O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Uch nafar fransiyalik Samarqandning faxriy fuqarosi bo‘ldi

 
 

Parijda bir qancha fransiyaliklarga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvonlari topshirildi.

O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasida 8 oktyabr kuni Fransiyadagi «Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganish assotsiatsiyasi» prezidenti, tarixchi olima Fredrik Bopertyus-Bressan xonim, Markaziy Osiyo tarixi jonkuyari, arxeolog olim Frans Grens, taniqli fransuz yozuvchisi Amin Maalufga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

O‘zbekistonning Fransiyadagi favqulodda va muxtor elchisi S.Rustambekov, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev va boshqalar O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishda, jumladan, ilm-fan, madaniy-gumanitar sohalarda ham izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladi. Bunda mamlakatimiz tarixi, xususan, Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatini o‘rganish borasidagi ishlar muhim ahamiyat kasb etayotgani, mazkur aloqalar davlatimiz rahbarining Fransiyaga rasmiy tashrifidan so‘ng yanada mustahkamlanishi qayd etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev fransiyalik jamoat arboblariga faxriy unvonlarni tantanali ravishda topshirdi.

«Samarqandning faxriy fuqarosi bo‘lish men uchun sharaf. Bu shaharga bejiz ro‘yi zamin sayqali, degan ta’rif berilmagan, — dedi Fredrik Bopertyus-Bressan xonim. — Bunday yuksak e’tibor meni madaniy hamkorligimiz rivoji yo‘lida yanada sidqidildan xizmat qilishga undaydi».

Tadbirda mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar rivojida olimlar olib borayotgan tarixiy merosni o‘rganish bilan bog‘liq tadqiqotlar muhim o‘rin tutishi alohida qayd etildi.

Manba: “gazeta.uz”


Kiritilgan vaqti: 08/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 773
 
Material manzili: http://www.sammuslim.uz/oz/press/news/uch-nafar-frantsiyalik-samarqandning-faxriy-fuqarosi-boldi
Chop etilgan vaqti: 24/09/2020 17:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing