O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

TUMAN MASJIDLARIGA TASHRIF

 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tomonidan eng aziz va eng ulug‘ bayram yurtimiz mustaqilligining 25 yilligini munosib nishonlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan viloyatning chekka tumanlari va chegaraoldi hududlarida joylashgan masjidlarga juma namozini ado etish va o‘sha atrofdagi mahallalarda istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, nogironlar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish maqsadida malakali imomlar safarbar etildi.

26 avgust juma kuni Pastdarg‘om tumanidagi “Nurul Islom” jome masjidiga viloyat bosh imom xatibi o‘rinbosari Z.Eshonqulov, chekka hududlardan Nurobod tumanidagi “Parda Oxun” jome masjidiga Samarqand tuman bosh imom xatibi B.Sharipov, Narpay tumanidagi “Ko‘kota” jome masjidiga Samarqand tuman “Arabxona” jome masjidi imom xatibi R.Azizov tashrif buyurdilar.

Voizlar juma namozida tezis asosida ma’ruza qilar ekanlar, istiqlol qadri va ahamiyati, yurt tinchligini avaylab-asrash, doimo hushyor turish, ayniqsa bugungi tahlikali zamonda hushyorlikni yanada oshirish borasida fikr-mulohazalar bildirib o‘tdilar. Bayram munosabati bilan masjidlar, qabristonlarni obod etish, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlar holidan xabar olish fazilati haqida ham batafsil to‘xtaldilar.

Namoz ado etilgach, imom domlalarimiz masjid atrofida istiqomat qiluvchi keksa otaxonlar, urush qatnashchilari, mehnat faxriylari holidan xabar olib, ularga bayram sovg‘alari ulashdilar.

O‘MI Samarqand viloyat vakiligi


Kiritilgan vaqti: 26/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2526
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/press/news/tuman-masjidlariga-tashrif
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 18:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing