Olti kishi haqida so‘rab surishtirilmaydi
عَنْ فضَالَةَ بْنِ عُبَيْدٍ، عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم، قَالَ: “ثَلاَثَةٌ لاَ يُسْأَلُ عَنْهُمْ: رَجُلٌ فَارَقَ الْجَمَاعَةَ، وَعَصَى إِمَامَهُ وَمَاتَ عَاصِيًا، فَلَا يُسْأَلُ عَنْهُ. وَأَمَةٌ أَوْ عَبْدُ أَبِقَ مِنْ سَيِّدِهِ. وَامْرَأَةٌ غَابَ زَوْجُهَا، وَكَفَاهَا مُؤْنَةَ الدُّنْيَا، فَتَبَرَّجَتْ وَتَمَرَّجَتْ بَعْدَهُ. وَثَلاَثَةٌ لاَ يُسْأَلُ عَنْهُمْ: رَجُلٌ نَازَعَ اللهَ رِدَاءَهُ، فَإِنَّ رِدَاءَهُ الْكِبْرِبَاءُ، وَإِزْارَهُ عِزُّهُ. وَرَجُلٌ شَكَّ فِى أَمْرِ اللهِ. وَالْقَنُوطُ مِنْ رَحْمَةِ اللهِ”
Fazola ibn Ubayddan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uch kimsa haqida so‘ralmaydi:
1. Jamoadan ajrab imomiga osiy bo‘lgan va osiy holda o‘lgan kishi.
2. Xojasidan qochib ketgan cho‘ri yoki qul.
3. Eri dunyo(yashashligi)ning nafaqasini ta'minlab qo‘yib, safarga (undan uzoqqa) ketganda ochilib-sochilib ko‘chada yurgan ayol.
Yana uch kimsa haqida ham so‘ralmaydi:
1. Alloh bilan Uning ridosi bo‘lgan kibriyoni va izori bo‘lgan izzatni talashgan odam.
2. Allohning ishiga shak keltirgan odam.
3. Allohning rahmatidan noumid bo‘lgan odam” – dedilar.
Fazola ibn Ubayd – Sahoba. Uning to‘liq ismi Fazola ibn Ubayd ibn Nofiz ibn Qays Ansoriy Avsiy bo‘lib, kunyasi Abu Muhammaddir. Fazola Uhud va Xandaq janglarida va Misrning fathida qatnashgan. U faqih bo‘lib, Damashqda qozilik qilgan va u joyda yashagan. U zot bir nechta hadislarni rivoyat qilgan. U tomonidan rivoyat qilingan hadislar Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad”, Imom Muslim, Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy va Imom Ibn Mojjalar hadis to‘plamlarida keltirilgan.
Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olti yomon sifatni ikki qismga ajratib, uchta-uchtadan bayon qilmoqdalar:
Birinchi qism: Uch kimsa borki, ularga nima bo‘lgani haqida so‘rab-surishtirilmaydi. Chunki qilgan uch amali sabab musulmonlar ichida ularning hurmati va qadr-qiymati qolmaydi. Ular o‘z qilmishlari ila o‘zlarining obro‘larini to‘kkan odamlardir.
1. “Jamoadan ajralib imomiga osiy bo‘lgan va osiy holda o‘lgan kishi”.
Bid'atga berilgan, musulmonlar jamoasidan ajralib chiqqan, ularga xilof qilgan va tajovuzkorlik qilgan odam jamoat oldidagi hurmati va e'tiborini yo‘qotadi. Uning holidan hech kim xabar olmaydi va u kishi haqida so‘ralmaydi.
2. “Qochib ketgan cho‘ri yoki qul”.
Xo‘jasiga itoatsizlik qilib, mashaqqatlarga sabr bardosh qilmasdan qochib ketgan cho‘ri yoki qulning ham hurmati va qadru-qiymati bo‘lmaydi. Bu holat avval bo‘lgan, hozir yo‘q.
3. “Eri dunyoning nafaqasini ta'minlab qo‘yib, safarga (undan uzoqqa) ketganda ochilib-sochilib ko‘chada yurgan ayol”.
Erkak ish bilan safarga chiqayotib ayolning nafaqasini ta'minlab ketgan. Ayol esa eri yo‘qligida o‘ziga oro berib, ko‘cha-ko‘yda ochilib-sochilib yurib, erini unga bo‘lgan ishonchini poymol qildi. Bunday shaxsning ham jamoatchilik ichida hurmat-e'tibori bo‘lmaydi. Uning qadru qiymati qolmaydi. Shu sababli u ayol haqida ham ortidan so‘rab-surishtirilmaydi.
Ikkinchi qism: Yana uch kimsa borki, ularga ham nima bo‘lgani haqida so‘rab-surishtirilmaydi.
1. “Alloh bilan Uning ridosi bo‘lgan kibriyoni va izori bo‘lgan izzatni talashgan odam.”
“Kibriyo” va “izzat” sifatlari faqat Alloh taoloning o‘zigagina xos bo‘lib, bu sifatlar bandaga to‘g‘ri kelmas ekan. Shuning uchun, kim bu sifatlar bilan sifatlanishga urinsa, Alloh taolo bilan talashgan hisoblanadi. Shuning uchun “kibriyo” va “izzat” sifatlari bilan sifatlanishga uringan banda Alloh azza va jallaning azobiga duchor bo‘lar ekan.
Shu boisdan ham kibrli va izzattalab bo‘lgan odamning ham musulmonlar jamoasi ichida hurmat va e'tibori qolmas ekan. Undan ham hol-ahvol so‘ralmaydi va u haqida birovdan so‘rab-surishtirilmaydi.
2. “Allohning ishiga shak keltirgan odam”.
Allohning ishiga shak keltirish Allohning o‘ziga shak keltirish bilan barobar desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bu sifatga ega odam ham musulmonlar jamiyatida o‘z obro‘-etiborini yo‘qotadi. Ularning ichida uning qadr-qiymati qolmaydi. Uning haqida ham ortidan eslab, so‘ralmaydi.
3. “Allohning rahmatidan noumid bo‘lgan odam”.
Banda hech qachon Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lmasligi lozim. Noumid bo‘lish faqat shaytonga xosdir. Alloh taoloning rahmatidan faqat shaytongina noumiddir.
Alloh subhanahu va taolo Qur'oni karimda “Zumar” surasining 53-oyatida “Ey o‘z jonlariga isrof (jabr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, uning o‘zi o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zotdir”, – deb marhamat qilgan. Alloh taolo O‘zi bandalarini Allohning rahmatidan noumid bo‘lmaslikka buyurish biln birga rahmati kengligi va cheksiz ekanini bayon qilgan.
Shuning uchun banda har qancha osiy bo‘lsa ham, gunohkor bo‘lsa ham, yomon ishlarni ko‘p qilib qo‘ygan bo‘lsa ham, darhol tavba qilib, gunohlardan butunlay qaytib, boshqa takrorlamaydigan bo‘lishi va Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lmasligi kerak.
Chunki Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lgan odam musulmonlar jamiyatida o‘z obro‘-e'tiborini yo‘qotadi. Ularning ichida uning qadr-qiymati qolmaydi. Uning haqida ham ortidan eslab so‘ralmaydi.
Hadisdan olinadigan foydalar:
1. Musulmon kishi jamoadan ajrab imomiga osiy bo‘lmaslik kerakligi.
2. Cho‘ri yoki qul xojasidan qochib ketmaslik kerakligi.
3. Eri nafaqasini ta'minlab qo‘yib, safarga ketgan paytda ayol o‘ziga oro berib, ko‘cha-ko‘yda ochilib-sochilib yurib, erini unga bo‘lgan ishonchini poymol qilmaslik kerakligi.
4. Alloh azza va jallaning “kibriyo” va “izzat” sifatlari bilan sifatlanishga uringan banda Alloh azza va jallaning azobiga duchor bo‘lishi.
5. Banda hech qachon Allohning ishiga shak keltirmaslik kerakligi.
Banda hech qachon Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lmasligi.
Manba: "www.bukhari.uz"
Kiritilgan vaqti: 03/10/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2456
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:55