O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 23-24-oyatlari tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

وَإِن كُنتُمْ فِي رَيْبٍ مِّمَّا نَزَّلْنَا عَلَىٰ عَبْدِنَا فَأْتُوا بِسُورَةٍ مِّن مِّثْلِهِ وَادْعُوا شُهَدَاءَكُم مِّن دُونِ اللَّهِ إِن كُنتُمْ صَادِقِينَ (23)

  1. Va agar bandamizga nozil qilgan narsamizdan shubhada bo‘lsangiz, unga o‘xshash bir sura keltiring va Allohdan o‘zga guvohlaringizni chaqiring, agar rostgo‘ylar bo‘lsangiz.

Ya'ni “Biz bandamiz Muhammad alayhissalomga nozil bo‘lgan Qur'onga sizning shak-shubhangiz bo‘lsa, bu Allohdan emas. “Muhammad o‘zi to‘qib olgan”, demoqchi bo‘lsangiz, ushbu Qur'on suralariga o‘xshash bitta surani o‘zingiz keltiring-chi?! Va bu ishga Allohdan boshqa guvohlaringizni keltiring, ular sizning rostgo‘yligingizga guvohlik bersinlar. Chunki Alloh O‘z bandasi Muhammad alayhissalomning sodiqligiga O‘z guvohligini berib bo‘ldi”.

فَإِن لَّمْ تَفْعَلُوا وَلَن تَفْعَلُوا فَاتَّقُوا النَّارَ الَّتِي وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ ۖ أُعِدَّتْ لِلْكَافِرِينَ (24)

Bas, agar qila olmasanglar – hech qachon qila olmaysizlar ham – yoqilg‘isi odamlar va tosh bo‘lgan, kofirlar uchun tayyorlangan olovdan qo‘rqinglar.

 Alloh subhanahu va taoloning

“…hech qachon qila olmaysizlar ham…” deyishi ulkan mo‘jizadir.

Odatda, bir taraf ikkinchi taraf bilan tortishib, uni mot qilmoqchi bo‘lganida, o‘zidagi eng kuchli xususiyatni yuzaga chiqarib, raqibni yengmoqchi bo‘ladi. Shu bilan birga, mazkur xususiyatdan ozgina bo‘lsa ham raqibida borligini bilsa, sharmanda bo‘lmay deb, ortiqcha maqtanmasdan, hadiksirib turadi. Ushbu tortishuvda esa dunyoning hammasi to‘planib kelganda ham, Qur'on suralaridan bittasiga o‘xshash surani hech qachon keltira olmasligi ta'kidlab aytilmoqda. Qur'onning eng kichik surasi uch oyatli bo‘lib, eng qisqa sura hisoblanadi. Ushbu oyatda hech bo‘lmasa, ana shu uch oyatli kichik suraga o‘xshash sura keltirish talabi bor. Agar Qur'on haqiqiy ilohiy kalom bo‘lmaganida, unda bu darajada ochiq, ojiz qoldiruvchi so‘z aytilmagan bo‘lar edi. Ikkinchi tarafdan, mana, bir ming to‘rt yuz yildan oshdiki, hech kim bu chaqiriqni rad qila olmayapti. Qaytaga, arablarning o‘zlari ham o‘z tillarida, balog‘atda, fasohatda zaiflashib ketdilar va ketmoqdalar.

Qur'oni Karimning ilohiy kitob ekaniga shak-shubha bildiruvchilar bu da'volarini hech qachon tasdiqlay olmaydilar, tasdiqlay olmasliklari aniq ham. Shunday ekan, do‘zaxdan qo‘rqsinlar. Iymon keltirsinlar. U do‘zaxning yoqilg‘isi odamlardan va toshlardan bo‘ladi. Odamlar o‘zlari yonaversa, azobning alami unchalik baland bo‘lmay qoladi, deb, yanada qattiq isitish uchun tosh ham tashlab qo‘yilgan. Bu do‘zax kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgandir. Qur'onni inkor qiluvchilar esa ayni kofirlardir.

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 19/09/2019 16:46;   Ko‘rilganligi: 1907
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-23-24-oyatlari-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 03:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing