O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“Boybul” masjidi yangidan qad rostlamoqda

 
 

Urgut tumanida bugungi kunda 61 ta masjid faolit yuritayapdi. Sobiq sho‘rolar tuzumi davrida tumanda atigi bitta masjid faoliyat yuritgan. Allohga beadad shukrki, yurtimizdagi ikki mingdan ziyod masjidlarimiz kundan-kunga obod bo‘lmoqda. Ko‘p masjidlar zamonaviy shaklda ta'mirlanib, chiroyli va qulay holatga keltirilmoqda. Ularda namozxonlarimiz o‘zlarining ibodatlarini emin-erkin amalga oshirmoqdalar. Urgut tumanida hozirgi vaqtda 6 ta masjid tubdan yangidan bino qilinmoqda. Shulardan biri Boybul mahallasida joylashgan “Boybul” jome masjididir. Masjid 2004 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. O‘sha yillari qurilgan xonaqoh kichik hajmli, ko‘rimsiz edi.

Uning o‘rnidan shaharsozlik me'yorlari va qoidalariga muvofiq qurilish ishlari boshlangan. Ushbu masjid uchun tayyorlangan loyihaga ko‘ra, masjid binosi hashamatli, namozxonlar uchun juda qulay va shinam bo‘lishiga alohida e'tibor qaratilgan. Barpo etilayotgan yangi jome masjidining kattaligi 16-16 metrga teng bo‘lib, atrofida 5,5 metr enlilikda ayvon ham bor. Masjid o‘z bag‘rida 600 nafar namozxonni sig‘dira oladi.

Ta'kidlash joizki, qurilish ishlariga eng mohir usta va muhandislar jalb etilgan. Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishmoqda. Masjid qurilishiga beminnat yordamlarini ayamayotgan saxovatli kishilar, bu ishni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan masjid xodimlari va barcha mutasaddilar uchun ham ulkan ajr va savoblar borligi haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadislar rivoyat qilingan. Shulardan birida shunday deyiladi: “Kim Alloh uchun kaklikning tuxumlarini qo‘yadigan yerichalik bo‘lsa ham, masjid bino qilsa, Alloh unga jannatda uy qurib beradi” (Ahmad rivoyat qilgan).

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 12/10/2019 15:09;   Ko‘rilganligi: 1153
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/boybul-masjidi-yangidan-qad-rostlamoqda
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 07:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing