O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

DINIMIZDA E’TIQOD ERKINLIGI

 
 

Darhaqiqat mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng barcha sohalarda bosqichma bosqich islohatlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda, diniy va milliy qadriyatlarni tiklash borasida ham islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Bunga, tarixiy obidalar va ziyoratgohlarni obodonlashtirilishi, masjid va madrasalar faoliyatini yo‘lga quyilishi, o‘zbek xalqi hamda O‘zbekistonda yashovchi ko‘pmillatli xalqlarning milliy va diniy marosimi va bayramlarining o‘tkazilayotgani yaqqol dalildir. Va bugungi kunda mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiyalarning faoliyati hamda ularning e’tiqod erkinliklari qonun bilan himoyalangani ham bunga misoldir.

Jumladan, bu borada 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson hohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb har bir shaxsning din bilan bog‘liq bo‘lgan huquqlari davlat tomonidan kafolatlangan.

Shuningdek, 1998 yil 1 mayda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 23 moddadan iborat yangi tahriri qabul qilinib, uni ishlab chiqishda mamlakatimizning o‘ziga xos sharoiti, unda yashovchi ko‘pmillatli xalqimizning huquq va manfaatlari hamda mentaliteti hisobga olingan. Binobarin, mazkur qonunning 5-moddasi e’tiqod sofligi va diniy bag‘rikenglikka asoslangan.

Jumladan, Alloh ta’olo Qur’oni Karimning Baqara surasi 256-oyatida: ”Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero), Haq yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi”, deb marhamat qilgandir. Ushbu oyatdan murod Alloh ta’oloning tavhidi (yagona iloh ekanligi)qur’oni karim oyatlari orqali ochiq oydin bayon qilindi. Endi insonlarni majburlab dinga kiritishning hojati yo‘qdir. Haq yo‘ldan murod islom dinidir. Demak ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki islom dini ta’limotida biron bir kishini majburlab bir dinda ushlab turish yoki boshqa bir dinga majburiy targ‘ib qilish yo‘qdir.

Alloh ta’olo Qur’oni Karimning Hud surasi 118-oyatida: “Agar Robbingiz xohlaganida edi, barcha odamlarni bir ummat (bir xil dinga tobe) qilgan bo‘lar edi. (Ular) mudom turlicha (har xil e’tiqodda) bo‘lib boraveradilar”, deb marhamat qilgan. Demak ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, dunyo hayotida insonlarning turli millat va elat, hamda turli din vakillari bo‘lib hayot kechirishlari, Alloh ta’oloning ilohiy irodasi ekanligi va yana shu bilan birgalikda, dunyo hayotida insoniyat dini, millatidan qat’iy nazar bir-birlari bilan tanishib, go‘zal aloqalar o‘rnatib, o‘zlariga makon qilib berilgan zaminni obod qilishi ham Allohning ilohiy irodasidir.

Shunga ko‘ra bugungi kunda ko‘pmillatli bo‘lgan O‘zbekistonning diniy hayoti 3 ta tushuncha bilan ajralib turadi:

1.Diniy pyuralizm –har bir fuqaro o‘zining diniy e’tiqodiga ega ekanligi.

2.Diniy bag‘rikenglik – har xil e’tiqodda bo‘lgan fuqarolarning o‘zaro hurmati va tinchliksevarligi.

3. Dinlararo muloqot -mamlakatimizda mavjud bo‘lgan konfessiyalar orasidagi munosabat.

Mamlakatimiz fuqarolarining ushbu tushunchani teran anglashlari, barcha dinlarni va ularga e’tiqod qiluvchilarni hurmat qilishlariga dalolat qiladi.

Bugungi kunda yurtimiz musulmonlari diyorimizdagi boshqa dinlarning vakillari bilan birgalikda yagona maqsad- Vatanimizning yanada gullab yashnashi yo‘lida harakat qilayotganligi ham dinimizdagi e’tiqod erkinligiga dalildir.

E’tiqod (arabcha i’taqada) ishonch, imonli bo‘lish degan ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa e’tiqod inson faoliyati uchun ma’naviy asos, yo‘l yo‘riq va aql, his vositasida anglangan bilim, g‘oya va shu asosda shakllanadigan maqsadlar majmuini ifodalaydi. Shunday ekan jamiyatda shaxsning komil inson bo‘lib shakllanishida e’tiqod muhim omildir.

E’tiqodda sobitqadam bo‘lish haqida, dinimiz asosi bo‘lgan Qur’oni karim va hadisi sharifda bir qancha ko‘rsatmalar berilgan.

Jumladan, Alloh ta’olo Sho‘ro surasi 31 oyatida: “U zot sizga dindan Nuhga tavsiya qilgan narsani va Senga (Ey Muhammad) vahiy qilgan narsani Ibrohimga Muso va Iysoga tavsiya qilgan narsamizni shariat qilib: “Dinni barpo qilinglar va unda tafriqaga tushmanglar” dedik”, deydi.

Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki Alloh ta’olo Muhammad alayhis salom va undan oldin o‘tgan barcha payg‘ambarlarga O‘zining haq shariatini din qilib yuborgan. Shuning barobarida Alloh ta’olo ularga O‘ziga ibodat qilishga, buyurganini bajarib, qaytarganidan qaytishga amr qilgan. Va yana barcha payg‘ambarlar va ularning qavmlariga “Dinni barpo qilinglar va unda tafriqaga tushmanglar” degan ilohiy amr ham mavjuddir. Demak oyat hukmiga ko‘ra musulmon kishi avvalgi o‘tgan payg‘ambarlardan yoki dinlardan birontasini inkor qilmasligi va ularga nisbatan hurmatsizlik, diniga nisbatan past nazar bilan qaramasligi lozim.

Shunga ko‘ra dinimizda boshqa din vakillariga ehtirom ko‘rsatiladi. Jumladan payg‘ambarimiz huzuriga Najron elchilari kelganida ular nasoro bo‘lsalarda, ularga ko‘rsatgan ehtiromlari yoki payg‘ambar alayhis salomning zimmiylar haqida: “Ularga bizga bo‘lgan imtiyozlar bor va ularga bizga qo‘yilgan majburiyatlar bor”, deganlarida ularning islomdagi haq huquqlarini bayon qilganlar. Zimmiy deb islom diyorida yashaydigan ahli kitoblarga aytiladi. Ahli kitoblar yahudiy va nasroniylardir.

Ahli kitob bo‘lmaganlar haqida esa Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis salom: “Ularga ahli kitobga qilingan sunnatni qilinglar. Faqat ayollariga uylanmagan va so‘yishlarini yemagan holda”, deganlar.

Demak yuqoridagi oyat va hadislardan ma’lum bo‘ladiki, islom dini ta’limotida e’tiqodidan qat’iy nazar insonning qadri juda ham ulug‘dir.

Shunday ekan avvalo har birimiz yuqoridagi oyat va hadislardan to‘g‘ri xulosa chiqarib rioya qilishimiz, hamda naslimiz davomchilari kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yosh avlodni sog‘lom e’tiqodli qilib, ya’ni ularni ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom qilib tarbiyalashda ibrat bo‘lishimiz lozim. Ana shundagina davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek; “XXI asrda qaysi davlat qudratli, qaysi davlat kuchli bo‘ladi? Bu savolga aholisi intellektual nuqtai nazardan barkamol, yoshlari bilimli, or nomusli vatanparvar bo‘lib unib o‘sayotgan davlat, deb javob qaytarish”- deb aytganlariga munosib javob qaytargan bo‘lamiz.


Kiritilgan vaqti: 09/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4767
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/dinimizda-etiqod-erkinligi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 01:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing