O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Xalqsevar-muruvvatli insonlar

 
 

Insoniyatni johiliyat zalolatidan Islom nuri sari yuzlanishga sabab bo‘lgan ulug‘ zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytganlar: "Quyosh balqigan har bir kunda ikki kishi o‘rtasini adolat bilan isloh etishing ehsondir.

Bir kishini uloviga minishida yordam berishing va yukini uloviga ko‘tarib yuklab berishing ehsondir. Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytishing - ehsondir. Namoz sari bosgan har bir qadaming barobarida sen uchun ehson bor, odamlarga aziyat beradigan narsani yo‘ldan bartaraf etishing ham senga ehsondir".

Bugun mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, xonadonimizdagi osoyishtalik, dasturxonimizdagi to‘kinchilik Yaratganning biz bandalariga ko‘rsatayotgan cheksiz rahmati, yurtdoshlarimizning ezgu ishlari samarasi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Islom hidoyatida tarbiya ko‘rgan va uning sof va pok buloqlaridan bahra olib ulg‘aygan musulmon kishisi o‘zi yashab turgan jamiyatdagi barcha insonlarga naf keltirishga, ulardan zararni daf qilishga sayu-harakat qiladi. Chunki, u haqiqat, yaxshilik, fazilat kabi odob-axloq asosida tarbiya olgan.

Zotan, har bir kunini, yoinki har bir soniyasini o‘zgalar korini oson qilishga, o‘ksiklarning ko‘nglini ko‘tarishga baxshida etadigan insonlar chinakam fidoyilardir. Insonlar xizmatida bo‘lish, ularga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish va xojatlarini ravon qilishda doimo sa'y-harakatda bo‘lish - ulkan saodat.

Insonlarga yaxshilik qilish - uni ikki dunyo saodatiga olib kelishini yaxshi anglaydi.

Alloh taolo xitob qilib aytdi:

"Ey, imon keltirganlar! Ruku' qilingiz, sajda qilingiz va Rabbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz - shoyadki, najot topsangiz!".

Musulmon kishi ushbu oyati karima mazmunidan kelib chiqib o‘zgalarga yaxshilik qilishga astoydil harakat qiladi. Chunki, u yaxshilik yo‘lida qo‘yilgan har-bir qadam uchun Allohdan ulug‘ ajrlar bo‘lishiga qat'iy ishonadi.

Alloh taolo O‘z kalomida sizu biz, ya'ni bandalariga qarata xitob qiladi: "Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling.

Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang ("Moida" surasi, 2-oyat).

Insonlarni doimo yaxshi ishga dalolat qilmoq katta-yu kichik, yosh va keksalarning burchidir. Ayniqsa, yoshi ulug‘ kishilarimiz yoshlarga qilayotgan pandu nasihatlarini tinglab, amalda qo‘llab borsak, aslo adashmaymiz, hayotimiz yanada go‘zal hamda farovon bo‘ladi.

Alhamdulillah, yaxshi insonlar ham oramizda ko‘plab topiladi. Misol uchun hozirgi vaziyatda tibbiy niqob, sanitariya anjomlari, oziq-ovqat mahsulotlarini bepul tarqatayotgan kishilar haqidagi xabarlarga ham duch kelib turibmiz. Yana bir misol, bugun Samarqand shahridagi “Panjob” jome masjidi imom xatibi B.Rizayev va xodimlari  ehsonparvar kishilar ko‘magi bilan 16 000 000 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini masjid atrofidagi 10 ta mahallada istiqomat qiluvchi beva-bechora, muhtoj va kam ta'minlangan oilalardan 150 ta xonadonga ehson qildilar.

Ha, azizalar. Yaxshilikning mukofoti, faqat yaxshilikdir. Kim qancha xayrli ishga qo‘l ursa, dunyo va oxiratda albatta o‘z mukofotiga sazovar bo‘ladi, inshaalloh.

 

 

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi axborot xizmati


Kiritilgan vaqti: 28/03/2020 16:01;   Ko‘rilganligi: 1172
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/xalqsevar-muruvvatli-insonlar
Chop etilgan vaqti: 16/04/2024 18:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing