“Baqara” surasining 8-9-oyatlari tafsiri
بِسْمِ ٱللّٰهِ ٱلرَّحْمٰنِ ٱلرَّحِيمِ
وَمِنَ النَّاسِ مَن يَقُولُ آمَنَّا بِاللّهِ وَبِالْيَوْمِ الآخِرِ وَمَا هُم بِمُؤْمِنِينَ
8. Va odamlardan “Allohga va oxirat kuniga iymon keltirdik”, deydiganlari bor. Holbuki, ular mo‘min emaslar.
Munofiqlarning bosh sifatlari ushbu oyatda zikr qilinmoqda. Ular “Allohga iymon keltirdik, qiyomat kuniga iymon keltirdik, mo‘min bo‘ldik”, deb mo‘min kishiga lozim bo‘lgan ikki buyuk e'tiqodni aytishadi. Aslida esa ular na Allohga va na qiyomat kuniga ishonishmaydi.
Demak, qalbida yo‘q narsani bor, deb ko‘rsatish munofiqlikdir.
Ushbu oyatda ular aqiyda masalasining avvali bo‘lmish Allohga iymonni va so‘ngi bo‘lmish oxiratga iymonni da'vo qilishdi, shu bilan go‘yo aqiyda bobida hamma narsaga ishonamiz, demoqchi bo‘lishdi.
يُخَادِعُونَ اللّهَ وَالَّذِينَ آمَنُوا وَمَا يَخْدَعُونَ إِلاَّ أَنفُسَهُم وَمَا يَشْعُرُونَ
9. Ular Allohni va iymon keltirganlarni aldamoqchi bo‘larlar. Holbuki, sezmagan hollarida faqat o‘zlarini aldarlar.
Ya'ni munofiqlar qalblarida iymon bo‘lmasa ham, yolg‘on da'vo ila Allohni va mo‘minlarni aldamoqchi bo‘ladilar. Lekin bundan kimga foyda, kimga zarar? Zarar o‘zlariga-ku. Demak, ular sezmagan holda o‘zlarini o‘zlari aldamoqdalar. Chunki Alloh subhanahu va taolo hamma narsani bilib turuvchi Zotdir, Uni aldab bo‘lmaydi. Mo‘minlarning himoyasini esa Alloh taolo O‘z zimmasiga olgan. Shuning uchun ham ushbu oyatda “Allohni va iymon keltirganlarni”, deb ularni O‘zi bilan bir safga qo‘ymoqda.
Demak, mo‘min-musulmonlarga dushmanlik Allohga dushmanlik bilan barobardir.
(“Tafsiri Hilol” kitobidan)
Davomi bor...
Kiritilgan vaqti: 05/09/2019 13:51; Ko‘rilganligi: 1498
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 18:11