O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yangi masjidda ilk Juma namozi ado etildi

 
 

Bugun, 18 sentyabr kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov juma namozini ado etish uchun Samarqand shahrida joylashgan, kuni kecha ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi guvohnomaga ega bo‘lgan  “Yangiobod” jome masjidiga tashrif buyurdilar. Ushbu yangidan ochilgan ko‘rkam jome'da muborak kun ibodatini ado etish uchun belgilangan karantin qoidalariga rioya qilgan holda viloyatimizning turli hududlaridan 500 ga yaqin namozxonlar jam bo‘ldilar. Jumladan, Urgut tumani bosh imom-xatibi Sh.Haqberdiyev, faxriy imom, ustozimiz Mahmudjon domla Ibodullayev hamda VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand filiali rahbari A.Sultonovlar ham ushbu yangi masjidda ilk Juma namozini ado etish uchun tashrif buyurdilar.

Zayniddin domla Eshonqulov juma mav'izasida bugungi kunda mo‘min-musulmonlarga muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida juda katta imkoniyatlar berilayotgani haqida gapirib, yurtimizda yangi masjid-madrasalarni qurish, mavjudlarini zamonaviy ko‘rinishda qayta ta'mirlash ishlari jadal davom etayotganini so‘zlab berdilar.

Respublikamizning har bir hududidagi mana shunday jome'larda namozxonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, musulmonlar dilini xushnud etish kabi xayrli ishlarning davom etishi yurtimizda din sohasiga berilgan juda katta e'tibor nishonasi albatta.

Mav'izada Zayniddin domla Eshonqulov namozxonlarga bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan muborak dinimiz taraqqiyoti yo‘lidagi shunday xayrli ishlar va bunday ne'matlar uchun har bir kishi Parvardigorga shukrona qilishi lozimligini aytib o‘tdi.

Juma namozi so‘ngida ushbu masjid to qiyomatgacha mo‘min-musulmonlarga xizmat qilishini Allohdan so‘rab, yurtimizda amalga oshirilayotgan Allohning uyini obod qilishdek xayrli ishlarda ishtirok etayotganlar haqlariga xayrli duolar qilindi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 18/09/2020 15:57;   Ko‘rilganligi: 1131
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/yangi-masjidda-ilk-juma-namozi-ado-etildi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 23:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing