O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

XOTIRA MUQADDAS, UMR G‘ANIMAT

 
 

Xotira. Ushbu birgina so‘z o‘zida olam-olam ma’nolarni mujassam etadi. Yuzidagi ajinlar o‘tmishning zalvorli yukidan hikoya qiluvchi, turmushning ming bir chig‘iridan o‘tgan nuroniylar holidan xabar olar ekanmiz, umrning g‘animat ekani, inson qadri uning qilgan mehnati, xayrli ishlariga qarab belgilanishini yana bir bor zehnimizda ta’kidlab oldik.

“9-may Xotir va qadrlash kuni” yaqinlashib kelayotgani munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi va viloyat imom xatiblari tomonidan qator xayriya ishlari amalga oshirildi.

Viloyatda hozirda ikkinchi jahon urishi qatnashchilaridan 72 nafari umrguzaronlik qilmoqda. Shu kecha kunduzda imom xatiblarimiz mazkur otaxonlar holidan xabar olib, sovg‘a-salomlar ila dillarini xushnud etdilar. Umrni qadrlash, tinchlikni avaylab asrash to‘g‘risidagi nasihatlariga quloq tutib, duolarini oldilar.

1 may kuni esa Samarqand shahridagi Namozgoh jome masjidida yaqinlashib kelayotgan bayram munosabati bilan katta tadbir o‘tkazildi. Tadbirda viloyat vakilligi, shahar va tuman bosh imom xatiblari, sohada ko‘p yillar xizmat qilganlar, faxriy imomlar, mehnat faxriylari ishtirok etdilar.

Viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, mehmonlarga tashrif uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Xotira qadri haqida so‘zlab, o‘tganlarning elu-yurt uchun qilgan fidokorona mehnatini yodga olish, uni munosib qadrlash har bir fuqaroning burchi ekanini ta’kidladi. Bugungi kunda urush qantashchilariga Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir mehmonlaridan ustoz domlalar bugunlik kun qadriga yetish, uni asrab-avaylash to‘g‘risida gapirib, ushbu dorulomon damlar ne-ne mashaqqatlar mahsuli ekanini hech qachon yoddan chiqarmaslikka chorladilar.

Tadbir so‘ngida mehmonlarga vakillikning esdalik sovg‘alari ulashildi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 01/05/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1668
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/xotira-muqaddas-umr-ganimat
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 15:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing