O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Uchrashuvlar, seminarlar, brifinglar

Oltin silsilaning birinchi dovoni

 
 

Tarixiy va milliy qadriyatlarga boy yurtimizning Islom olamidagi yuksak o‘rni va nufuzi hech bir musulmonga sir emas. Ayniqsa, bu yurtdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning islom ta'limotlari, xususan, hadis ilmini shakllantirish va rivojlantirishdagi xizmatlari butun dunyoda tan olingan. Islom dini va madaniy-ma'naviy merosga e'tibor qaratilayotgan bugungi kunda O‘zbekiston zaminida o‘z dini va ma'naviy an'analariga mehr va sadoqat, tarixiy merosni asrab avaylash bo‘yicha ajoyib tajriba maktabi shakllanmoqda. Xabaringiz bor marhum ustoz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va tarjimonlar guruhi butun Islom olamida eng sahih hadis to‘plamlari deb e'tirof qilingan to‘qqiz mo‘tabar kitobdan iborat “Oltin silsila” rukni ostida ilmiy asosga ega, barcha shartlarga amal qilgan holda ulamolar hay'ati ijrosida izohli tarjima qilinishini yo‘lga qo‘yib, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy hazratlarining “Jome'us sahih” to‘plamiga bag‘ishlangan 8-juzdan iborat izohli tarjimaning 5 juzi “Hilol nashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan edi. Ushbu xayrli ishning davomi o‘laroq asarning izohli tarjimasiga bag‘ishlangan “Oltin silsila” kitobining 6-8-juzlari ham nashrdan chiqdi. 2019 yil 17 fevral kuni uning taqdimoti hadis ilmining sultoni, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy hazratlarining ravzalari yonida joylashgan jome masjidda bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda yurtimizning yetuk ulamolari, ustoz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning safdoshlari va shogirdlari, “Hilol nashr” nashriyoti rahbari Ismoilxon Muhammad Sodiq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kotibiyat mudiri Muhammad Ayyubxon Homidov, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili Zayniddin Eshonqulov, Samarqand “Hadis ilmi maktabi” rektori Olimxon Yusupov va ko‘plab kitob ixlosmandlari ishtirok etdi. Tadbir avvalida “Oltin silsila” kitobining ijodiy jamoasi tomonidan Imom Buxoriy hazratlari haqqiga ado etilgan Qur'oni karim tilovatining xatmi, Umra ziyorati, qurbonlikning savoblari duo qilinib, u kishining haqlariga bag‘ishlandi. Shu bilan birga “Jome'us sahih” hadislar to‘plami ham to‘liq mutolaa qilinib, unda keltirilgan oxirgi uch hadisi sharif shu tadbir qatnashchilari ishtirokida mutolaa qilinib, yakuniga yetkazildi. Ushbu xatmlar ortidan buyuk alloma va barcha o‘tgan aziz avliyolar, dinimiz, xalqimiz va yurtimiz taraqqiyotga xizmat qilib o‘tganlarning haqlariga duoi xayrlar qilindi.

Imom Buxoriyning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma'rifiy islom to‘g‘risidagi ta'limotini keng yoyish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hadis maktabini tashkil etilishi, tabarruk hadis to‘plamlarini o‘qib, amal qilish, yoshlar orasida keng targ‘ib qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Hadis kitoblarining biror vatanda va xalqda borligining o‘zi baraka, yaxshilik, tinchlik-omonlik, farovonlik va boshqa xayrli ishlarning sababchisidir. Bu borada mashhur muhaddis Ibn Daqiyq al-Iyd rahmatullohi alayhning quyidagi mashhur gaplarini keltirishimiz mumkin: “Mo‘g‘ul istilochilarining ilk mag‘lubiyati masjid va madrasalarda qilingan Buxoriy xatmlaridan so‘ng boshlangan” (Abdulaziz Dehlaviyning “Bo‘stonul muhaddisiyn” kitobi, 223-bet). Demak, Islom olami mo‘g‘ullarning istibdodi ostida qolganda ulug‘lar maslahatlashib, kushoyish maqsadida, baloni daf qilish niyatida Imom Buxoriyning “Sahih”larini o‘qib, xatm qilib turishni taklif qilganlar. Ixlos va yaxshi niyat ila bu muborak kitobni o‘qishni boshlab, uni xatm qilish bilan kushoyish keldi, yov yengila boshladi, musulmon yurtlari birin ketin dushman istibdodidan ozod bo‘ldi. Jamiyat va shaxs kamolotida iymon, e'tiqod masalasini oliy maqom asosida yo‘lga qo‘yish va tutib turishda hadis kitoblarining o‘rni juda muhimdir.

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar ushbu asarning o‘zbek tiliga izohli tarjima qilinishining ahamiyati, bu yo‘lda xizmat qilgan ulamolarimizning mehnatlari, muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan buyuk allomalarimiz, ularning ilmiy meroslarini o‘rganish bo‘yicha qaratayotgan e'tiborlari hamda O‘zbeksiton musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hamda barcha diniy soha xodimlarining xizmatlari e'tirof etildi. Tadbir so‘ngida “Oltin silsila” asari 6-8-juzlarining ilk nashri Imom Buxoriy nomi bilan ataladigan jome masjid va hadis ilmi maktabiga taqdim etildi. Ijodkorlar oldidagi galdagi vazifa ishonchli deb e'tirof etilgan to‘qqizta hadis to‘plamining ikkinchisi “Sahihi Muslim”ning tarjimasiga kirishishdir. Zero bu buyuk manbalarni tarjima qilib, xalqimizga taqdim etish faqat yaxshilikka, xayru barakaga sabab bo‘ladi, inshaalloh.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 19/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1593
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/seminars-briefings/oltin-silsilaning-birinchi-dovoni
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 17:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing