O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

Muhkam va mutashobih oyatlar

 
 

Qur’oni Karimda muhkam va mutashobih oyatlar borligi, muhkam oyatlar kitobning asli ekani quyidagicha bayon qilingan:

هُوَ الَّذِي أَنْزَلَ عَلَيْكَ الْكِتَابَ مِنْهُ آيَاتٌ مُحْكَمَاتٌ هُنَّ أُمُّ الْكِتَابِ وَأُخَرُ مُتَشَابِهَاتٌ

«U senga kitobni tushirgan Zotdir. Unda muhkam – oydin oyatlar ham bor va ular kitobning aslidir va mutashobih (oyat)lar ham bor» ("Oli Imron" surasi, 7-oyat).

Ushbu oyatga ko‘ra, e’tiqodiy hukmlarda ham, amaliy hukmlarda ham asosiy tayanch kitobning asli bo‘lgan muhkam oyatlar hisoblanadi.

Muhkam lug‘atda «ochiq-oydin», «aniq-ravshan» ma’nolarini anglatadi.

Muhkamning istilohiy ma’nosi to‘g‘risida ko‘plab ta’riflar berilgan bo‘lib, ularning eng mo‘tabar va mashhurlaridan biri Lomishiy rahmatullohi alayhning quyidagi ta’rifidir:

ما أحكم المراد به قطعا ولا يحتمل إلا وجها واحدا

«Iroda qilingan ma’nosi qat’iy ravishda ochiq-oydin bo‘lib, faqat bitta ma’noning ehtimoli bo‘lgan oyatlar muhkam deyiladi»[1].

«Mutashobih» lug‘atda «o‘xshash», «noaniq» va «qorong‘u» kabi ma’nolarni anglatadi. Mutashobihning istilohiy ma’nosini Lomishiy rahmatullohi alayh bunday ta’riflagan:

المتشابه ما اشتبه به مراد المتكلم على السامع لاحتماله وجهين مختلفين و حكمه التوقف فيه

«Bir-biriga zid ikki xil ma’noning ehtimoli bo‘lgani uchun so‘zlovchining iroda qilgan narsasi eshituvchiga noaniq bo‘lib qolgan so‘zlar mutashobih deyiladi»[2].

Demak, mutashobih oyatlar deganda lafzidan ko‘zlangan ma’nosi aniq-ravshan bo‘lmagan oyatlar tushuniladi. Mutashobih oyatlar uch qismga taqsimlanadi[3]:

1. Lafzi mutashobih oyatlar. Lafzi mutashobih oyatlarning o‘zi ikki navga bo‘linadi:

A. Faqat bitta lafzi mutashobih oyatlar. Masalan:

وَفَاكِهَةً وَأَبًّا

«Va mevalarni va o‘t-o‘lanlarni ham (o‘stirib qo‘ydik)» ("Abasa" surasi 31-oyat).

Ushbu oyatdagi «o‘t-o‘lanlar» deya tarjima qilingan أَبًّا lafzidan iroda qilingan ma’no «mevalar» ma’nosini anglatuvchi فَاكِهَةً lafzi kabi aniq emas;

B. Umumiy jumlasi mutashobih oyatlar. Masalan:

لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ

«U Zotga o‘xshash hech narsa yo‘qdir» ("Shuro" surasi 11-oyat).

Ushbu oyatning jumlasi mutashobihdir. Ya’ni مِثْلِ lafzidan oldin كَ harfi kelgani sababli oyatning umumiy jumlasi mutashobih bo‘lib qolgan. Shunga ko‘ra, ushbu oyatning umumiy jumlasi haqida olti xil qarash aytilgan:

1) كَ harfi zoida bo‘lib kelgan;

2) ta’kid harfi, o‘xshashlikni inkor qilishni ta’kidlash uchun kelgan;

3) مِثْلِ kalimasi مَثَلِma’nosida kelgan, bundan sifat ma’nosi tushuniladi;

4) مِثْلِهِ kalimasi نَفْسِهِ ya’ni «Uning O‘zi» ma’nosida kelgan;

5) bu jumla kinoya bobidandir;

6) bu jumla xuddi مثلك لا يبخل (Sening mislingdek kishi baxillik qilmaydi) jumlasiga o‘xshashdir. Ya’ni ushbu so‘zdan unga bir mislni (o‘xshash, kabi) isbot qilishni emas, balki أنت لا تبخل (sen baxillik qilmaysan) ma’nosi tushuniladi.

2. Ma’nosi mutashobih oyatlar. Alloh taoloning sifatlarini bayon qilgan oyatlar. Masalan:

فَسُبْحَانَ الَّذِي بِيَدِهِ مَلَكُوتُ كُلِّ شَيْءٍ وَإِلَيْهِ تُرْجَعُونَ

«Bas, barcha narsaning tom egaligi qo‘lida bo‘lgan Zot pokdir. Ungagina qaytarilursizlar»("Yosin" surasi, 83-oyat).

Mazkur oyatda Alloh taoloning o‘zbek tilida «qo‘l» ma’nosini anglatuvchi «yad» sifati zikr qilingan. Ushbu «yad»dan nima iroda qilingani mutashobihdir.

3. Lafzi ham, ma’nosi ham mutashobih oyatlar. Lafzi ham, ma’nosi ham mutashobih oyatlarni umumiy qilib besh navga ajratish mumkin:

1. Miqdori jihatidan mutashobih oyat. Masalan:

فَاقْتُلُوا الْمُشْرِكِينَ حَيْثُ وَجَدْتُمُوهُمْ

«Mushriklarni qayerda topsangiz, o‘ldiringlar» ("Tavba" surasi, 5-oyat).

Ushbu oyat umum va xoslikda mutashobihdir. Ya’ni ushbu oyatning ma’nosi, urush qilgan yo qilmaganidan qat’iy nazar, katta-kichik, erkak-ayol – barcha mushriklarga umumiymi, yoki musulmonlarga qarshi urushayotgan arab mushriklariga xosmi hamda «qayerda topsangiz» ma’nosiga Haram hududi ham kiradimi yo kirmaydimi? Ushbu oyat ana shu umum va xoslikda mutashobihdir.

2. Ko‘rinishi jihatidan mutashobih oyat. Masalan:

فَانْكِحُوا

«Nikohlab olinglar» ("Niso" surasi, 3-oyat).

Ushbu oyatdagi buyruq nikohga olishning vojib yo mandub ekaniga dalolat qilishida mutashobihdir.

3. Zamoni jihatidan mutashobih oyat. Masalan:

وَإِنْ يَكُنْ مِنْكُمْ مِائَةٌ يَغْلِبُوا أَلْفًا مِنَ الَّذِينَ كَفَرُوا

«Agar sizdan yuzta bo‘lsa, kufr keltirganlardan mingtasini yengadir» ("Anfol" surasi, 65-oyat).

Ushbu oyat quyidagi oyat bilan qaysi biri nosix, qaysi biri mansux ekanida mutashobihdir:

فَإِنْ يَكُنْ مِنْكُمْ مِائَةٌ صَابِرَةٌ يَغْلِبُوا مِائَتَيْنِ

«Bas, agar sizdan yuzta sabrli bo‘lsa, ikki yuztani yengadir» ("Anfol" surasi, 66-oyat).

Ya’ni ushbu oyatlarning qaysi biri keyin nozil qilingani oyatlarning o‘zidan aniq ravshan bilinmaydi.

4. Makoni va nozil bo‘lgan ishlari jihatidan mutashobih oyat. Masalan:

وَلَيْسَ الْبِرُّ بِأَنْ تَأْتُوا الْبُيُوتَ مِنْ ظُهُورِهَا

«Yaxshilik uylarning orqasidan kirishingizda emas» ("Baqara" surasi, 189-oyat)

Johiliyat davrida insonlar agar Haj yo Umra uchun ehromga kirsalar, to ehromdan chiqqunlariga qadar uylarining eshiklaridan kirish yaxshi emas, deb e’tiqod qilar edilar. Ushbu e’tiqodlariga ko‘ra, mazkur kishilar uylariga kirmoqchi bo‘lsalar, uylarining orqasidan darcha ochib kirar edilar. Ularning bu odatlarini bilmagan kishi ushbu oyatni tushuna olmaydi. Shuning uchun ushbu oyat zamoni va nozil bo‘lgan ishlari e’tiboridan mutashobih hisoblanadi.

5. Shartlari jihatidan mutashobih oyat. Masalan:

فَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ

«Bas, namoz o‘qinglar va zakot beringlar» ("Mujodala" surasi, 13-oyat).

Ya’ni ushbu oyatda namoz o‘qish va zakot berishga amr qilingan, lekin namoz va zakot ibodatining shartlari bayon qilinmagani jihatidan mutashobih hisoblanadi. Mazkur ibodatlarning shartlari hadisi shariflarda bayon qilib berilgan.

Ushbu misollardan ko‘rinib turibdiki, iroda qilingan ma’nosi ochiq-oydin bo‘lmagan barcha oyatlarga mutashobih ismi ishlatilgan. Natijada mutashobih oyatlardan iroda qilingan ma’nolarni bandalar bilishlari mumkin yo mumkin emasligi to‘g‘risida tabiiy ravishda turli ixtiloflar yuzaga kelgan.

---

[1] Ahmad ibn Abi Said Mulla Jiyvan "Nurul anvor" . Hofiz Sanaulloh Zohidiy tahqiq va ta’liqi. 2-jild, 224-bet.

[2] Ahmad ibn Abi Said Mulla Jiyvan "Nurul anvor" . Hofiz Sanaulloh Zohidiy tahqiq va ta’liqi. 2-jild, 263-bet.

[3] Alloma Abul Fazl Abdurrahmon hofiz Jaloliddin Suyutiy, "Itqon fi ulumil Qur’an" 1-juz, 244-bet.

Manba: "Azon.uz"


Kiritilgan vaqti: 08/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 9470
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/muhkam-va-mutashobih-oyatlar
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing