O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ziyorat turizmi imkoniyatlari turk jurnalistlarini hayratlantirdi

 
 

2017 yil 30 dekabr kuni Samarqand shahrida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan turkiyalik va mahalliy jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimizdagi hamda 28-30 noyabr kunlari yurtimizda mehmon bo‘lgan Turkiya respublikasidagi ommaviy axborot vositalari vakillari, Samarqanddagi sayyohlik firmalari va mehmonxonalar rahbarlari, shuningdek O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili Z.Eshonqulov ishtirok etdi.

Yig‘inda mamlakatimizning turistik salohiyati, soha ishini xalqaro talablar darajasida takomillashtirish va rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Keyingi bir yil davomida amalga oshirilgan izchil islohotlar, qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar va soha subyektlari uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar respublikamizning xalqaro miqyosda sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Raqamlarga murojaat qilinib, joriy yilning 10 oyi davomida yurtimizdan Turkiyaga 180 ming nafar kishi sayohat maqsadida borgan bo‘lsa, Turkiyadan O‘zbekistonga 20 ming nafar sayyoh tashrif buyurgani ma’lum qilindi va turzm bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda turuvchi Turkiya davlati bilan tajriba almashish yaxshi natijalar berishi ta’kidlandi.

Matbuot anjumanida mehmonlar yurtimizga sayohat taassurotlarga boy bo‘lganini ta’kidlab, buning uchun O‘zbekiston va Turkiya respublikalari rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Ikki mamlakatning sayyohlik borasida hali foydalanilmagan imkoniyatlar juda ko‘pligi va buni targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalari faol ish olib borishi zarurligi qayd etildi.

Fikr-mulohazalarga boy bo‘lgan anjuman davomida so‘z olgan Z.Eshonqulov yurtimizda ziyorat turzmi imkoniyatlari haqida so‘zlab, dunyoga ustoz bo‘lgan bobolarimiz, ularning boy merosi yurtimizda kundan kunga qadr topib borayotganini ta’kidladi. Xususan, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy va Xo‘ja Ahrori Vali hazratlari to‘g‘risida to‘xtalib, turk jurnalistlarini vatanlaridagi tasavvuf ahlini ushbu zotlar qabrining ziyoratiga targ‘ib etishga chaqirdi.

O‘z navbatida ushbu chorlov Turkiya ommaviy axborot vositalari vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi va safarlari davomida o‘zlari guvoh bo‘lgan O‘zbekistonning ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha keng imkoniyatga egaligidan hayratga tushganlarini istisno etmadilar.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 02/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 989
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/ziyorat-turizmi-imkoniyatlari-turk-jurnalistlarini--hayratlantirdi-
Chop etilgan vaqti: 18/11/2019 06:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing