O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Uchrashuvlar, seminarlar, brifinglar

Viloyat vakilligida Imom Moturidiy ta'limotiga bag‘ishlangan tadbir va kitoblar taqdimoti o‘tkazildi

 
 

Joriy yil 3-5 mart kunlari Samarqandda buyuk mutakallim, kalom ilmining asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1150 yilligi munosabati bilan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi,  viloyat hokimligi, viloyatdagi Oliy ta'lim muassasalari hamkorligida Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ana shunday targ‘ibot tadbirining navbatdagisi Samarqand viloyat vakilligida tashkil etildi. Unda Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov, Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi rahbari Sh.Ziyodov, markaz ilmiy xodimlari hamda Samarqand viloyatidagi shahar va tuman bosh imom-xatiblari va Samarqand shahar hamda Samarqand tuman masjidlarining imom-xatiblari ishtirok etdi. Unda so‘zga chiqqan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Sh.Ziyodov, markaz ilmiy xodimi T.Evadullayev hamda viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulovlar dastlab yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy qadriyat, urf-odat va an'analarimizni tiklash, ulug‘ allomalar merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuqlar xususida gapirib o‘tdi. Shuningdek, Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy merosi, uning islom olamida tutgan o‘rni, mamlakatimizda ushbu merosni o‘rganish va tadqiq etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumotlar berdilar.

         Tadbir doirasida Markazning xalqaro hamkorlik aloqalari natijasida 2019 yilda Misr Arab respublikasidan keltirilgan alloma qalamiga mansub qator asarlar, Turkiyaning Marmara universiteti Ilohiyot fakultetidan 18 jildik “Ta'vilotul Qur'on” asarining turk tilidagi tarjimasi va  Markaz tomonidan “Jaholatga qarshi-ma'rifat” rukni ostida nashr etilgan “Samarqandlik allomalar”, “Alouddin al-Usmandiy as-Samarqandiy”, “Ibrohim Saffor Buxoriy”, “Imom Buxoriy majmuasi kitob-albomi”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni” nomli kitoblar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Tadbir so‘ngida Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar Samarqand viloyat vakilligi hamda masjidlarning kutubxonalari fondiga sovg‘a qilindi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 18/02/2020 17:32;   Ko‘rilganligi: 1402
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/seminars-briefings/viloyat-vakilligida-imom-moturidiy-talimotiga-bagishlangan-tadbir-va-kitoblar-taqdimoti-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 18:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing