O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Hadislar

Bemorlikka beriladigan ajrlar

 
 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Musulmonga qay bir musibat: horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini (gunohlarini) kaforat qiladi», dedilar».

Demak, musulmon kishi katta-yu kichik musibatlarga, og‘ir bemorliklarga ham, tikon kirishiga ham sabr qilmog‘i lozim bo‘lar ekan.

Oisha roziyallohu anhoning huzurlariga u kishi Minoda turganlarida qurayshlik yoshlar kulib kirib keldi. Bas, u kishi:

«Sizlarni nima kuldirmoqda?» dedilar.

«Falonchi chodirning ipiga qoqilib, yiqilib bo‘yni sinishiga va ko‘zi chiqishiga sal qoldi», dedilar.

«Kulmanglar! Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, “Qay bir musulmonga tikan kirsa yoki undan ortiq narsa yetsa, albatta, unga bir daraja yozilur va bir xatosi o‘chirilur, deganlarini eshitganman», dedilar Oisha onamiz.

E’tibor beraylik, hadisi sharifda aytilishicha, ana shunday holga tushgan odamga Alloh taolo katta marhamat ko‘rsatar ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam unday kishi haqida: “Qay bir musulmonga tikan kirsa yoki undan ortiq narsa yetsa, albatta, unga bir daraja yozilur va bir xatosi o‘chirilur”, demoqdalar.

Qanday qilib Alloh taoloning ulkan marhamatiga sazovor bo‘lib turgan inson ustidan uni masxara qilib kulish mumkin!? Har birimiz bu masalada juda ham ehtiyot bo‘lmog‘imiz lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni sinovga uchratur”, dedilar”.

Ana o‘shandek sinovlarning biri bemorlikdir. Demak, bemorlikka mubtalo bo‘lgan musulmon inson o‘ziga oriz bo‘lgan xastalikni Alloh taolodan o‘ziga nisbatan sinov deb bilmog‘i lozim va sabr qilib, Alloh taoloning O‘zidan shifo so‘ramog‘i kerak. Mo‘min-musulmon odam o‘ziga bemorlik yetganda sabrsizlik qilish o‘rniga, sabr qilib, xastalikni Alloh taolo beradigan yaxshilikdan oldingi sinov deb bilmog‘i lozim. Agar o‘sha sinovdan yaxshi o‘tsa, unga yaxshilik ato qilinadi. Mabodo, Alloh ko‘rsatmasin, sinovdan o‘ta olmasa, o‘zidan ko‘rsin.

Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko‘ra shiddatliroq bemorlikka uchraydigan biror kishini ko‘rmadim”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning Alloh taolo huzuridagi maqomlari ulug‘ bo‘lganidan ham u zotga dardning shiddatlisi kelar edi. Biror musulmon banda xastalikka chalinsa, nima uchun hadeb bemor bo‘laverar ekanman, boshqalar soppa-sog‘ yuribdi-ku, qabilidagi gap-so‘zlarga bormay Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning bemorlikka uchrashlarini ko‘z oldiga keltirmog‘i lozim. Bemorlikka uchrash Alloh taoloning azobiga uchrash degani emas ekan, balki ba’zi vaqtlarda, xususan, mo‘min-musulmon, taqvodor odamlar uchun bemorlik darajalarining ko‘tarilishi uchun xizmat qilishi ham mumkin ekan.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam Ummu Soibning huzuriga kirdilar va:

“Ey Ummu Soib, senga nima bo‘ldi, qaltirayapsan? ” dedilar.

“Isitma! Alloh uni barakasiz qilsin!” dedi u.

“Isitmani qarg‘ama. U odam bolasining xatolarini xuddi bosqon temirning zangini ketkazganidek ketkazur”, dedilar u zot”.

Ushbu hadisi sharifdan bir necha muhim masalalarni o‘rganib olamiz.

Avvalo, erkak kishi bemor bo‘lib yotgan ayol kishini ko‘rgani borishi mumkinligi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning Ummu Soib onani ko‘rgani borganlari shunga dalolat qiladi.

Ikkinchidan mo‘min-musulmon odam o‘ziga yetgan bemorlikni so‘kmasligi kerakligi.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam bemorlikdan qiynalayotgan bir kishini ko‘rgani bordilar va unga: “Xursand bo‘l! Alloh bu mening olovimdir, uni gunohkor bandamga do‘zaxdagi nasibasi o‘rniga berurman, deyur”, dedilar.

Bu hadisi sharif bemorlikka sabr qilishning ko‘plab foydalaridan yana birini bayon qilmoqda. Unda bu dunyoda tortgan dard, agar banda dardni sabr ila, Alloh taoloning hukmiga rozi bo‘lib, shariatga xilof qilmay boshdan kechirsa, oxiratda bo‘ladigan azob o‘rniga o‘tishi mumkinligi bayon qilinmoqda.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallamning:

Albatta, Alloh taolo, qachonki bandamni ikki suyuklisi ila mubtalo qilganimda u sabr qilsa, ikkisining evaziga unga jannatni berurman, deyur”, deganlarini eshitdim”.

Bu hadisi sharifdagi “ikki suyuklisi” dan murod ikki ko‘zidir.

Albatta, ikki ko‘zidan ajrash yoki umuman ikki ko‘zi ko‘rmaydigan bo‘lib tug‘ilish har qanday banda uchun og‘ir musibat. Shuning uchun ham bu og‘ir musibatga sabr qilgan bandaga ulkan mukofot – jannat va’da qilinmoqda.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

Qorin xastaligi ila o‘lgan shahiddir, vaboda o‘lgan shahiddir”, dedilar”.

Bemorliklarga sabr qilgan mo‘min-musulmon bandaga bir necha xil mukofotlar va’da qilinmoqda.

gunohlarning yuvilishi;

darajalarning ko‘tarilishi;

xatolarning o‘chirilishi;

Alloh taolo yaxshilikni iroda qilishi;

dardning og‘irligiga qarab ajrning ko‘payib borishi;

dard chekib, sabr qilib tuzalgan odam gunohlardan pok bo‘lishi;

tortilgan dard oxirat azobi o‘rniga o‘tishi;

Og‘ir dardga sabr qilgan bandaning jannatga kirishiga sabab bo‘lishi.

Bu yerda zinhor va zinhor savob bo‘lar ekan deb o‘ziga xastalik tilash yoki xastalikka olib boradigan ishni qilish, qasddan davolanmay yurish mutlaqo mumkin emas.


Kiritilgan vaqti: 07/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2576
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/hadiths/bemorlikka-beriladigan-ajrlar
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 13:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing