O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 10-12-oyatlari tafsiri

 
 

 بِسْمِ ٱللّٰهِ ٱلرَّحْمٰنِ ٱلرَّحِيمِ 

فِي قُلُوبِهِم مَّرَضٌ فَزَادَهُمُ اللَّهُ مَرَضًا ۖ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ بِمَا كَانُوا يَكْذِبُونَ (10)

10.Qalblarida kasal bor. Alloh kasallarini ziyoda qildi. Va yolg‘on gapirganlari uchun ularga alamli azob bor.

Demak, munofiqlarning qalblarida maraz – kasallik bor. Ularning ichi buzuq. Kasal o‘ziga kasalni chaqiradi, deganlaridek, ularning qalblari kasal bo‘lgani uchun, Alloh taolo ham ularning kasallarini ziyoda qilib qo‘ygan. Ular qalblarida yo‘q narsani bor, deb da'vo qilganlari uchun oqibatda alamli azob ila azoblanadilar.

وَإِذَا قِيلَ لَهُمْ لَا تُفْسِدُواْ فِى ٱلْأَرْضِ قَالُوا إِنَّمَا نَحْنُ مُصْلِحُونَ  (11)

  1. Va qachon: “Yer yuzida buzg‘unchilik qilmang”, – deyilsa, “Biz faqat isloh qiluvchilarmiz”, – derlar.

Munofiqlar o‘z tabiatlaridan kelib chiqib, yer yuzida fasod ishlar – kofirlik, gunoh, buzuqlik, zulm qiladilar. Agar ularga bu noma'qul ishlari eslatilib, “Yer yuzida buzg‘unchilik qilmang”, deyilsa, ular mazkur noma'qul ishlaridan qaytish u yoqda tursin, balki balanddan keladilar va:

Biz faqat isloh qiluvchilarmiz, – deydilar. Ya'ni qilayotgan fasodlarini isloh – yaxshilik deb da'vo qiladilar.

Ammo ularning gaplari puch. Alloh hammasini ko‘rib-bilib turadi. Ularning asl bahosini U Zotning O‘zi beradi.

Ibn Kasiyr rahmatullohi alayhi Salmoni Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, u kishi ushbu oyatni o‘qib turib, “Bu oyatning ahli hali-hanuz kelganlari yo‘q”, – degan ekanlar.

  أَلا إِنَّهُمْ هُمُ الْمُفْسِدُونَ وَلَكِن لاَّ يَشْعُرُونَ (12)

  1. Ogoh bo‘lingki, ular – o‘shalar buzg‘unchilardir, lekin o‘zlari sezmaslar.

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 06/09/2019 11:33;   Ko‘rilganligi: 1530
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-10-12-oyatlari-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 22:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing