O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

Bir oyat sharhi yohud ibodatlarning eng afzali

 
 

Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi va sallamga salavot aytish to‘g‘risida Ahzob surasi 56-oyatida shunday marhamat qiladi:

إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

“Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!

يُصَلُّونَ (yusolluna) - so‘zi arab tilida “duo qiladilar va istig‘for aytadilar”- degan ma’noni bildiradi.

Shuningdek, Alloh taolo Tavba surasining 103-oyatida esa:

وَصَلِّ عَلَيْهِمْ إِنَّ صَلَاتَكَ سَكَنٌ لَهُمْ وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ

“Va ular (haqqi)ga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir. Alloh eshituvchi va biluvchidir”-degan.

Mufassir olimlar ushbu oyatning sharhida “ularning haqqiga mag‘firat va rahmat so‘rab duo qiling!”- degan ma’no borligini aytishgan.

Farz namozida duo va istig‘for bo‘lganligi uchun “solat”-“duo” deb nomlangan. Shuningdek, namoz rahmat ma’nosida ham kelgan bo‘lib, bunga misol qilib Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Allohim Abu Avfoning ahliga rahm qilgin!”, degan duolarini keltirish mumkin.

Abul Oliya aytadi: “Alloh taoloning “solati” degan so‘zdan farishtalar huzurida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning haqlariga aytgan maqtovi bo‘ladi va maloikalarning “solati” degani esa, ularning u zotning haqqiga qilgan duosi nazarda tutilgan[1].

النَّبِيِّ : Javhariy aytadi; “Nabiy” so‘zining ma’nosi Alloh taolo haqida “xabar yetkazuvchi kishi”, deganidir. Chunki nabiy Alloh taolo haqida xabar beradi. Bu so‘zning ko‘plik shakli “anbiyo” bo‘ladi. Nihoya kitobida “nabiy” so‘zi “nabi’” va “nabiy” shakllarida kelgan.

Sobuniy aytadi: Qur’onda kelgan “nabiy” va “rasul” so‘zlaridan ko‘zlangan maqsad ham nabiy va rasullarning xatmikunandasi Muhammad Rasululloh alayhissalomdirlar.

Mazkur oyati karimada juda ko‘plab go‘zal ma’nolar mujassam. Shulardan:

1. Alloh taoloning (إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّون عَلَى النَّبِيِّ َ ) kalomi Rasulullohga aytilgan maqtov arab tilidagi ta’kid yuklamasi bo‘lmish “إِنَّ” bilan kelgan. Shuningdek, gapning avvalida ism-otning kelishi ish harakatining davomiyligini bildirsa, jumlaning oxirida fe’l bilan tugallanganligi, ushbu durud Alloh taolo tomonidan ekanligiga ishoradir. Alloh taolo tomonidan bo‘ladigan doimiy maqtov vaqti-vaqti bilan yangilanib turadi.

2. Alloh taolo va farishtalar tomonidan uning haqqiga salavot aytilgan kishiga bizning salavotimiz ne hojat? Aytishimiz mumkinki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning haqlariga salavot aytish, u zotning biz aytadigan salavotlarga ehtiyojlari borligi uchun emas. Aks holda, Alloh taolo u zotning haqlariga salavot aytib turgan bir paytda, u zot maloikalar aytgan salavotga ham ehtiyojlari bo‘lmas edi. Salavot aytish kishining u zotga bildirgan ta’zimi natijasi bo‘lib, ushbu ta’zimga yarasha Alloh taolo savob beradi. Shuning uchun ham Rasululloh alayhissalom: “Kim mening haqqimga bir marta salavot aytsa, Alloh taolo uning haqqiga o‘n marta salavot aytadi”, deganlar. U zotning haqlariga Alloh taoloning solati va salomi bo‘lsin!

3. Imom Faxr ar-Roziy aytadi: Solat-duo degan ma’noni bildiradi. Arab tilida “solla alayhi”, deyilsa, bu “uning haqqiga duo” qildi degan ma’noni bildiradi. Bu ma’no Alloh taoloning haqqida noma’qul, chunki Alloh taolo u zotning haqqiga duo qilmaydi. Duo boshqa bir kishining haqqiga uchinchi bir kishidan manfaat yetishini so‘rash deganidir. Alloh taolo tomonidan bo‘lgan solat rahmat ma’nosida bo‘lsa, maloikalar tomonidan aytilgan solat esa, istig‘for ma’nosida bo‘ladi. Bu ikki ma’no rahm qilinadigan va istig‘for so‘raladigan kishining holatiga e’tibor qaratishda bir xil ishlatiladi. Yuqoridagi so‘zdan ko‘zlangan maqsad ham shu ma’nodadir[2].

4. Alloh taolo bizni nabiy Muhammad alayhissalomga salavot aytishga buyurdi. Biz u zot haqlariga “sollayna alayhi - u zotning haqqiga duo qilamiz” yoki “usolliy alayhi - men u zotning haqiga duo qilaman”- deb salavot aytishimiz mumkin. Nima uchun biz Rasulullohga “Allohumma solli ala Muhammad”, deb salavot aytamiz? Javob: Alloh taolo bizni Rasulullohga salavot aytishga buyursada, biz salavotning vojiblik darajasiga yetkaza olmadik va bu ishni Alloh taoloning O‘ziga havola qilib “Allohumma solli anta ala Muhammad - Allohim sen O‘zing Muhammadga salavot aytgin!” dedik. Chunki, Sen bu ishdagi munosib narsa qandayligini biluvchi Zotsan. Biz bu ishning haqqini to‘la ado qilishdan va u zotning qadrlariga mos keladigan maqtovni bilishdan ojizmiz. Shuning uchun bu ishni Senga topshirdik. Agar kishi “Allohumma solli ala Muhammad” jumlasiinng asl ma’nosiga e’tibor beradigan bo‘lsa, bu duoda naqadar nafis va teran ma’nolar borligini biladi.

5. Ba’zi olimlar “Allohumma solli ala Muhammad” jumlasining ma’nosi “Allohim bu dunyoda U zotning zikrini oliy, da’vatini zohir va shariatini boqiy qilgin va oxiratda U zotni ummatiga shafoatchi, ajru savobini ko‘paytirgin va u kishiga maqomi mahmudni ato qilgin!”-deganidir deydilar.

Nabiy alayhissalomga salavot va salom aytishda qanday lafzlar ishlatiladi?

Bu borada sunnati mutohharada ko‘pgina hadislar bo‘lib, ularda turli xil ko‘rinishdagi salavot shakllari kelgan. Bu lafzlarning turlicha kelishidan maqsad salavotlarni bir ko‘rinishda cheklash emas. Balki, bundan Rasulullohni turli lafzlar bilan ulug‘lash va u zotga durud va salavotlar aytishdir. Biz bu borada vorid bo‘lgan ayrim sahih rivoyatlarni qisqacha keltiramiz.

Imom Buxoriy va Muslim Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Bir kishi Rasululloh alayhissalomga ey, Allohning Rosuli! Biz sizga salom yo‘llashni bildik. Endi sizning haqqingizga qanday salavot aytamiz, dedi? Shunda Rasululloh: “Allohumma solli ala Muhammad va ala ali Muhammad kama sollayta ala Ibrohima innaka hamidum-majid, Allohumma barik ala Muhammad va ala ali Muhammad kama barokta ala Ibrohima innaka hamidum-majid[3]”.

Ikki Shayx, Imom Molik va Imom Ahmad Abu Humayd Sa’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Sahobalar ey, Allohning Rosuli! Biz sizning haqqingizga qanday salavot aytamiz, deb so‘radilar? Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:“Allohumma solli ala Muhammadin va azvajihi va zurriyatihi kama sollayta ala ali Ibrohima va barik ala Muhammadin va azvajihi va zurriyatihi kama barokta ala ali Ibrohima innaka hamidum-majid”, deb aytinglar deb marhamat qildilar[4]!

Nabiy alayhissalomning haqlariga Alloh taolo va maloikalarning salavot yo‘llashining ma’nosi nima? Biz yuqorida salavotning lug‘aviy ma’nosi “duo, rahmat, ulug‘lash va sano”lar ekanligini bilib oldik. Shuningdek, bu so‘z Alloh taoloning Baqara surasi;

أُولَئِكَ عَلَيْهِمْ صَلَوَاتٌ مِنْ رَبِّهِمْ وَرَحْمَةٌ وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُهْتَدُونَ

“Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” 157-oyatida “salavot (mag‘firat)” ma’nosida kelgan.

Ba’zi olimlar Alloh taolo tomonidan Nabiy alayhissalom haqqiga aytilgan salavot “Alloh taoloning U zotni ulug‘lashi va maqtashi, degan ma’noni bildiradi, deyishgan. Bu fikrni Buxoriy va bir jamoa olimlar aytishgan. Boshqa olimlar Hasan Basriy va Sa’id ibn Jubayrlar fikricha salavotdan ko‘zlangan ma’no “ Allohning rahmati va mag‘firati”, degan ma’nodir. Bir rivoyatda u baraka va karomat, degan ma’noni bildirishi aytilgan[5].

Ammo maloikalar tarafidan aytilgan salavotga keladigan bo‘lsak, u Nabiy alayhissalom haqlariga duo va ummatlarining haqqiga istig‘for aytish degan ma’noni bildiradi. Demak, yuqorida aytilgan barcha ma’lumotlardan shuni xulosa qilib aytish mumkinki, Alloh taolo tomonidan aytilgan salavot bu farishtalar tomonidan aytilgan salavot bilan bir xil degani emas.

Nabiy alayhissalom haqlariga salavot aytish mustahabmi yoki farzmi?

Alloh taolo mo‘minlarni karim Nabiylari haqqiga salavot aytishga buyurdi. Bu buyruqni vojib deb bilinsa, U zotga salavot aytish ham vojib bo‘ladi. Olimlar bu buyruqdan umr mobaynida bir marta salavot aytish vojib, degan hukmga deyarli ijmo qilishgan. Balki, Imom Qurtubiy “صَلُّوا” “salavot aytingiz!”, degan buyruq taqozosiga amal qilib, salavot aytish vojibligiga ijmo qilinganligini rivoyat qilgan. Salavot va salom aytish xuddi tavhid kalimasini aytishga o‘xshaydi. Chunki tavhid kalimasini aytmagan kishining musulmonchiligi durust bo‘lmaydi. Olimlar Nabiy alayhissalomning ismlari zikr qilingan har o‘rinda salavot aytish vojibmi yoki mustahabmi degan hukmda turli xil fikr bildirishgan bo‘lib, bu qarash umr mobaynida bir marta salavot aytish vojib degan hukmga ittifoq qilinganligidan keyin bo‘lgan.

1. Ba’zi olimlar: Nabiy alayhissalomning har zikr qilinganda salavot aytish vojib.

2. Ayrim ulamolar esa: Agar bir majlisda Nabiy alayhissalomning ismlari bir necha bor takrorlansada, bir marta salavot aytish vojib bo‘ladi.

3. Ba’zi olimlar esa, salavotni biror son va joyga qaydlamasdan ko‘p aytish vojib, umrda bir bor aytish yetarli emas, deyishgan.

Yana oyati karima ishora qilgan latif ma’nolar:

A. Nubuvvatlik yuksak maqom bo‘lib, Alloh taoloning huzurida Rasulullohning martabalari buyukdir.

B. Alloh taolo va ulug‘ farishtalarning karim nabiy Muhammad alayhissalomni maqtashi risolat martabalaridan bir martabadir.

V. Rasulullohni hurmat qilish va U zotning ishlarini ulug‘lash mo‘minlarga vojib bo‘lgan ishdir. Chunki u zotni hurmat qilish Alloh taoloning buyrug‘ini ulug‘lash va U Zotga itoat qilish demakdir.

G. Rasulullohga salavot aytish shariatda belgilangan lafz bilan bo‘ladi. Masalan; “Allohumma solli ala Muhammadin....”.

D. Mo‘min kishiga ilohiy amrga bo‘ysunib, Nabiy alayhissalomning ismlari har qachon zikr qilinganda salavot aytishi mustahab.

Muhammad alayhissalomga salavot va salomlar tilab duo qilish juda savobli ish hisoblanadi. Hadislarda ham unga targ‘ibot ko‘p. Alloh barchalarimizni Yaratganning ilohiy kitobi Qur’oni karim ma’nolarini yaxshi anglab, undagi buyruqlarni bajarib, qaytariqlardan teyilib ikki dunyo saodatiga erishishimizda O‘zi yordamchimiz bo‘lsin.

Manba: “www.muslim.uz”



[1] Abu Sa’ud tafsiri, 6-jild, 799-bet.

[2] Faxr ar-Roziy, 6-jild, 796-bet.

[3] Bu hadisni Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan. Fathulboriy asarining 11-jildi, 128-betiga qarang!

[4] Jam’ulfavoid asarining 2-jild, 278-beti. Bu hadisni Termiziydan boshqa olti roviy rivoyat qilgan.

[5] Ibn Javziyning “Zodulmasiyr fi ilmittafsir” asarining 2-jild, 398-beti.


Kiritilgan vaqti: 08/06/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 93744
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/bir-oyat-sharhi-yohud-ibodatlarning-eng-afzali
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing