“Baqara” surasining 13-oyati tafsiri
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
وَإِذَا قِيلَ لَهُمْ آمِنُواْ كَمَا آمَنَ النَّاسُ قَالُواْ أَنُؤْمِنُ كَمَا آمَنَ السُّفَهَاء أَلا إِنَّهُمْ هُمُ السُّفَهَاء وَلَكِن لاَّ يَعْلَمُونَ (13)
13. Va agar ularga: “Odamlar iymon keltirganidek, iymon keltiringlar”, – deyilsa, “Esi pastlar iymon keltirganidek, iymon keltiramizmi?” – derlar. Ogoh bo‘lingki, albatta, ular – o‘zlari esi pastlardir, lekin bilmaslar.
Oyati karimaning ma'nosidan ko‘rinib turibdiki, munofiqlar mutakabbir, odamlardan ustunlikni yaxshi ko‘radigan, yolg‘on obro‘ qozonishga urinadigan bo‘ladilar. Shuning uchun ham ular o‘zlarini baland tutib, iymon keltirganlarni “esi pastlar” deb atashadi.
Aslida insoniyatning guli iymon keltiradi. Mo‘minlar odamlarning eng yaxshisi hisoblanadilar. Iymonsiz inson esa hayvondan battardir. Munofiqlarning qalblari marazga, kibr-havoga to‘la bo‘lgani uchun o‘zlarini baland oladilar. Ular dindorlikni aqli pastlikdan deb biladilar. Ulamolarga, iymon yo‘lida hayotlarini bag‘ishlagan kishilarga turli ayblar taqaydilar, haqoratlaydilar. Lekin Alloh taolo barcha narsani ko‘rib, bilib turuvchi Zotdir. Kimning kim ekanini O‘zi yaxshi biladi, odil va haqiqiy bahoni ham O‘zi beradi:
“Ogoh bo‘lingki, albatta, ular – o‘zlari esi pastlardir, lekin bilmaslar”.
Iymon esi borlargina musharraf bo‘ladigan oliy ne'matdir. Shuning uchun Alloh mo‘minlarni esi past, deb haqorat qilgan munofiqlarni bilimsizlikda ayblaydi. Ya'ni ularning bilimi, aqli yo‘q.
(“Tafsiri Hilol” kitobidan)
Davomi bor...
Kiritilgan vaqti: 07/09/2019 16:32; Ko‘rilganligi: 1711
Chop etilgan vaqti: 07/11/2024 01:16