O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Samarqandliklar Umra ziyoratiga jo‘nab ketdi

 
 

Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, Yurtimizda umra ibodatiga keng yo‘l ochilib, Allohning baytini tavof qiluvchilar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Umra ibodatining o‘ziga xos bir qancha fazilatlari bor. O‘shalardan biri gunohlarning o‘chirilishidir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va salam shunday deganlar:

“Bir umra keyingi umragacha bo‘lgan oraliqdagi gunohlarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti esa faqat jannatdir! (Imom Buxoriy rivoyati).

Umraning yana bir fazilati shuki, ziyoratchilar Allohning mehmonlari hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

“Allohning yo‘lida dushmanga qarshi qurol olganlar, hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir. Ularni Alloh chaqirgan, ular “labbay” deb borganlar. Ular Allohdan hojatini so‘ragan, Alloh esa ato etgan. (Ibn Moja rivoyati).

2019-2020 yil Umra mavsumning dastlabki Samarqandlik ziyoratchilar guruhi bugun, 20 noyabr kuni Samarqand shahridan Toshkent shahriga yo‘l oldilar. 3 ta guruhdan iborat 138 nafar ziyoratchilarni Samarqand viloyat vakilligida kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov umra amallari, safar odoblari haqida yana bir bor tushuncha berib, ziyoratlarini Alloh qabul qilishi, sog‘-salomat borib, qaytishlarini tilab duo qildi.

Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz bugunni o‘zidayoq Toshkent-Jidda yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qiladilar. Ularning dastlabki manzillari Madina shahri bo‘ladi. Uch kundan so‘ng esa Makkai mukaramaga yo‘l oladilar. Biz ziyoratchilarimizning safarlarini imkon darajasida o‘z saytmiz orqali yoritib borishga harakat qilamiz, bizni kuzatib boring.

   Alloh taolo barchamizni Baytullohni qayta-qayta tavof qilish baxtiga muyassar etsin va O‘zining baytini tavof etuvchi bandalarining ibodat va ziyoratlarini ijobat qilsin!

O‘MI Samarqand viloyat vakiligi


Kiritilgan vaqti: 20/11/2019 11:37;   Ko‘rilganligi: 997
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/samarqandliklar-umra-ziyoratiga-jonab-ketdi
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 00:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing