshqa joyga ketadigan kishining gunohi urush vaqtida dushmanga orqa o‘girib qochgan kishining gunohi kabidir. O‘sha vaqtda uyida sabr qilib o‘tirgan kishining savobi urushda qochib ketmay sabr bilan dushmanga qarshi jang qilgan kishining savobi kabidir”. Imom Ahmad rivoyati.

Dushman bostirib kelganda Vatanni tashlab qochib ketgan kishining gunohi esa yettita halok qiluvchi eng og‘ir gunohlarning biri ekanligi hadislarda bayon qilingan. Ushbu hadislardan bu kabi ommaviy tarqaluvchi kasalliklar yurt boshiga kelganda u joyni tashlab boshqa tomonga qochadiganlarning gunohi va uyda sabr qilib o‘tirganni savobi shunchalik ulkan ekanligidan bu kabi kasalliklarning jamiyatga keltiradigan zarar ko‘lami ham nechog‘lik ulkanligini anglab yetsa bo‘ladi.

Bu ommaviy tarqaluvchi kasallik ham Alloh taoloning bandalariga yuborgan sinovlaridan biridir. Alloh taolo bu haqda kalomi sharifida shunday marhamat qiladi:

 وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ 

Ya'ni, “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” Baqara, 2/155.

Darhaqiqat, hozir biz har bir kunimiz, har bir daqiqamizda sinov holatidamiz. Bu sinovning darajasi shu darajadaki, bugun rahbarlarimiz buyrug‘iga itoatan zarurat bo‘lmaganda tashqariga chiqmay o‘zimiz va oilamiz xavfsizligi uchun uyda o‘tirishimiz, karantin talablariga rioya qilishimiz savobda Vatan himoyasi kabi sharafli ish bilan tengdir. Ammo bu ishning aksini qilish oqibatidan va uning gunohidan Alloh saqlasin! O‘z rahbarlariga itoat etmagan davlatlarning bugungi kundagi ahvoli barchamizga ma'lum azizlar.  Oyatning so‘ngida mana shunday og‘ir sinovli damlarda sinov vaqtlarini sabr bilan yengib o‘tganlarga Alloh taolodan xushxabar borligi ta'kidlanmoqda.

Karantin sababli uyda qolish bekorchi bo‘lib qolish degani emas, albatta. Buning ham o‘z hikmati bor. Mo‘min kishi bundan ham unumli foydalanib, avvalo kundalik ish sababli o‘z uyidan, oilasidan uzoqlashaganlar oiladagi muammolar va ularni yechimi bilan, eng avvalo farzandlari bilan yaqin muloqotda bo‘lib,  ularning ta'lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishi lozim. Mana shunday sinovli kunlarni barchamiz sabr-bardosh bilan bir-birimizga oqibatli bo‘lib yengib o‘tmog‘imizni Yaratganni o‘zi muyassar qilsin!

Nodir Qobilov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot  markazi ilmiy xodimi

Kiritilgan vaqti: 30/03/2020 13:04;   Ko‘rilganligi: 2217
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/hadiths/turli-ofatlar-vaqtida-kishi-ozini-qanday-tutmogi-lozim
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 21:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing