O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

XOTIRA VA QADRLASH KUNI NISHONLANDI

 
 

Umumxalq bayrami 9 may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Samarqandda ikkinchi jahon urushi, mehnat fronti qatnashchilari, mehnat faxriylari, diniy sohada uzoq yillar xizmat qilganlar hamda vakillik xodimlari, imom-xatiblar ishtirokida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Bevosita O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ziyofat tadbiri Samarqand shahrining eng diqqatga sazovor maskani Go‘ri Amir maqbarasi hamda “Ruhobod” maqbarasi va masjidi o‘rtasidagi maysazorda, go‘zal tabiat qo‘ynida bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, viloyat bosh imom xatibi Nuriddinxon domla Islamov yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklar ekan, xotira kunining ahamiyati, bugungidek dorulomon damlar orzusida o‘tgan bobolar, tinchlikning shukronasi borasida so‘zlab, yurtimiz bo‘ylab bayram kunlari tinch-osoyishta o‘tishini tiladi.

Shundan so‘ng, ziyofatning asosiy qismi boshlandi. Mehmonlar to‘kin dasturxon atrofida o‘tmish kunlarni xotirlab, bugungi tinchlik damlarning fayzli go‘shalarida o‘zaro maroqli suhbatga berildilar. Hofizlarning dilbar taronasi ham bayram ko‘rkiga ko‘rk qo‘shardi.

Esda qolarli tadbir so‘ngida duoga qo‘l ochilib, kundan-kunga gullab-yashnayotgan ona vatanimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilishi, xalqimiz iqboli baland, o‘tganlar ruhi shod bo‘lishini tilab duoi xayrlar qilindi.

Ketish oldidan esa memhonlarga vakillikning esdalik sovg‘alari ulashildi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 05/05/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2817
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/xotira-va-qadrlash-kuni-nishonlandi
Chop etilgan vaqti: 11/12/2019 16:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing