Rasululloh qaytargan uch amal
Bizga Muhammad ibn Salom hadis aytdi. U: Bizga Jarir Abdulmalik ibn Umayrdan, u Mug‘ira ibn Shu'ba (r.a.)ning kotibi Varroddan xabar berdi, – dedi. Varrod aytdi: “Moviya Mug‘iyraga “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan narsalaringdan yozib yubor”, deb xat yozdi. Varrod aytadi: Bas, (Mug‘ira) menga imlo qildi (aytib turdi) va men qo‘lim bilan yozdim: “Albatta, men U zot (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam)ni ko‘p savol so‘rashdan, molni zoye qilishdan va dedi-dedidan qaytarganlarini eshitdim”, – dedi”.
Mug‘ira ibn Shu'ba–Abu Abdulloh as-Saqafiy Madinalik sahobiy, fors mamlakati fathidan avvval uning podshosi Rustami doston bilan muzokara olib borgan.
Hadisning umumiy ma'nosi:
Mug‘ira ibn Shu'ba: “Albatta, men U zot (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam)ni ko‘p savol so‘rashdan,”
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘zlariga kelgan risolatni va unda bajarishga buyurilgan hamda man qilingan amallarni ummatiga bosqichma-bosqich yetkazib berdilar. Ana shunday amallardan biri ko‘p savol so‘rash hisoblanadi. Rasululloh bu so‘zlari bilan mutlaq savol berishni man qilmadilar, balki ortiqcha – jamiyat va o‘zi uchun keraksiz bo‘lgan savollarni berishdan qaytardilar. Sahobalar iymon-e'tiqod, shariat masalalariga juda haris edilar. Aynan shariatda harom yoki halolligi bayon qilinmagan narsa haqidagi sahobaning savoli sababidan o‘sha narosani harom qilinishiga olib kelishi ehtimoli bo‘lgan. Hadisning zamirida (boshqa hadislarda kelganidek) Qur'onda harom deb keltirilmagan narsalar haqida “bu halolmi, bu harommi” deb so‘rash ham yotadi. Shu sababli Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam quyidagi oyatga muvofiq sahobalarni ko‘p savol berishdan qaytarganlar.
Alloh taolo: “Ey mo‘minlar! Agar oshkor bo‘lsa, sizlarni xafa qiladigan narsalar haqida so‘ramanglar!”[1] – deb marhamat qiladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu mazkur oyatni: “Buning ma'nosi: Kutib turinglar! Qur'on nozil bo‘lganda so‘rayotgan narsalaringiz bayonini topasizlar,” – deb sharhlaganlar.
Ba'zi ulamolar ko‘p savol so‘rashdan murod, biror ehtiyoj bo‘lmay turib tilanchilik qilish yoki hayotda uchramaydigan voqea va masalalarni so‘rash yoxud kishi o‘ziga yoxud diniga foydasi bo‘lmagan behuda xabarlarni surishtirib yurish kabilardir, deb ta'rif berishganlar.
Shuningdek savol uch qismga bo‘linadi:
- So‘ralishi shart bo‘lgan savol.
- So‘ralishi mumkin bo‘lmagan savol.
- Suralishi ixtiyoriy bo‘lgan savol.
Savolni beruvchi so‘ramoqchi bo‘lgan savoli qaysi toifaga kirishini aniqlamog‘i lozim bo‘ladi.
“molni zoye qilishdan”
Alloh taolo bandalarini bu dunyoga imtihon qilish uchun keltirdi. Kimnidir musibat bilan, kimnidir dard bilan sinaydi. Alloh taolo tomonidan bandasini imtihon qilinishining turlari ko‘p, ana shu sinovlardan biri bandasini molu davlat bilan ne'matlanishidir. Islom dinida molu davlat bilan ne'matlangan banda o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanib, boyligini yaxshilikka sarflashi ham ibodat hisoblanadi. Ammo molni zoye qilish esa, uni noo‘rin, dunyo va oxirat uchun ham foydasi tegmaydigan joylarga sarflash isrofdir, isrof esa muqaddas dinimizda gunoh xisoblanadi.
“va dedi-dedidan qaytarganlarini eshitdim”, – dedi”.
Odamlardan eshitganini rost-yolg‘onligi aniq bo‘lmasdan va oqibatini o‘ylab ko‘rmasdan boshqalarga yetkazish, asosi yo‘q gaplarni tashish jamiyat ittifoqligiga, odamlar orasiga rahna soluvchi eng og‘ir gunohlardan biri sanaladi. Chunki, ba'zi katta gunohlarning ta'siri faqat o‘z egasiga bo‘lsa, bu kabi gunohlarning ta'siri butun jamiyatga bo‘ladi. Bu qabih amalning ta'sirida hatto aka-uka, opa-singillar, qavmu qarindoshlar bir-birlaridan yuz o‘giradilar. Shuning uchun ba'zi gunohlar bajarilib bo‘lishi bilan uning zarari tugallangan hisoblansa, yetkazilgan bir asossiz so‘z yoki tuhmat gap tashishning zarari va o‘z egasiga gunoh yozilishi yillar o‘tsada to‘xtamaydi.
Axborot tarqalishi tezkor bo‘lgan hozirgi vaqtda xalqimiz tinchligini buzish maqsadida o‘z manfaati uchun yolg‘on xabar tarqatuvchi ommaviy axborot vositalari ko‘payganini hamda dunyoning turli davlatlarida sodir bo‘layotgan har qanday xunrezliklarning boshlanishi zamirida ham aslida ana shunday yolg‘on xabarlar yotganligini hargiz yoddan chiqarmaslik lozim. Mo‘min-musulmon kishi o‘ziga kelgan har qanday xabarni, xossatan din-diyonatga, aqidaga bog‘liq bo‘lganlarini tahlil qilmog‘i, uning zamiridagi asl haqiqatni va bu kabi xabarlarni tarqatuvchisining asl maqsadi nima ekanligini anglab yetishga harakat qilishi bugungi davrning dolzarb talablaridandir.
Bu borada Alloh taolo Hujurot surasining 6-oyatida “Ey mo‘minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda, biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib ko‘ringlar!” deb mo‘minlarni har xil xabarlarga aldanib qolmaslikka, kelayotgan har qanday xabarni tekshirib ko‘rishga buyuradi.
Hadisdan olinadigan foydalar:
- Dunyo va oxiratga foydasi bo‘lmagan narsalarni so‘ramaslik.
- Kishi o‘zi va jamiyati uchun foydasi bo‘lmagan ilmlardan o‘zini saqlash.
- Molu davlatni behudaga sarflamaslik.
- Asossiz so‘z va xabarlarga ishonmaslik.
- Asosi yo‘q va foydasiz xabarlarni jamiyat orasida tarqatish va tarqalishidan saqlanish.
[1] Moida, 101.
Kiritilgan vaqti: 28/11/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2655
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 11:55