O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Hadislar

"Sahobalarning fazli borasida yuz oyat" turkumi

 
 

Alloh taolo Qur’oni karimda sahobalarning fazli borasida ko‘plab oyatlar nozil qilgan. Ularni matonatlarini, iymon quvvatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan itoatlari va nusratlarini maqtab oyatlar nozil qilgan. Alloh taolo ulardan rozi ekanligini va rahmatiga olishligini va’da qilgan.

Ushbu turkum maqolani ma’lumotlar asosida Qur’oni karimda sahobalarning fazli borasida nozil bo‘lgan yuz oyat haqida Alloh qodir qilguncha yoritishga harakat qilamiz. Oddiy kishi ham ushbu oyatlarni anglay olsa, sahobalarning qanday ulug‘ zot ekanliklarini anglab yetadi.

﴿ مُحَمَّدٌ رَسُولُ اللَّهِ وَالَّذِينَ مَعَهُ أَشِدَّاءُ عَلَى الْكُفَّارِ رُحَمَاءُ بَيْنَهُمْ تَرَاهُمْ رُكَّعًا سُجَّدًا يَبْتَغُونَ فَضْلًا مِنَ اللَّهِ وَرِضْوَانًا سِيمَاهُمْ فِي وُجُوهِهِمْ مِنْ أَثَرِ السُّجُودِ ذَلِكَ مَثَلُهُمْ فِي التَّوْرَاةِ وَمَثَلُهُمْ فِي الْإِنْجِيلِ كَزَرْعٍ أَخْرَجَ شَطْأَهُ فَآزَرَهُ فَاسْتَغْلَظَ فَاسْتَوَى عَلَى سُوقِهِ يُعْجِبُ الزُّرَّاعَ لِيَغِيظَ بِهِمُ الْكُفَّارَ وَعَدَ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ مِنْهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا ﴾ [الفتح: 29[

Muhammad Allohning Rasulidir. U bilan birga bo‘lganlar kofirlarga shiddatli, o‘zaro rahimdildirlar. Ularni Allohdan fazl va rozilik tilab, ruku’ va sajda qilgan hollarini ko‘rursan. Ularning siymosi sajda asaridan yuzlarida (balqiydir). Ana o‘sha, ularning Tavrot va Injildagi misollaridir. Bu xuddi urug‘ini yorib chiqarib, quvvatlanib, yo‘g‘onlashib, poyasida tik turib, dehqonlarni ajablantirgan bir ekinga o‘xshaydir. Kofirlarning g‘azabini qo‘zish uchun. Alloh ulardan iymon keltirib va solih amallarni qilganlarga mag‘firat va ulug‘ ajrni va’da qildi (Fath surasi 29-oyat). [1]

Sahobalar, otalari yoki bolalari kofirlar safida bo‘lsalar, ularga qarshi ham qattiqqo‘l bo‘lganlar. Ammo kim bo‘lishidan qattiy nazar, musulmonga mehribon bo‘lishgan. Ularning asosiy sifatlaridan biri — hamma ishni Allohning fazli va roziligi uchun qilishlari. Yana bir sifatlari — ular doim ruku’ va sajda xolatida, ya’ni, ibodat xolatida bo‘ladilar. [2]

Har qanday holatda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yolg‘iz tashlab qo‘ymaganlar. Sahobalar bir-birlariga bo‘lgan muhabbatlarini va mehr-shafqatlarini ko‘rgan kishi ular aka-uka deb o‘ylaydi. Garchi, ular aka-uka bo‘lmasalar ham aka-uka bir biriga ko‘rsatgan mehr-oqibatni bir-birlariga ko‘rsata olganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Musulmon musulmonning birdari” deb aytgan gaplariga amal qilishgan.

Ularning ruku’ va sajdada bo‘lishliklari ularning asosiy belgilari hisoblanadi. Ular doimo Alloh taoloning roziligi uchun harakat qilganlar. Qiyomat kunida sajdadan bo‘lgan belgi ularning yuzlarida balqib turadi. Bu belgini ko‘rgan kishi ularni sahoba ekanliklarini bilib olishi qiyin bo‘lmaydi.

Ushbu oyati karimadan kelib chiqadiki, shiddat va qattiqqo‘llik kofirlarga, rahmat va muloyimlik esa musulmonlargadir. Musulmonlar o‘zlarini qilayotgan amallari bilan qolganlardan yaqqol ajralib turadi. Ularning qilayotgan barcha amallarida ixlos bor. [3]

“Alloh ulardan iymon keltirib va solih amallarni qilganlarga mag‘firat va ulug‘ ajrni va’da qildi”.

Alloh taolo barcha sahobalardan shu qatori bizlardan ham rozi bo‘lsin!

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi Abdussami Ergashev

[1] Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf rohimahullohning “Qur’oni karim – ma’nolar tarjimasi” kitobi.

[2] Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf rohimahullohning “Tafsirul hilol” asari.

[3] Shayx Vahba Zuhayli rohimahullohning “Tafsirul munir” asari.


Kiritilgan vaqti: 05/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 3143
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/hadiths/sahobalarning-fazli-borasida-yuz-oyat-turkumi
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 18:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing