O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Hadislar

Ota-onaga yaxshilik qilish fazilati (Bir hadis sharhi)

 
 

قال النبي صلى الله عليه وسلم: رِضَا الرَّبِّ في رِضَا الوالِدِ، وَسَخَطُ الله في سَخَطِ الوَالِدِ.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Robbning roziligi otaning roziligida va Allohning g‘azabi otaning g‘azabidadir”.

Sharh: Alloh taolo ota-onaga yaxshilik qilish xususida shunday marhamat qilgan:

"واعبدوا الله ولا تشركوا به شيأ وبالولدين احسانا"

“Allohga ibodat qilingizlar va Unga hech narsani sherik qilmangizlar! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingizlar!...”.[1]

Ankabut surasida esa:

"ووصينا الانسان بولديه حسنا"

“Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik[2] (ya'ni ota-ona xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, xoh musulmon, xoh kofir bo‘lsin, ularga yaxshilik qilish farzandning burchidir), degan.

Demak, ota-ona nomiga sazovor bo‘lgan shaxs borki, dinimizda ular ehtiromga loyiq zotlar sifatida qadrlanadi. Yuqoridagi hadisi sharif matnida kelgan “Robbning roziligi” otaning roziligi va “Allohning g‘azabi” otaning g‘azabida ekanining o‘zi ham, Islomda ularning qadri qanchalar yuksak ekaniga dalolat qilib turibdi.

Ibn Hibbon va Hokim rivoyat qilgan sahih hadisda ikkala o‘rinda ham “ota” so‘zi o‘rniga “ota-ona” so‘zi keltirilgan va buni roviydan shak deyilgan. Hadis kitoblarning ba'zi joylarida “roviydan shak” degan so‘zga ko‘zimiz tushadi. Bu esa o‘sha hadisi sharifni kuchsiz ekaniga emas, balki faqat o‘sha lafz haqida roviyning shakda ekanini ifodalaydi. Yana ham aniqroq aytsak, roviy shu ikkala so‘zdan qaysi birini aytganlari haqida shakka tushganini tushunsak bo‘ladi.

Dunyoda hech bir buyuk shaxsning so‘zi yoki u haqidagi ma'lumotlar, oxirzamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari va hayotlari singari aniqlik bilan saqlanib qolinmagan. Hattoki, o‘zimiz ham bundan bir necha kun oldin o‘zimiz aytgan so‘zlarni so‘zma so‘z aytib berishimiz amri mahol. Lekin sahobalar va ulardan keyingi mas'uliyatli musulmon ulamolarning sharafli xizmatlari sababli, hadislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlaridan qanday eshitilgan bo‘lsa, xuddi shundayligicha bizgacha yetib kelgan.

Imom Termiziy bu hadisi sharifni mavquf deganlar. Ota deyilganda o‘zining asl ota va bobosi kiradi. Ota-onani rozi qilishlik bilan Allohning roziligiga erishiladi. Ularni g‘azablantirish bilan Allohning g‘azabiga duchor bo‘linadi. Agar bu amr va qaytariqlar farzandning shaxsiga zulm bo‘lsa ham, Alloh taoloning shariatiga xilof bo‘lmasa, farzand savob umidida ota onaning bu ishiga sabr qiladi. Ibn Abbos raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda shunday deyiladi:

عن بن عباس قال : "مَا مِنْ مُسْلِمٍ لَهُ وَالِدَانِ مُسْلِمَانِ، يُصْبِحُ إِلَيْهِمَا مُحْتَسِبًا، إِلاَّ فَتَحَ لَهُ اللهُ بَابَيْنِ - يَعْنِى مِن الْجَنَّةِ - وَإِنْ كَانَ وَاحِدٌ، فَوَاحِدٌ. وَإِنْ أَغْضَبَ أَحَدَهُمَا لَمْ يَرْضَ اللهُ عَنْهُ حَتَّى يَرْضَى عَنْهُ. قِيلَ: وَإِنْ ظَلَمَاهُ،

قَالَ: وَإِنْ ظَلَمَاهُ".

Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot: “Bir musulmon insonning musulmon ota-onasi bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib, uning savobini kutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar faqat biri bo‘lsa bir eshikni ochadi. Agar farzand ota-onadan birining g‘azabini chiqargan bo‘lsa, undan o‘sha shaxs rozi bo‘lmagunicha, Alloh rozi bo‘lmaydi”, dedilar. “Ota-ona unga zulm qilgan bo‘lsa hammi?” – deyildi. “Zulm qilgan bo‘lsalar ham” – dedilar.

Imom Tahoviy: "Farzand muboh narsalarda bo‘ysunadi. Nahy qilingan narsalarda emas”, deydilar.

Tohir Fataniy: “Agar ikkovlari dunyoviy ishlarda unga zulm qilsalar, ko‘nadi va bo‘ysunadi, oxirat ishlarida emas” degan.

Imom G‘azzoliy: “Ko‘pchilik ulamolar ota onaning itoati shubhali narsalarda vojibligini aytganlar. To‘liq haromda vojib bo‘lmaydi. Chunki, shubhani tark qilish vara'ga kiradi. Ota onaning itoati esa majburiydir", deganlar[3] deganlar.

Ulamolar yana quyidagilarni aytadilar: “Agar ota-onaning haqqiga barobar rioya qilish mumkin bo‘lmay qolsa, ulug‘lash va ehtirom ma'nosida ota ustun qo‘yiladi. Chunki, nasab undandir. Xizmat va in'om yuzasidan onaning haqqi ustun qo‘yiladi. Misol uchun, ota-ona tashqaridan kirib kelganda ota uchun o‘rindan turiladi. Farzand biror narsa hadya qiladigan bo‘lsa onasidan boshlaydi. Farzand ota-onadan faqat bittasiga nafaqa berishga qodir bo‘lsa, onasiga beradi[4].

Demak ota-onani rozi qilish bu dunyoda ham, oxiratda ham faqat va faqat yaxshilikka sabab bo‘lishini unutmaslik lozim. Alloh taolo barchalarimizga, ota-onalarimizni rozi qilib, Alloh taoloning roziligiga erishmog‘imizni nasib qilsin!


[1]Niso surasi 36-oyat mazmuni.

[2]Ankabut surasi 8- oyat mazmuni.

[3]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Odoblar haziynasi. Sharq. Toshkent. 2011. B.67.

[4]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Odoblar haziynasi. Sharq. Toshkent. 2011. B.67.


Kiritilgan vaqti: 24/06/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3788
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/hadiths/ota-onaga-yaxshilik-qilish-fazilati-bir-hadis-sharhi
Chop etilgan vaqti: 20/06/2021 06:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing