O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 18-19-oyatlari tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

صُمٌّ بُكْمٌ عُمْيٌ فَهُمْ لاَ يَرْجِعُونَ (18)

  1. Ular kar, soqov, ko‘rdirlar. Bas, ular qaytmaslar. 

O‘zlaridan o‘tgan munofiqlik oqibatida ular yaxshilikni eshitmaydigan kar, gapira olmaydigan soqov va ko‘rmaydigan ko‘r bo‘lib qolganlar. Endi ular nifoq yo‘lidan qaytmaydilar.

أَوْ كَصَيِّبٍ مِّنَ السَّمَاءِ فِيهِ ظُلُمَاتٌ وَرَعْدٌ وَبَرْقٌ يَجْعَلُونَ أَصَابِعَهُمْ فِي آذَانِهِم مِّنَ الصَّوَاعِقِ حَذَرَ الْمَوْتِ ۚ وَاللَّهُ مُحِيطٌ بِالْكَافِرِينَ(19) أَوْ كَصَيِّبٍ مِّنَ السَّمَاءِ فِيهِ ظُلُمَاتٌ وَرَعْدٌ وَبَرْقٌ يَجْعَلُونَ أَصَابِعَهُمْ فِي آذَانِهِم مِّنَ الصَّوَاعِقِ حَذَرَ الْمَوْتِ ۚ وَاللَّهُ مُحِيطٌ بِالْكَافِرِينَ (20)

19.Yoki xuddi osmondan yomg‘ir yog‘ib, qorong‘i bosib, momaqaldiroq va chaqmoq chaqqanda, yashindan qochib, barmoqlarini quloqlariga tiqib, o‘limdan ehtiyot bo‘layotgan odamga o‘xsharlar. Va Alloh kofirlarni qurshab oluvchidir.

  1. 20.Chaqmoq ko‘zlarini olib qo‘yay deydi. Har safar yorishgan paytda yurib olishar, qorong‘i bo‘lsa, turib qolishar. Alloh agar xohlasa, quloq va ko‘zlarini ketkazur. Albatta, Alloh har bir narsaga o‘ta qodirdir.

Alloh taolo ushbu ikki oyatda munofiqlarning hayratlari, ikkilanishlari va umumiy ruhiy holatlarini momaqaldiroq bo‘lib, chaqmoq chaqib, osmonni zulmat bosib, qattiq yomg‘ir yoqqanda ko‘chada qolgan bechora odamga o‘xshatmoqda. U qo‘rqqanidan dahshatga tushib, yashindan qutulmoqchi bo‘ladi, barmoqlarini quloqlariga tiqib, shu meni o‘limdan saqlaydi, deb turibdi.

Ular kufr va nifoq zulmatidadirlar: chaqmoq chaqqan paytdagi yorug‘likdan foydalanib, bir-ikki qadam bosa oladilar, chaqmoqdan keyin yana qorong‘ida turib qoladilar.

Ulamolarimiz: “Bu oyatdagi yomg‘irdan murod Islom dini. Chunki yomg‘ir yerni tiriltirganidek, Islom ham qalblarni tiriltiradi. Zulmat – munofiqlarning qalblaridagi shak-shubha. Momaqaldiroq – dinda kofiru munofiqlarga va'da qilingan azob va iqoblar haqidagi xabarlar. Chaqmoq – ularning qalblaridagi saqlangan insoniy tuyg‘ular. Yashin esa ularga yetadigan balolardir”, – deganlar.

Imom Ahmad Abu Sa'iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom aytadilar:

“Qalblar to‘rt xil bo‘ladi: musaffo bo‘lib, chiroqdek nur sochadigan; g‘ilofga solinib, g‘ilofi bog‘langan; to‘ntarilgan va o‘zgaruvchan. Musaffo qalb mo‘min kishining qalbidir, uning nuri bor. G‘ilofli qalb – kofirning qalbidir. To‘ntarilgan qalb haqiqiy munofiqning qalbidir – hamma narsani bilib turib, inkor qiladi. O‘zgaruvchan qalbda esa iymon ham, nifoq ham bor. Undagi iymon xuddi toza suvdan foyda oladigan o‘simlikka o‘xshaydi. Undagi nifoq qon aralash yiring oqib turgan yaraga o‘xshaydi. Ikkovidan qay biri boshqa tarafdan g‘olib kelsa, qalbga ham g‘olib keladi”.

 

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 13/09/2019 16:31;   Ko‘rilganligi: 1851
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-18-19-oyatlari-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 00:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing