O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Uchrashuvlar, seminarlar, brifinglar

“Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi

 
 

Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning yalpi majlisi bugun, 4 mart kuni o‘z ishini davom ettirdi. Unda Konferensiya ishtirokchilari tomonidan olg‘a surilgan takliflar bo‘yicha shakllantirilgan tavsiyalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Konferensiyada O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida buyuk allomalarimizning diniy-ma'naviy merosini o‘rganish hamda targ‘ib etishga ixtisoslashgan ilmiy tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, ularning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi va ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rnini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlarini sog‘lom anglash va ularga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro miqyosdagi hamkorlik va muloqotlarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining ta'sis etilgani ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta'lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, jumladan, Toshkentda – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda – Mir Arab oliy madrasasi hamda Bahouddin Naqshband markazi qoshidagi Tasavvufshunoslik maktabi,  Samarqandda – Imom Buxoriy yodgorlik majmuidagi Hadisshunoslik maktabi hamda Imom Moturidiy markazi qoshidagi Kalom ilmi maktabi, Farg‘onada – Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy markazidagi Islom huquqi maktabi, Qashqadaryoda – Abul Muin Nasafiy markazi qoshidadagi Aqida ilmi maktabining tashkil etilgani xorijlik mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi.

Konferensiyada Imom Moturidiy merosining bugungi mutaassib oqimlarga qarshi kurashdagi o‘rni va ahamiyati borasidagi ma'ruzalar tinglandi. Shuningdek, ekstremizm va terrorizm keltirib chiqarayotgan oqibatlar, ularga qarshi kurash bo‘yicha  xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari hamda Imom Moturidiy va Abul Muin Nasafiy kabi allomalar ilmiy merosi asosida buzg‘unchi g‘oyalarga raddiyalar tayyorlash va keng jamoatchilikka yetkazish masalalari muhokama qilinib, quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi:

Imom Moturidiy xizmatlarining e'tirofi hamda bugungi va kelajak avlodlarga ibrat ramzi sifatida uning Samarqand shahridagi maqbarasi hududida milliy me'morchilik an'analariga asoslangan yodgorlik majmuasini barpo etish;

Xorijiy fondlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiya kalom maktabi allomalari qalamiga mansub asarlarning elektron nusxalarini jamlash, saqlash va kelgusi avlodga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish;

Imom Moturidiyning  ma'naviyat kamolotidagi o‘rnini munosib baholagan holda,  alloma asarlarining izohli nashrlarini amalga oshirish, uning hayoti, faoliyati va ma'naviy merosi tarbiyaviy ahamiyatiga bag‘ishlangan turkum risola va monografiyalarni yaratish;

Moturidiya ta'limotidagi aql, tafakkur va ilm masalasiga bo‘lgan yondashuvlarning  “Kitob at-tavhid”, “Ta'vilot ahl as-sunna” va “Tabsirat al-adilla” kabi asarlar asosidagi keng jamoatchilikka mo‘ljallangan ommabop sharhlarini yaratish;

“Islom – odamiylik va ma'rifatparvarlik dini” konsepsiyasi asosida moturidiya ta'limoti kontekstidagi ontologik tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish;

Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy va moturidiya ta'limotining boshqa vakillari qalamiga mansub asarlarning qadimiy qo‘lyozmalari asosidagi tanqidiy nashrlarini amalga oshirish hamda ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish.

Bayon etilgan vazifalarni yuksak saviyada amalga oshirish moturidiyshunos olimlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishni taqozo etadi. Buning uchun ularning muayyan davriylik asosidagi “Moturidiylik ta'limoti va hozirgi zamon” mavzusidagi ilmiy-amaliy muloqotlarini yo‘lga qo‘yish, jumladan, onlayn-konferensiyalar va seminarlar o‘tkazib turish zarur.

Shu bilan ilmiy konferensiya o‘z ishini yakunladi. Endi kunning qolgan qismida ishtirokchilar Samarqand viloyatidagi tarixiy obida va ziyoratgohlar, Imom Moturidiy va Imom Buxoriy yodgorlik majmualari, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabiga tashrif qiladilar.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi axborat xizmati


Kiritilgan vaqti: 04/03/2020 12:14;   Ko‘rilganligi: 2314
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/seminars-briefings/imom-abu-mansur-moturidiy-va-moturidiya-talimoti-otmish-va-bugun-mavzusidagi-xalqaro-konferentsiya-boyicha-tavsiyalar-qabul-qilindi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 18:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing