O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM MASKANLARIDA UCHRASHUV

 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi tomonidan 2016 yil yanvar oyining 12-19 kunlariga mo‘ljallangan “Ta’lim muassasalari pedagog o‘qituvchilari, talaba va o‘quvchilari hamda ota-onalar bilan uchrashuvlar o‘tkazish” dasturi bo‘yicha Samarqand shahrida joylashgan ikkita universitet, oltita institut, o‘n bitta kasb-hunar kollej va ikkita akademik litseyda keng doiradagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Bu tadbirlardan ko‘zlangan maqsad insonlarni ogohlikka chaqirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, ularni dunyo qarashini kengaytirish va turli xil buzg‘unchi oqimlar ta’siriga tushib qolishdan saqlash bo‘lib, uchrashuvlarda viloyatimiz olimlari, professorlari, din vakillari, prokuratura va ichki ishlar xodimlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakili N.Islamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakili o‘rinbosari Z.Eshonqulov, Imom Buxoriy Xalqaro markazi direktori o‘rinbosari B.To‘rayev, “Imom Abu Mansur al-Motrudiy” yodgorlik majmuasi direktori M.Muxtorov va boshqalar dalil-hujjatlarga asoslangan holda keng qamrovli ma’ruzalari va hayotiy misollari bilan ishtirok etdilar.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda dunyo tinchligini buzayotgan, XXI asr fojeasi bo‘lgan terrorizm, ekstremizm va ayniqsa, ID guruhlariga qarshi qaqshatgich zarbalar berilgan bir paytda, bu buzg‘unchi oqimlarga turli mamlakatlardan borib qo‘shilganlar o‘z yurtlariga hech narsa ko‘rmagandek qaytib kelayotgani va u yerda ham buzg‘unchilik ishlarini amalga oshirishi yuqori ehtimolli vaziyat ekanini aytib, ularga befarq va loqayd bo‘lmaslikka chaqirdilar.

Tadbirlarda notiqlar tinchlik bebaho ne’man ekanligi, uning har bir tongi va kunini har daqiqa-yu soniyasini barchamiz ko‘z qorachig‘idek asrashimiz zarurligi, bu yo‘lda o‘zimizning bor kuch-g‘ayratimizni ayamasligimiz lozimligi, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayot tufayli bugun barcha sohalarda yutuq va muvoffaqiyatlar qo‘lga kiritilayotgani aytib o‘tdilar.

Bu zaminda yashayotgan har bir fuqaro tinchlik o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini, uning zamirida qanchadan-qancha insonlarning mashaqqatli mehnati yotganligini anglashi, uning barqarorligini ta’minlashda har bir inson hissasini qo‘shishi shart ekanligini ta’kidlab, yurtimiz osmoni musaffo bo‘lishi va bu tinch va osoyishta hayotimizga ko‘z tegmasligini so‘rab qoldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 20/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 1449
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/oliy-va-orta-maxsus-talim-maskanlarida-uchrashuv
Chop etilgan vaqti: 15/11/2019 06:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing